08:50, Yanvar 27, 2026
/
298

Afg‘oniston va Turkmanistondan ancha orqadamiz: ta’limga oid yangi reyting e’lon qilindi

Dunyo mamlakatlarida ingliz tilini bilish darajasini baholovchi eng yirik reyting – EF English Proficiency Index 2025 yilgi hisobotini e’lon qildi. Xo‘sh, O‘zbekiston nechanchi o‘rinda deb o‘ylaysiz?

2025-yil uchun reytingda O‘zbekiston 123 ta mamlakat orasida 104-o‘rinda qayd etgan.

Bu o‘tgan yillardagidan pastroq: 2024-yilda mamlakatimiz 114 ta mamlakat orasida 98-o‘rinda, 2023 yilda esa 113 ta mamlakat orasida 93-o‘rinda edi. O‘z navbatida, o‘zbekistonliklarning ingliz tilini bilish borasidagi o‘rtacha reyting balli ham 439 dan 429 gacha pasaygan (maksimal ball – 700). Bu – CEFR shkalasi bo‘yicha B1 darajaga teng.

Mamlakatda ingliz tilini bilish darajasi hududlar kesimida sezilarli darajada farq qiladi. Bu borada 470 ball bilan Farg‘ona viloyati birinchi o‘rinda boryapti. Andijon viloyati 453 ball bilan ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. Toshkent viloyati – uchinchi o‘rinda. Yuqori beshlikdan Buxoro (436) va Surxondaryo (431) viloyatlari ham joy olgan. Eng past ko‘rsatkich Qashqadaryo (412 ball), Sirdaryo (409) va Jizzax (395) viloyatlarida qayd etilgan.

Yana bir jihat: eng past ko‘rsatkichlarni 18-20 yoshlilar guruhi qayd etgan bo‘lsa, 30-40 yosh va 40 yoshdan katta bo‘lgan test topshiruvchilarning natijasi yaxshilangan.

2025-yilgi reyting dunyo bo‘yicha ingliz tilini ikkinchi yoki xorijiy til sifatida o‘rgangan 2,2 million kishining imtihon natijalari asosida tuzilgan. Natijalarga ko‘ra, Niderlandiya ketma-ket yettinchi marta birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Xorvatiyaliklar ikkinchi, avstriyaliklar uchinchi o‘rinni egallagan.

Qo‘shni mamlakatlardan Turkmaniston 91-o‘rinda, Afg‘oniston 96-o‘rinda, Qirg‘iziston 101-o‘rinda, Qozog‘iston 107-o‘rinda va Tojikiston 110-o‘rinda qayd etilgan.

Ma’lumot o‘rnida, reyting muallifi EF Education First – 1965 yilda Shvetsiyada asos solingan kompaniya. EF – o‘rta, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’limda xorijiy tillarga o‘qitishning akademik dasturlarini ishlab chiqish va ta’lim turizmi bilan shug‘ullanadi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari