15:39, Iyul 11, 2025
/
226

Dunyodagi eng noodatiy talablar yotoqxonalari

Har kuni bir xil derazadan ko`chaga qarash, tong otishi bilan jiringlab hammani uyg`otadigan telefon, 2 ta tuxum qovurush uchun oshxonadagi navbat, bular oddiy talabalar yotoqxonasining doimiy manzarasi. Ammo dunyoning ayrim universitetlarida tahsil oluvchilar oddiy binolarda emas, balki haqiqiy qal’alar, zamonaviy san’at obidalari va hattoki kemalarda yashashadi. Keling, talabalikni noodatiy tajribaga aylantirgan eng qiziqarli yotoqxonalar bilan tanishamiz.

  1. Talabalar uchun kemadagi yotoqxona (AQSh)

To‘g‘ri o‘qidingiz. 1968-yilda Stevens texnologiya instituti eski yo‘lovchi kemasini yotoqxonaga aylantirdi. “S.S. Stevens” nomli bu 473 futli ulkan kema 150 nafar talaba uchun uy bo‘ldi. Har bir kabinada alohida hammom, havo sovutgich va dengizga qaragan derazalar bor edi.

Talabalar har kuni kemadan quruqlikka chiqib, kampusga darsga borishardi. Garchi 1975-yilga kelib loyiha to‘xtatilgan bo‘lsa-da, bu eksperiment talabalar uchun haqiqiy sarguzashtga aylangan. Okean fonida dars tayyorlash, kechqurun kemaning palubasida kitob o‘qish, bu hayotda uchraydigan kamyob tajriba.

2. Qal’ada yashash (Arcadia University, AQSh)

Agar siz o‘zingizni qirollikda yashagandek his qilmoqchi bo‘lsangiz, Pensilvaniyada joylashgan Arcadia universiteti sizga aynan shuni taklif qiladi. 19-asrda baronlik saroyi sifatida qurilgan Grey Towers Castle hozirda talabalar yotoqxonasi sifatida xizmat qiladi.

Talabalar tarixiy devorlar, vitraj oynalar va yog‘ochli zinapoyalar orasida yashab, o‘zlarini roman qahramonidek his qilishadi. Arxitekturasi Fransiya saroylariga o‘xshash, ichki dizayni esa bugungi kungacha asl holatini saqlab qolgan.

  • Usen Castle

Brandeis universitetidagi Usen Castle ham haqiqiy o‘rta asr qal’asiga o‘xshash yotoqxona. Neo-gotik uslubda qurilgan bino bir qarashda “Harry Poter” filmidagi maktabni eslatadi. U 1928-yilda qurilgan bo‘lib, bugungi kunda ham ko‘plab talabalarni o‘z bag‘riga olmoqda.

G‘aroyib shakldagi zinapoyalar, yerto‘lalardagi xonalar Usen Castle’ni noyob yotoqxonaga aylantiradi.

4. Andrew Melville Hall

Shotlandiyada joylashgan bu inshootni oddiy bino deb bo‘lmaydi. Mashhur me’mor James Stirling tomonidan 1967-yilda yaratilgan yotoqxona noodatiy ko`rinishga ega.

Bino shakli kema yoki robotga o‘xshaydi. Har bir xona asimmetrik tuzilgan, koridorlar esa futuristik ko‘rinishga ega.

5. Tietgenkollegiet

Kopengagenda joylashgan Tietgen yotoqxonasi talaba turmush tarzini butunlay yangi bosqichga olib chiqqan. Doira shaklidagi inshootning har bir qavati ijtimoiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan. Har bir blokda umumiy oshxona, sport xonasi, musiqa studiyasi va kutubxona mavjud.

Barcha xonalar tashqi aylana bo‘ylab joylashgan, markazda esa umumiy yashash zonasi. Bu joy ijtimoiy integratsiyani, madaniyatlar aralashuvini va yangi do‘stlarni o`zaro birlashtiradi.

Siz-chi bizning avlod uchun qanaqa yotoqxonalar kerak deb o`ylaysiz?

Shahnoza Suyunova

Fikrlar (0)
Avval yangilari