Akademik litseylarga qabul bugun yakunlanadi

2026/2027-o‘quv yili uchun akademik litseylarga hujjat topshirish jarayoni bugun, 10-iyul kuni o‘z nihoyasiga yetadi. Hali ro‘yxatdan o‘tishga ulgurmagan talabgorlar bugun ham, kun yakuniga qadar my.edu.uz portali orqali onlayn ariza yuborishlari mumkin.
Qanday hujjatlar talab etiladi?
Tizimga ID karta (yoki tug‘ilganlik guvohnomasi) ma’lumotlari kiritiladi hamda quyidagilar yuklanadi:
- 3,5×4,5 sm o‘lchamdagi 1 ta rangli rasm;
- Imtiyoz beruvchi hujjatlar (agar mavjud bo‘lsa, masalan, olimpiada diplomi, til yoki fan sertifikatlari)
Boshqa barcha shaxsiy va maktabga oid ma’lumotlar davlat bazalaridan avtomatik tarzda tortib olinadi.
Muhim qoidalar:
- Talabgorlar ta’lim tili bir xil bo‘lgan 3 tagacha litseyni tanlashi mumkin.
- Imtihon topshiriladigan chet tili ham ariza yuborish vaqtida belgilanadi.
Test sinovlari formati:
Imtihonda jami 60 ta test beriladi:
- 20 ta – IQ (intellektual qobiliyatni aniqlash bo‘yicha);
- 40 ta – yo‘nalishga mos ikkita mutaxassislik fanidan.
Joriy yilda respublikadagi 69 ta litseyga jami 14 898 ta kvota ajratilgan. Shu kungacha esa qabul qilingan arizalar soni 47 mingdan oshdi.