0,8 ball narxi 157 million soʻmmi?

Joriy yil ham tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt masalasi abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun eng dolzarb mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki bu tizim so‘nggi oydagi qarorlar ortidan bir qancha yangi imkoniyat eshiklarini ochishi bilan birga talaygina savollarni ham tug‘dirmoqda.
Ushbu tizimdagi ilk yangilik minimal o’tish balidan kam ball to‘plagan abituriyentlarning bundan buyon hech qanaqasiga talabalikka tavsiya etilmasligi bo‘ldi desak, yanglishmaymiz. Oddiy tilda tushuntirganda milliard dollar pulingiz bo‘lsa ham, minimal o‘tish bali (56,7) ga atigi 0,5 ball yetmasa ham sizga boshqa hech qanaqa imkoniyat berilmaydi: davlat oliygohi talbasi bo‘lish uchun faqatgina kelasi yilni kutishingiz shart.
Avvalgi yillarda ham mavjud bo‘lgan 4.00 ballik shkala joriy yildan boshlab 4.05 ballik miqdorda saqlanib qoldi. Bunda asosiy qabul chegaralariga 4.05 ballgacha yetmagan abituriyentlar davlat komissiyasi tomonidan belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 1,5 baravaridan 3 baravarigacha bo‘lgan miqdorda to‘lovni amalga oshiradilar va qarabsizki, universitet eshiklari ochiq. Joriy yilgi qabulning eng katta yangiliklaridan biri esa tanlangan yo‘nalishning qabul chegarasiga 4.05 dan ortiq ball yetmaganabituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari oliy ta’lim muassasalarining rektorlari tomonidan belgilanishi bo‘ldi. Faqat bitta sharti summa to‘lov-kontrakt miqdorining 3 baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.
Tanlagan beshala yo‘nalishidan ham “yiqilgan” abituriyent ulardan istalgan biriga super-kontrakt orqali o‘qishga qabul qilinishi mumkin edi. Quvonarlisi, 2025/2026-o‘quv yiliga qabul jarayonida super-kontraktga oid kutuvlardan biri O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi majlisining 79-5-sonli bayoniga ko‘ra qisman amalga oshdi. Endi abituriyent o‘zi tanlagan 2,3,4,5-yo‘nalish doirasida to‘lov-shartnoma yoki davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan bo‘lsa-yu, ularda o‘qishni istamasa, 1-tanlagan yo‘nalishida super-kontrakt asosida o‘qishi mumkin. Faqat va faqat 1-yo‘nalishga hamda faqat va faqat tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt shartnomasi asosida!
Murojaat kelib tushdi.
Yuqoridagilar barchasi yaxshi yangiliklar, ulardan biri bilimsizlik va byurokratiyani qisqartirishga, biri biroz omad yetishmagan intiluvchan abituriyentlarni qo‘llab-quvvatlashga, yana biri talabalikka tavsiya etilganlarning o‘zlari istagan oliygohda o‘qishiga ozgina bo‘lsa ham yordam beradi. Biroq yuqorida biz ta’kidlagan so‘nggi yangilik bo‘yicha “Avlod media” ga bir murojaat kelib tushdi.

Suratlarda o‘zi tanlagan 5 oliygohdan biriga talaba sifatida tavsiya etilgan, ammo aynan birinchi ta’lim muassasasida tahsil olishni istagan abituriyentning ariza yuborishgacha bo‘lgan jarayoni aks etgan. Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt summasi esa odamni biroz shoshirib qo‘yadi: naq 157 500 000 ming so‘m! Atigi 0,8 ball uchun shuncha summa! Vaholanki, 5 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun belgilangan to‘lov-kontrakt (10 million 500 ming so‘m) ning 1,5 baravari (15 million 750 ming)ni to‘lash yetarli edi.
Jamoamiz vaziyatni aniqlashtirish maqsadida Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan bog‘landi. Ushbu jarayonda aniqlandiki, talabalikka tavsiya etilib turib 1-yo‘nalishda super-kontrakt asosida o‘qishni tanlagan talabgorlar uchun 4,5 ballik sistema amal qilmas ekan. Ular rektor tomonidan tayinlangan miqdordagi oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori bo‘yicha shartnoma olishar ekan. Samarqand davlat tibbiyot universitetining Stomatoloogiya yo‘nalishida super-kontrakt narxlari oddiy to‘lov-kontraktning15 baravari miqdorida ekan. 15*10 500 000= 157 500 000 bo‘ladi, ya’ni talabaning oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori ayni shu algoritm asosida hisoblangan.
Mavzuni yakunlash asnosida bir qancha savollar tug‘ildi:
Nega talabalikka tavsiya etilgan, biroq boshqa ta’lim muassasasida super-kontrakt asosida bo‘sa ham o‘qishni istagan abituriyentlar faqat 1-yo‘nalishga ariza topshirishi mumkin?
Nima uchun ayni shu turdagi abituriyentlarga 4,05 ballik tizim amal qilmaydi? Ushbu istisno qaysi qonun yoki nizom bandi bilan tartibga solinadi?
Umid qilamizki, yaqin orada vazirlik tomonidan ushbu savollarimizga to‘liq javob bo‘luvchi yangiliklar e’lon qilinadi.