14:16, Sentabr 23, 2026
/
3,9 тыс

Andijonda salkam universitet darajasidagi texnikum faoliyat yuritmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” sanoat zonasi hududida joylashgan “Andijon-Huanya” xalqaro texnikumi faoliyati bilan tanishdi.

Texnikum sanoat zonasidagi to‘qimachilik, mashinasozlik, elektrotexnika va boshqa yuqori texnologiyali korxonalar uchun talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlaydi.

Texnikum haqida asosiy ma’lumotlar quyidagicha:

  • loyiha qiymati – 15 mln dollar;
  • loyiha to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilgan;
  • 150 ta yangi ish o‘rni yaratilgan;
  • texnikum 4 gektar maydonda joylashgan;
  • o‘quv binosi 5 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan;
  • muassasada dual ta’lim tizimi joriy etilgan;
  • hozirda 210 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.

Dual ta’limda o‘quvchilar nazariy bilimlarni texnikumda olib, amaliyotni sanoat zonasidagi yirik korxonalarda o‘taydi. Bu ularga o‘qish davomida real ishlab chiqarish jarayoni, zamonaviy uskunalar va texnologiyalar bilan tanishish imkonini beradi.

Texnikum 2026-yil iyun oyida ishga tushirilgan. Keyingi bosqichda bu yerda yotoqxona, laboratoriya binosi, sport maydonchasi, oshxona va yashil hudud barpo etilishi rejalashtirilgan.

2030-yilgacha esa yillik qabulni 1 800 nafarga yetkazish, jami o‘quvchilar sonini 4 ming nafarga oshirish, ta’lim yo‘nalishlarini 20 tagacha ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Dilnoza Zaripova

Fikrlar (0)
Avval yangilari