08:05, Dekabr 1, 2025
/
394

Diplomli «johillar» to‘dasiga xush kelibsiz!

Bugun oliy ta’lim muassasalarining auditoriyalari har qachongidan gavjum.

Kirish imtihonlaridagi raqobatni ko‘rib, xuddi yurtda ilm uyg‘onish davri – Renessans boshlanayotgandek tuyuladi. Ammo, afsuski, bu shunchaki yaltiroq jild xolos. Pardani ko‘tarib, ichkariga nazar tashlasangiz, manzaradan etingiz junjikadi. Biz bugun o‘zini aldab yashayotgan, “talaba”, Diplomli degan sharafli nomni shunchaki “vaqtincha ishsiz” maqomiga almashtirib olgan ulkan armiya qarshisida turibmiz.

Savol aniq: nega hozirgi talabaning saviyasi, bilimi va dunyoqarashi bunchalik pastlab ketdi?

Buning ildizini uzoqdan, ta’lim tizimidagi korrupsiya yoki darsliklarning eskirganidan qidirish – eng oson yo‘l. Shunchaki o‘zini oqlash yo‘li. Asl fojia talabaning ongidagi “iste’molchilik kayfiyati”da yotibdi. Bugungi talaba universitetga bilim olish, haqiqatni izlash yoki o‘z sohasining ustasi bo‘lish uchun kelmayapti. U bu yerga xuddi bozorga kelgandek, pulini to‘lab, evaziga “diplom” nomli tovarini olib ketish uchun kirib kelyapti.

Kontrakt to‘landimi? To‘landi. Demak, baho qo‘yilishi shart.

Vazifa talab qilgan o‘qituvchi “mijozga qo‘pol muomala qilgan sotuvchi”day gap. Ilm dargohi muqaddaslik maqomini yo‘qotib, diplom fabrikasiga aylangani uchun birinchi navbatda talabaning o‘zi aybdor. Chunki talab taklifni yaratadi. Agar talaba ilm talab qilganida, tizim o‘zgarishga majbur bo‘lardi. Ammo talaba faqat “baho” va “davomat”ni “razvod” qilishni talab qilyapti.

Ikkinchi va ehtimol eng og‘riqli nuqta – bu “Google effekti”. Uning ortidan kelayotgan yuzaki bilim.

Hozirgi yoshlar ma’lumotga ega bo‘lishni bilimga ega bo‘lish bilan adashtirmoqdalar. Cho‘ntagingizda dunyodagi barcha kutubxonalar jamlangan smartfon turibdi, lekin undan faqat Instagram lentasini aylantirish va bema’ni Telegram kanallarda vaqt o‘tkazish uchun foydalanyapsiz. Qachon oxirgi marta kutubxonaga kirib, fundamental asarni boshidan oxirigacha o‘qib chiqdingiz? “Vikipediya”dan ko‘chirilgan referat, GPT chatiga yozdirilgan kurs ishi sizni mutaxassis qilmaydi, aksincha, miyangizni dangasalik botqog‘iga botiradi. Siz tahlil qilish, sintez qilish va xulosa chiqarish qobiliyatini yo‘qotyapsiz. Axborot ko‘p, ammo uni hazm qilishga, fikr elagidan o‘tkazishga toqat yo‘q. Natijada, hattoki qo‘lida qizil diplomi bor, lekin o‘z sohasidagi oddiy atamaning tub mohiyatini tushuntirib berolmaydigan “nogiron” kadrlar yetishib chiqyapti.

Yana bir achchiq haqiqat shundaki, bugungi talaba mehnatdan qochadi.

Ular “tez va oson” muvaffaqiyat ilinjida. Ijtimoiy tarmoqlardagi “bir oyda IT mutaxassisi bo‘l” yoki “ikki haftada biznesni noldan qur” degan quruq va’dalar qayerdan kelib chiqdi? Talabdan, albatta! Shularni sotib olib 1 oy, 1 haftada mutaxassis bo‘lish ilinjidagi “laqqa baliqlar” ning aksariyati boshlang‘ich kurs talabalaridir.

Ilm – bu igna bilan quduq qazish.

Bu yillar davomida ko‘z nurini to‘kish, uyqusiz tunlar va tinimsiz izlanish demakdir. Hozirgi talaba esa darsda o‘tirib, xayolida qanday qilib oson pul topish rejalarini tuzadi. Ular fundamental fanlarni “keraksiz” deb hisoblaydi, vaholanki, poydevorsiz qurilgan bino birinchi zilziladayoq qulashini tushunmaydilar. “Menga amaliyot kerak, nazariya shart emas” degan shior ostida ular o‘z kelajagini toraytirmoqdalar. Nazariyani bilmagan amaliyotchi – bu shunchaki robot, u ijod qilolmaydi, yangilik yaratolmaydi, faqat ko‘rsatilgan tugmani bosadi xolos.

Boz ustiga, til bilmaslik va dunyoqarashning torligi talabani qobiqqa o‘rab qo‘ygan. Bugun dunyo ilmining 90 foizi ingliz va boshqa xorijiy tillarda yaratilyapti. O‘zbek tilidagi darsliklar bilan cheklanib qolgan talaba, ming harakat qilmasin, zamondan kamida 10-15 yil orqada qoladi. Lekin qiziq tomoni shundaki, talabalar til o‘rganishni ham faqat IELTS sertifikati olish vositasi deb biladilar. Sertifikat olingach, til rivojlanishi to‘xtaydi. Aslida til – bu axborot okeaniga ochilgan darvoza. Shu darvozadan kirmas ekansiz, siz o‘z uyingizdagi oqmas ko‘lmakda suzib yuraverasiz. Dunyoda nimalar bo‘lyapti, sohangizda qanday inqilobiy o‘zgarishlar ketyapti – bularning barchasidan bexabar qolasiz.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, diplom bu – bilimning kafolati emas, balki shunchaki imkoniyatdir.

Agar siz, hurmatli talaba, bugun o‘z ustingizda ishlashni boshlamasangiz, ertaga mehnat bozori sizni shafqatsizlarcha chetga uloqtiradi. Ish beruvchiga sizning qaysi universitetni bitirganingiz emas, qo‘lingizdan nima ish kelishi va muammoga qanday yechim topa olishingiz qiziq. Sizni o‘qituvchi o‘qitmayapti deb nolisangiz, o‘zingizni aldayapsiz. Universitet – bu yo‘nalish beruvchi, xolos. Haqiqiy bilim mustaqil o‘qish orqali olinadi. Atrofga qarang, sun’iy intellekt va texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan davrda o‘rtamiyona mutaxassisga ehtiyoj qolmayapti. Yo eng zo‘ri bo‘lasiz, yoki tarixga aylanasiz. Tanlov o‘z qo‘lingizda: diplomli johil bo‘lib qolasizmi yoki haqiqiy ziyoli? Vaqt esa sizning foydangizga ishlamayapti. Iltimos, fanning ma’lum mavzusini joriy baho olish uchungina o‘qimang. Bor fokusingizni vaqt borida ilmga yo‘naltiring.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari