11:06, Avgust 21, 2025
/
277

Xususiy ta’lim muassasasida o‘qimoqchimisiz? Avval bu maqolani o‘qing!

Xususiy universitetlar haqiqatan ham oxirgi yillarda “trendga” chiqdi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Kimlar uchundir bu oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarini topshirish oxirgi choradir, ba’zi talabalar esa o‘z xohishlari bilan nodavlat ta’lim muassasasida tahsil olishni tanlamoqda. Keling, ushbu maqolada nodavlat ta’lim maskani tanlayotganda nimalarga e’tibor berish zarurligini ko‘rib chiqamiz. O‘zi qayerda o‘qigan afzal — davlat ta’lim dargohidami yoki xususiy universitetlardami?

Xususiy oliy ta’lim muassasasi tanlayotganda bo‘lajak talaba hech bo‘lmaganda 5 yoki 10 ta kategoriya bo‘yicha bu ta’lim dargohi unga mosmi yoki yo‘qligini tekshirib olishi kerak. Shunda noto‘g‘ri tanlovi natijasida bir necha yillik umri va mablag‘i behuda sarflanmaydi.

Eng avvalida sizga maqul kelayotgan xususiy o‘quv yurti rasmiy litsenziyaga ega ekanligini, akkreditatsiyadan o‘tganligini yaxshilab tekshiring.

O‘quv muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ruxsatnoma olgan bo‘lishi shart. Diplomining rasmiy va xalqaro darajada tan olinishi muhim. Ba’zi universitetlar xalqaro akkreditatsiyaga ega bo‘lib, xorijda ham e’tirof etiladi. Bu siz uchun ajoyib imkoniyat beradi.

Ikkinchi e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihat — bu, albatta, narxdir.

Siz ta’lim muassasasining yillik kontrakt summasi, to‘lov muddati, chegirmalar, stipendiyalar va to‘lovni bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish imkoniyatlari mavjudligini aniqlashtirishingiz zarur.

Uchinchi muhim masala — bu mutaxassislik tanlovi.

Siz egallamoqchi bo‘lgan yo‘nalish hozirgi va kelajakda mehnat bozorida talabga egami? Amaliyot o‘tash imkoniyatlari bormi? O‘qish davomida talabalar real loyihalarda ishtirok etishadimi? Hamda malakali ta’lim taqdim etiladimi? Shu kabi savollarga aniq javob oling.

To‘rtinchisi — xususiy oliygohlarda xalqaro hamkorlik va xorijga chiqish imkoniyatlari.

Ya’ni, o‘quv dargohining chet eldagi universitetlar bilan qo‘shma dasturlari, 2+2, 3+1 yoki almashinuv loyihalari bormi? Xorijda davom ettirish, stajirovka yoki magistratura bosqichiga o‘tish imkoniyatlari qanday? Chunki nodavlat ta’lim muassasasiga davlat o‘quv yurtlariga qaraganda ko‘proq mablag‘ sarflaysiz, shuning uchun bu xarajatlar oqlanishi kerak.

Beshinchi va eng asosiy jihat — bu bitiruvchilarning ishga joylashish ko‘rsatkichi.

Bitiruvchilar aynan qayerda faoliyat yuritmoqda? (Davlat tashkilotlarmidami, xususiy kompaniyalarmidami yoki xorijiy firmalardami?) Buni aniqlang va siz tanlagan yo‘nalishda qancha maosh olish mumkinligini ham o‘rganing. Bundan tashqari, ta’lim muassasasi ishga joylashishda qanday yordam ko‘rsatadi — bu ham muhim.

Va yana — o‘quv yurti joylashuvi va yaratgan sharoitlari: auditoriyalar, kutubxona, laboratoriyalar, sport zallari, internet, kampus holati. Talabalar turar joyi bormi? Qulaymi? Narxi qanday? Shunga o‘xshash jihatlarni ham ko‘rib chiqsangiz, kelajakda o‘qish davomida norozilik yuzaga kelmaydi.

Sizga yana katta yordam beradigan narsa — bu ayni vaqtda o‘quv muassasasida tahsil olayotgan yuqori kurs talabalari fikri bilan tanishish. Ular o‘quv yurtidan mamnunmi? Ta’lim sifatini qanday baholashadi? Qanday fikr bildiradilar? Shu asosda xulosa qilavering.

Siz xususiy ta’lim muassasasida o‘qimoqchisiz, shu yerdan olgan diplom bilan nimalarga erishishingizni yaxshilab tahlil qiling. Ya’ni, diplom davlat tashkilotlari va xususiy sektorlar tomonidan qanchalik e’tirof etiladi? Xorijda ishlash yoki o‘qishni davom ettirish uchun yaroqlimi? Diplom sizga qanday imkoniyatlar taqdim etadi — bu juda muhim. Agar siz diplomni faqat uning mavjudligini isbotlash uchun olmoqchi bo‘lmasangiz, bu albatta muhim.

Ya’ni, aytmoqchimizki, xususiy universitetni tanlashda faqat reklamaga yoki atrofdagilarning fikriga tayanib qolmaslik lozim. O‘zingiz tahlil qilib, sizga eng mos keladigan ta’lim maskanida o‘qish — kelajak uchun qilgan eng yaxshi sarmoyangiz bo‘ladi.

Endi esa qisqacha nodavlat va davlat oliy ta’lim muassasalarining qaysi birini tanlash kerak degan savolga javob berib ketsak. Chunki yangi avlod talabalarini eng ko‘p o‘ylantiradigan masala aynan shu: qaysi biri yaxshiroq? Shuni aytish mumkinki ular orasidagi eng asosiy farq — bu kontrakti narxi. Davlat o‘quv yurtlarida narxlar arzonroq, nodavlatlarda biroz yuqoriroq. Ta’lim sifati esa har bir ta’lim dargohi uchun alohida.Shu bilan birga yaxshi mutaxassis bo‘lishingiz bu sizning o‘zingizga bog‘liq.

Talabalar hayotiga oid eng yaxshi ma’lumotlardan xabardor bo‘lish uchun Avlod Media saytiga obuna bo‘ling.

Fikrlar (0)
Avval yangilari