11:46, Iyun 16, 2025
/
142

Quyoshda turgan ichimliklar iste’moli sog‘liq uchun zarar!

Yoz mavsumi boshlanishi bilan sovuq suv va chanqoqbosdi ichimliklarga bo‘lgan talab ikki xissa ortadi. Ko‘pchilik talabalar yo‘l chekkasida sotilayotgan har xil rangli suvlar, mors va sutdan tayyorlanuvchi (kefir, qatiq, go‘ja) ichimliklarni sotib olishadi. Qarabsizki, issiqda turgan bunday mahsulotlar tana a’zolari uchun jiddiy zarar yetkazadi.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, issiq kunlarda muzdek suv va quyoshda turgan ichimliklar ichish inson salomatligi uchun xavfli bo‘lib, turli kasalliklarga olib keladi.

Ko‘pchilikning fikricha, issiq havoda muzdek suv hamda ichimliklar ichish chanqoqni qondirib, organizmni tez sovutadi. Biroq bu noto‘g‘ri, chunki jazirama payti tana o‘zini tabiiy sovutishi natijasida ko‘p terlaydi. Sovuq suv ichganda esa organizm uni isitishga majbur bo‘lib, ikki hissa ko‘p energiya sarflaydi. Oqibatda tana sovish o‘rniga yanada qiziydi. Bu esa organizm uchun stressni keltirib chiqaradi. Qolaversa, jazirama kunlari muzdek suv ichish ko‘plab kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Birinchi galda sovuq ichimlik ovqat hazm qilish tizimiga salbiy ta’sir etadi.

Ma’lum bo‘lishicha, past haroratli suv iste’mol qilish qon tomirlarini toraytirib, spazm hosil qiladi va organizmda ovqatning qayta ishlash jarayonlarini sekinlashtiradi. Ayniqsa, sovuq suv yog‘li taomlar bilan birga ichilganda yog‘ning organizmga so‘rilishi qiyinlashadi. Bu esa salomatlik uchun anchagina xavf tug‘diradi.

Tabobatda, quyoshda qolgan suvni iste’mol qilishning 2 ta xavfli tomoni bor:

  1. Saraton kasalligini rivojlantirish xavfli tarafi bor;
  2. Suv haroratining ko‘tarilishi undagi ichak tayoqchalarini ko‘payishiga, bu esa ichak infeksiyalari rivojlanishiga olib keladi.

Qadrli talabalar! Issiq kunlarda ochiq havoda sotilayotgan ichimliklarni ichmang. Iloji boricha o‘zingizga qulay bo‘lgan do‘kon va savdo rastalarida o‘rta iliqlikda saqlanuvchi ichimliklarni xarid qilishingizni tavsiya qilamiz! Zero, sizning sog‘ligingiz nafaqat yaqinlaringiz balki butun jamiyatimiz uchun muhimdir!    

Fikrlar (0)
Avval yangilari