Bitiruvchi talabalarni ishga qabul qilishda sinov muddati qo‘llaniladimi?

Mehnat shartnomasi tuzishda ish beruvchilar ko‘pincha xodimning ishga layoqatliligini tekshirish uchun sinov muddati belgilashadi. Bu muddat odatda uch oygacha davom etadi va ish beruvchi hamda xodim ish munosabatlarini davom ettirishning maqsadga muvofiqligini aniqlab olishi uchun xizmat qiladi.
Qaysi holatlarda sinov muddati belgilanmaydi?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 129-moddasiga ko‘ra, ayrim shaxslar ishga qabul qilinayotganda sinov muddatining belgilanishi taqiqlanadi. Ular quyidagilar:
● homilador ayollar;
● uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar;
● korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslar;
● o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining hamda oliy ta’lim muassasasini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilar.
Demak, oliy yoki o‘rta maxsus ta’lim muassasasini tamomlab, birinchi marotaba ishga kirayotgan bitiruvchi talabalar uchun sinov muddatini belgilashga qonun yo‘l qo‘ymaydi. Bu ularga mehnat bozoriga tezroq moslashish, ish tajribasini to‘plash va barqaror ish joyida faoliyat boshlash imkonini beradi.
Bitiruvchi talabalar birinchi bor ishga qabul qilinayotganida ularga sinov muddati belgilanmaydi. Bu Mehnat kodeksida belgilangan huquqiy kafolat bo‘lib, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ish beruvchilar bu qoida va cheklovlarga qat’iy amal qilishlari lozim.