09:54, Iyul 15, 2025
/
181

Talabalik davrida boshlangan yirik startaplar

Bugun dunyoni boshqarayotgan eng yirik texnologik kompaniyalarning ko‘piga talabalar asos solgan desak ishonasizmi? Bu maqolada talaba g‘oyasidan kelib chiqqan va milliard dollarlik startaplarga aylangan kompaniyalar – Facebook, Google, Dropbox va boshqalar haqida so‘z yuritamiz.

Facebook
2004-yil, Garvard universitetining oddiy bir yotoqxonasida Mark Zuckerberg “TheFacebook” nomli veb-sayt yaratdi. Dastlab bu sayt faqat Garvard talabalari o‘rtasida tanishish va muloqot qilish uchun mo‘ljallangan edi. Ammo oddiy aloqa platformasi orqasida katta bir ehtiyoj yotardi. Odamlar o‘zlarini ifoda etishga, o‘zaro bog‘lanishga, jamiyatga tegishli ekanini his qilishga intilardi. Zuckerberg bunga texnologik yechim topdi. Bugun Facebook, nafaqat ijtimoiy tarmoq, balki virtual haqiqat, sun‘iy intellekt va metavers kabi sohalarda faoliyat yurituvchi global kompaniyadir. Uning boshlanishi esa bir talabaga borib taqaladi.

Google
1996-yilda Stenford universitetida tahsil olayotgan ikki aspirant — Larry Page va Sergey Brin internetdagi ma‘lumotlarni tartibga solish va tezroq topish muammosiga yechim izlay boshlashdi. “BackRub” nomli qidiruv tizimi ilk tajriba bo‘ldi. Oradan ikki yil o‘tib, ularning ishlanmasi “Google” nomini oldi. Bugun bu nom — dunyodagi eng katta bilim omborining ramziga aylangan. Google nafaqat qidiruv tizimi. U YouTube, Android, Google Maps, Gmail, DeepMind va boshqa ko‘plab xizmatlar orqali zamonaviy hayotimizning ajralmas qismiga aylangan texnologiya tizimi.

Snapchat
Snapchat — Evan Shpigel Stenford universitetida o‘qiyotganida boshlagan g‘oyasi. U oddiy surat almashish ilovasini ijod qiladi va uni butunlay yangi trendga aylantirdi.

Har bir katta g‘oya orqasida oddiy ehtiyoj yotadi. Ushbu misollar shuni ko‘rsatadiki, talabalik nafaqat bilim olish, balki g‘oyalarni sinovdan o‘tkazish uchun ham yaxshi imkoniyat. Ehtimol, navbatdagi global kompaniya aynan sizning g‘oyangiz bo‘lishi mumkin. Asosiysi orzu qilishdan qo‘rqmaslik va uni amalda sinab ko‘rish.

Shahnoza Suyunova

Fikrlar (0)
Avval yangilari