Talabalar turar joylari soni 368 taga yetgan

2017-yilda davlat oliy ta’lim muassasalarida 59 ming 500 o‘rinli 228 ta talabalar turar joylari mavjud bo‘lgan.
2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra esa, talabalar turar joylari soni 368 taga yetib, 146 ming nafardan ortiq talabani joylashtirish imkoniyati yaratilganini aytmoqda Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi.
Natijada talabalar turar joyiga bo‘lgan ehtiyojni qoplash darajasi 28 foizdan 54 foizga ko‘tarilgan. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bu boradagi sa’y-harakatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, 2030-yilga qadar qo‘shimcha 150 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish vazifalari bilan bevosita bog‘liqdir.
Hozirda respublika bo‘yicha 40 ming 700 o‘rinli 72 ta talabalar turar joylarini barpo etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 29 ming 900 o‘rinli 53 ta talabalar turar joylarida qurilish ishlari olib borilmoqda.
Yangi o‘quv yili arafasida oliy ta’lim muassasalarida jami 9 ming 980 o‘rinli 18 ta talabalar turar joyi, shuningdek Samarqand davlat universitetida 1000 o‘rinli va Namangan davlat universitetida 900 o‘rinli o‘quv binolari foydalanishga topshirilgan.