Abiturientlar uchun 24 soatni to‘g‘ri taqsimlash sirlari

Har bir abituriyentning kundalik iborasi: “Bugun hamma narsaga ulgurmadim…”. O‘qish kerak, test ishlash kerak, repetitor bor, lekin yana telefon, tarmoqlar, charchoq halal beradi. Kun ko‘zni ochib-yumguncha o‘tib ketadi. Ammo sizning ham, 9 ta tilni bilgan nufuzli universitet talabasining ham bir kunida faqat 24 soat bor. Shunchaki ular bu soatlarni to‘g‘ri boshqarishadi. Keling vaqtni siz uchun xizmat qiladigan tizimga aylantiramiz.
1-qadam. Maqsadli jadval
Avval bir to‘xtab o‘ylab ko‘ring. Qayerga kirmoqchisiz? Qaysi fanlar asosiy? Qaysi sizni “yiqitishi” mumkin? Shularni aniqlab olmasangiz, hammasi bekorga ketadi. Vaqtni taqsimlash kunlik reja tuzish emas. Bu siz harakatlanadigan xaritani tuzish. Har haftaning boshida 3 ta asosiy maqsad yozing. Masalan kimyodan 2-bobni tugatish, har kuni 30 ta matematika testi, o‘zbek tilidan insho yozish mashqi.
2-qadam. Vaqtingizga daromad kabi qarang
Quyidagi kunlik jadval, siz uchun kun tartibini tuzishda misol bo‘la oladi.
| Vaqt | Faoliyat |
| 06:30 – 07:00 | Uyg‘onish, badantarbiya (miya uyg‘onsin!) |
| 07:00 – 08:00 | Nonushta, kunni rejalashtirish |
| 08:00 – 10:00 | Asosiy fan (maksimal diqqat) |
| 10:00 – 10:15 | Tanaffus (ko‘z va miyaga dam) |
| 10:15 – 12:00 | Ikkinchi muhim fan |
| 12:00 – 13:00 | Tushlik, yengil dam |
| 13:00 – 14:30 | Test ishlash, xatolar ustida ishlash |
| 14:30 – 15:30 | Yurish, sport, dam olish |
| 15:30 – 17:00 | Murakkab fan yoki takrorlash |
| 17:00 – 19:00 | Bo‘sh vaqt, oila, telefon |
| 19:00 – 21:00 | Video dars, savol-javob, yozma topshiriq |
| 21:00 – 22:00 | Kitob o‘qish yoki dam olish |
Jadvalni o‘zingizga moslab tuzsangiz bo‘ladi.
3-qadam. “Pomidor” usuli
Miya bir o‘tirishda 2 soat uzluksiz ishlay olmaydi. Shuning uchun bu texnika juda qulay. Pomidor texnikasi shunday ishlaydi:
25 daqiqa – to‘liq diqqat bilan o‘qish
5 daqiqa – dam olish va yana 25 daqiqa hech nimaga chalg‘imasdan o‘qish. Shu jarayonni 4 marta bajarasiz va keyin 30 daqiqa dam olsangiz bo‘ladi. Bu usul sizni tez charchashdan, telefonga chalg‘ishdan va «kallam qotib qoldi» degan holatlardan asraydi. Yanada chuqurroq ma’lumot olish uchun You tube platformasidan “Pomidor texnikasi” deb qidiring.
4-qadam: Uyqu
Ko‘pchilikda noto‘g‘ri tushuncha bor «kam uxlab ko‘p o‘qiyman». Yo‘q, kam uxlagan miya ma’lumotni yaxshi qabul qila olmaydi.
Bir kunda 7-8 soatlik uyqu tana uchun ideal me’yor.
5-qadam. Telefon sizni boshqaradimi yoki siz uni?
Telegramga bildirishnoma keldi. «Bitta ko‘ray, keyin o‘qiyman.»
Yana 1 soat ketdi. TikTok? Reels? “O‘zimni rag‘batlantiraman” deymiz, qarabmizki soat 00:14. Dars vaqtida telefonni boshqa xonada qoldiring. Ijtimoiy tarmoqlarga kuniga faqat 30 daqiqa ajrating. Miya har gal chalg‘iganda, yana qayta diqqat jamlash uchun 15 daqiqa kerak bo‘ladi. Tasavvur qiling, bir kunda 3–4 soatingiz shunchaki behuda ketyabdi. Shu payt raqiblaringiz qattiq tayyorgarlikda ekanini unutmang.
6-qadam: O‘zingizga rahbar bo‘ling
Haftada bir marta, yakshanba kuni “hisobot kuni” bo‘lsin. Bu hafta nimalarga ulgurdim? Qayerda vaqtim zoye ketdi? Kelasi hafta nimani yaxshilayman? Bu savollargga javob berishingiz shart. O‘zingizni boshqarishni o‘rgansangiz universitet, ish, hayotda boshqalarni ham boshqara olasiz.
Bugun 10 daqiqa yo‘qotdingizmi, ertaga 3 ta test savoliga javob berolmaysiz. Bugun tartibli o‘qidingizmi, barakalla 1 oy ichida o‘zingizdagi o‘zgarishni ko‘rasiz. 24 soat sizni kutyapti, faqat uni to‘g‘ri ishlating.