Birinchi kurs talabalari hujjatlarini qachon va qanday tartibda Oliy ta’lim muassasalariga topshirishi kerak?

2025–2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari yakunlandi, natijalar e’lon qilindi va bu yil oliygohlarga ilk bor kimlar borishi ham tayin. Endi ularni “Qanday? Qayerda? Qachon?” kabi bir olam savollar o‘ylantirayotgani aniq. Avlod media yangi talabalarga yordam berishni maqsad qilgan va ushbu maqolada hujjatlar bilan bog‘liq savollarga javob beramiz.
1-kurs talabasi o‘z shaxsiy hujjatlarini to‘g‘ri shaklda va vaqtida oliygohga olib borishi bu juda muhim. Hujjatlarni aniq tartibda, kamchiliklarsiz tayyorlab borish esa qo‘shimcha ovvoragarchiliklarning oldini oladi.
Birinchi eng muhim savol: hujjatlar qachon topshirilishi kerak?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 3-sentyabr kuni yangi o‘quv yili boshlanadi. Aynan shu kundan boshlab kunduzgi, kechki, masofaviy, dual va boshqa shakllardagi ta’lim turlariga qabul qilingan talabalar OTMlarga borib, o‘z hujjatlarini topshirishlari mumkin bo‘ladi.
Bu borada vazirlik matbuot kotibi Zafarshox Amirqulov quyidagicha izoh bergan:
“1-kursga tavsiya etilgan kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllariga topshirgan talabalar 3-sentyabr kuni o‘zlari kirgan oliygohga borib, hujjatlarini topshirishlari mumkin.”
Ya’ni, o‘qish boshlanishi bilan birga hujjat topshirishga ham ruxsat beriladi. Va barcha ta’lim turiga qabul qilingan talabalar bu imkoniyatga ega.
Talabalarni qiziqtirgan ikkinchi masala esa bu, albatta, hujjatlar ro‘yxati:
Odatda oliy ta’lim muassasalarining deyarli barchasi quyidagi hujjatlarni talab qiladi. Talabalar hujjatlarni asl nusxada va to‘liq holda topshirishlari shart deb belgilangan:
1.Rektor nomiga ariza
2.Pasport nusxasi (aslini ko‘rsatish majburiy)
3.Attestat yoki diplom (ilovasi bilan birga) – asl nusxasi
4.Til bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat (CEFR, IELTS, TOEFL va h.k.), agar bo‘lsa
5.3,5 × 4,5 sm o‘lchamdagi fotosurat – 12 dona
6.Papka (skorosshivatel) va hujjatlar jildi
7.A5 formatdagi konvert
8.Talabalar turar joyiga ehtiyoj bo‘lsa — sharoiti og‘irligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga ariza
9.Imtiyoz asosida o‘qishga tavsiya etilganlar uchun imtiyoz hujjatlarining asl nusxasi
Rektor nomiga ariza shakli va yozilish tartibini sizga OTMning dekanat xodimlari joyida taqdim etadi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, masofaviy, dual ta’lim, qisqa muddatli kurslar va ikkinchi mutaxassislik kabi yangi joriy etilgan ta’lim shakllariga qabul qilingan talabalar ham 3-sentyabrdan boshlab hujjatlarini topshirishlari mumkin.Shu bilan birga, ayrim oliygohlar masofaviy ta’lim shaklida o‘qiydiganlar uchun hujjatlarni onlayn tarzda yoki pochta orqali topshirish imkoniyatini ham taqdim etadi. Bunday holatlarda, har bir OTMning rasmiy sahifasi yoki qabul bo‘limi bilan bog‘lanish zarur.
Shuni esingizdan chiqarmangki, hujjatlarni topshirish bu sizni o‘qishga rasman qabul qilinishingiz uchun asosiy bosqich. Ularni o‘z vaqtida topshirishingiz esa tezroq rasman talaba bo‘lishingiz demakdir.
Hujjatlarni topshirish uchun esa oliygohlar asosan 1 hafta muhlat beradi yoki hujjatlarni to‘plashga 2 haftagacha imkon berilishi mumkin.
Oliy ta’lim bilan bog‘liq eng so‘nggi yangiliklarni Avlod media bilan birga kuzatib boring.