11:00, Iyul 9, 2025
/
247

Dunyodagi eng keksa talabalar 3 ligi

Yosh faqatgina raqam ekani, ta’lim olishga esa hech qachon kech bo‘lmasligini isbot qilgan insonlar bor. Ular nafaqat o‘z orzularini amalga oshirishdi, balki millionlab odamlar uchun ilhom manbaiga aylandi. Quyida shunday shaxslarning hayoti haqida hikoya qilamiz.

Kimani Maruge.

Keniyalik Kimani Maruge 2004-yil 12-yanvar kuni Kapkenduiyvo boshlang‘ich maktabiga kirganida, 84 yoshda edi. U Ginnesning rekordlar kitobiga “boshlang‘ich maktabni eng kech boshlagan odam” sifatida kiritilgan. Maruge o‘zining bu qarorini shunday izohlagan: “Bepul ta’lim – bu mening huquqim. Men mustaqillik uchun kurashganman, endi bilim olishni istayman”. 2005-yilda u Birlashgan Millatlar Tashkiloti sammitida nutq so‘zlab, butun dunyoga ta’limning har kim uchun ochiq bo‘lishi kerakligini eslatdi. Shuningdek, uning hayoti asosida suratga olingan “The First Grader” (Birinchi sinf o‘quvchisi) filmi xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. Maruge 2009-yil 14-avgust kuni 89 yoshida vafot etdi, ammo uning sabr-toqat va bilimga chanqoqligi hanuz eslanadi.

Priscilla Sitienei

Yana bir keniyalik, Priscilla ham bilim sari yo‘lini keksalikda boshlaganlardan. U 2010-yilda, taxminan 90 yoshida maktabga qatnashni boshlagan. Sitienei ilgari ko‘p yillar davomida akusher bo‘lib ishlagan va tug‘ruqda yuzlab ayollarga yordam bergan. Ammo bir kun kelib u maktabga borishga qaror qildi, sababini esa shunday izohlagan: “Agar yoshlar mendan uyalsa, ular ham o‘qishga intiladilar.” U “Leaders Vision Preparatory School”da kichik yoshli o‘quvchilar bilan birga o‘qidi. Matematikaga qiziqishi baland bo‘lgan Priscilla 2022-yil noyabr oyida, 99 yoshida olamdan o‘tdi. U dunyodagi eng keksa boshlang‘ich maktab o‘quvchisi sifatida tanilgan edi. Sitieneining hayoti asosida suratga olingan “Gogo” nomli hujjatli film Fransiya va boshqa davlatlarda namoyish etilgan.

Mary Walker

116 yoshida savodli bo‘lgan amerikalik ayol. Mary Hardway Walker hayoti AQSh tarixidagi eng ilhomlantiruvchi hikoyalardan biridir. 1848-yilda qullikda tug‘ilgan Walker, 15 yoshida ozod qilingan. Ammo u umrining katta qismini savodsiz o‘tkazgan. Nihoyat, 1963-yilda, 116 yoshida u o‘qishni o‘rgandi. O‘sha vaqtda AQSh Sog‘liqni saqlash, ta’lim va farovonlik departamenti unga “Eng keksa talaba” sertifikatini topshirdi.

2020-yilda Rita Lorraine Hubbard tomonidan yozilgan “The Oldest Student: How Mary Walker Learned to Read” (Eng keksa talaba: Meri Volker qanday qilib o‘qishni o‘rgandi) kitobi chop etildi va butun dunyodagi yosh kitobxonlar uchun motivatsion asarga aylandi. Mary Walker 1969-yilda 121 yoshida vafot etdi.

Bu uch insonning hayoti shuni ko‘rsatadiki, bilim olishda yosh chegarasi yo‘q. Ularning barchasi ta’lim faqat yoshlarga emas, balki har qanday yoshdagi odamga tegishli ekanini isbotlashdi. Shu insonlar tufayli butun dunyoda minglab keksalar qog‘oz va qalamni yana qo‘lga olishga jur’at topdi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari