«Nega imtihondan yiqilamiz?» Test vaqtida eng ko‘p uchraydigan xatolar

Har yili bir savol ko‘pchilik abituriyentlarning boshini qotiradi. «Axir yaxshi o‘qigandim-ku, nega imtihondan yiqildim?»
Tan olish kerak, yiqilish sababi har doim ham faqat bilim yetishmasligidan bo‘lmaydi. Yaxshi o‘rgangan bo‘lsangiz ham, imtihon kuni ba’zi xatoliklar hammasini barbod qilishi mumkin. Keling, eng keng tarqalgan xatolarni birgalikda tahlil qilamiz.
1. Tushunmasdan yodlash
Ko‘pchilik ma’lumotni shunchaki yodlaydi. Ammo testda sizdan aynan tushunish, tahlil qilish, solishtirish talab qilinadi. Tushunib o‘qish test jarayonida savollarga javob topishni osonlashtiradi.
2. Test savollariga vaqtni noto‘g‘ri taqsimlash
Bitta savolning o‘ziga 15 daqiqa sarflash eng katta xato. Imtihon payti vaqt hamma narsadan qimmat resurs. Shuning uchun avval testni boshidan oxirigacha ko‘zdan kechirish, qiyin savollarni esa oxiriga qoldirish ancha yaxshi yechim bo‘la oladi.
3. Amaliy testlar ishlamaslik
Ko‘p abiturientlar faqat kitob o‘qishadi lekin bilimini testlar bilan kamdan kam sinaydi.Savollarga javob topishning ham o‘z texnikalari bor, uni esa faqat amaliyot bilan o‘zlashtirish mumkin. Har kuni kamida 30-50 ta savol ishlash miyani imtihon rejimiga moslashtiradi.
4. Noto‘g‘ri ustuvorlik
Test paytida sizga yuqori ball olib keladigan savollarga kam vaqt ajratib, muhimlik darajasi biroz past savollarga ko‘p e’tibor qaratish. 5 ta fandan eng asosiy ikkitasini birinchi bo‘lib, xatosiz bajarishga harakat qiling. Keyin majburiy test savollariga o‘tsangiz bo‘ladi.
Yuqoridagi maslahatlarga amal qiling va eng asosiysi o‘zingizga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmang