11:05, Iyul 8, 2025
/
486

Imtihon oldi stressni yengish uchun top 7 maslahat

Bakalavr imtihonlari yaqinlashgani sayin ko‘pchilik abituriyentlar uchun stress, xavotir va bosim kuchayadi. Bu holat tabiiy. Ammo u vaqtida nazorat qilinmasa, yaxshigina muammolarga olib kelishi mumkin. Quyida abituriyentlar uchun eng foydali 7 ta maslahatni taqdim qilamiz.

 1. “Hozir o‘xshamasa hammasi tugaydi” degan fikrni hayolingizdan chiqarib tashlang.

Eng katta xatolik — imtihon natijasini hayot-mamot masalasidek qabul qilish. Bu bosimni ikki hissa kuchaytiradi. Aslida imtihon hayotdagi tanlovlardan biri, xolos. Boshqa yo‘llar, boshqa imkoniyatlar doim bo‘ladi. Bu fikr sizni bosimdan biroz bo‘shatadi.

Esda tuting: sizning darajangiz testdagi ball bilan o‘lchanmaydi.

2. Reja bilan harakat qiling!

Imtihon uchun qancha ko‘p tayyorgarlik ko‘rsangiz, shuncha kam xavotirlanasiz. Ammo bu kunu-tun o‘qish degani emas. To‘g‘ri tayyorgarlik “reja bilan o‘qish”. O`zingiz uchun haftalik dars jadvali tuzing, har kuni qancha vaqt o‘qishingizni aniq belgilab oling, oraliqda dam olishni ham unutmang. Reja bilan ish qilish xavotirni kamaytiradi.

3. Telefon va gadjetlardan uzoqlashing

Bu sizga stress va doimiy chalg‘ishni olib keladi. Ayniqsa, Instagram va Telegram kabi platformalarda soatlab vaqt o`tkazish, faqatgina e’tibor va kuchingizni “yeb qo‘yadi”.

4. Nafas mashqlarini bajaring

Stress kelganda eng oddiy va samarali usul, chuqur nafas olish. Burningiz bilan 4 soniya nafas oling, 4 soniya nafasni ushlab turing, og‘zingizdan 4 soniyada chiqaring va 4 soniya kuting. Bu 1–2 daqiqalik mashqni kuniga 3–4 marta bajarsangiz miya faoliyatingiz tinchlanadi.

5. Uyquga e’tibor bering

Kam uxlash test paytida ko‘proq xatoga olib keladi. Chunki uyqu miyani tiklaydi va eslab qolish qobiliyatini kuchaytiradi. Har kuni 7–8 soat uxlang. Uyqudan 30 daqiqa oldin telefonni uzoqroqqa, koʻzingiz tushmaydigan joyga olib qo‘ying. Soat 18:00 dan keyin kofeinli ichimlik ichmang.

 6. O‘zingizga bosim emas, rag‘bat bering

“Eng zori bolishim kerak!”, “Agar o‘tmasam, hammasi tugaydi!” kabi gaplar miyani bloklaydi. Buning o‘rniga “Qo‘limdan kelganini qilaman”, “Men bunga tayyorman” degan sozlarni ozingizga ayting. Pozitiv fikrlash ozingizga bolgan ishonchni oshiradi.

7. Oqish va dam olish orasidagi chegarani biling

Hech kim 24 soat oqiy olmaydi. 40–50 daqiqa o‘qib, 10 daqiqa tanaffus qiling. Bu usul “Pomidor metodi” deb ataladi. U kuchingizni tejaydi va charchoqni kamaytiradi.

Abiturient do‘stim, imtihon hayotdagi eng katta sinov emas. Ammo unga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish, sog‘lom ruhiy holatda bo‘lish kerak.

O‘zingizga ishoning, reja bilan harakat qiling, dam olishni unutmang. Va eng asosiysi — bu faqat boshlanishi, hayot hali oldinda ekanligini yodda tuting!

Fikrlar (0)
Avval yangilari