885 rubldan 683 minggacha: 35 yillik “stipendiya evolyutsiyasi” haqida nimalarni bilasiz?

O‘zbekiston mustaqilligiga ham 35 yil to‘ldi. Bu vaqt oralig‘ida mamlakatning oliy ta’lim tizimida ko‘plab yangilanishlar kuzatildi. Talaba bo‘lish istagidagilar, oliygohlar soni, imtihonning har xil shaklidan foydalangan holda, hattoki hech qanday imtihonlarsiz o‘qishga qabul qilinganlar ulushi ancha ortdi, hanuz ortmoqda ham. Bunday sharoitda mamlakatning turli sohalari uchun kadrlar yetkazib berayotgan universitetlarning kontrakt summasi ham ko‘p marotaba o‘zgardi.
“Avlod Media” stipendiya miqdori va unga qancha yashash mumkinligini xalq tilida “oltin davr” deyilmish talabalikni boshidan kechirganlar bilan suhbatlashib, oddiy sonlar va hisob-kitoblar bilan tahlil qildi. Bu maqolani yozishdan maqsad talabalar uchun hech shubhasiz ijtimoiy yordam desa bo‘ladigan stipendiyani to‘xtovsiz oshirib borilishiga erishishdan boshqa narsa emas.
O‘zi insonda nima uchun xotirjamlik bo‘lmaydi? Ya’ni qachon bo‘lmaydi? Katta ehtimol bilan va ko‘pchilikda bu moddiyat bilan bog‘liq. Kimdir pul baxt keltirmaydi deyishi mumkin, aslida ham u baxt olib kelmaydi. Deylik sizni kasallikdan qutqarmaydi, ajrashayotgan bo‘lsangiz turmush o‘rtog‘ingiz bilan rishtalaringizni tiklab, yana davomiy hayotga qaytarmasligi mumkin. Lekin ana shu vaziyatlarga kelguncha bo‘lgan ixtiloflar va murakkab vaziyatlarni vaqtida bartaraf qilish uchun qulaylik yaratishi bor gap. Ya’ni pul qanchalik ko‘p bo‘lsa, u shunchalik “komfort” yarata oladi.

Talabalarning moliyaviy xotirjamlikka erishishi
Xuddi shu holat talabalar yashash tarzini ham yaxshilaydi. Gap ularning moliyaviy xotirjamlikka erishishi haqida ketyapti. Talaba puldan qiynalmasa, u o‘z e’tiborini o‘qishga qaratishi yoki hech qursa yashash, yeb-ichish xarajatlarini bemalol qoplay olishi mumkin. Buning uchun talabalarning asosiy kirimi bo‘lgan stipendiya ko‘proq to‘lanishi kerak.
Bugun oddiy aholi singari talaba xalqi ham mavjud iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelishi hech gap emas. Bunday qiyinchilik ancha vaqtdan beri mavjud. Hattoki tarix ham buni tasdiqlaydi. O‘zbekistonda 1992-yildagi talabalar qo‘zg‘oloni buning yorqin misoli. Non va asosiy oziq-ovqat narxlari oshishi, non talonlari (kuponlari) yetishmasligi va stipendiya berilishi kechikishi ortidan talabalarda norozilik yuzaga kelgandi. Voqea 1992-yil 16-17-yanvarda boshlangan. Non narxi keskin oshganidan soʻng non sotib olish uchun kuponlar (kartalar) joriy etildi va koʻplab talabalar kupon olishga ulgurmay qolishdi. Oqibatda, talabalar 16-yanvardan boshlab doʻkondan non sotib ololmadilar. Bu koʻp sonli talabalarning doʻkon yaqinida miting qilishiga sabab boʻldi. Voqea joyiga kelgan militsiya miting ishtirokchilarining tarqalishini talab qildi va ularning orasidagi eng faollarini esa militsiyaga olib ketishdi. Bunga javoban talabalar politsiyaga tosh otishni boshlagan, politsiya esa havoga ogohlantiruvchi oʻq uzgan. Shundan soʻng, politsiya olomonga qarata oʻq uzishni boshladi va ikki talaba oʻlar darajada yaralandi. 17-yanvar kuni ertalab norozilik mitingi boshlandi. Namoyishchilar bir kun avval hibsga olingan talabalarni ozod qilishni va sodir boʻlgan voqeani tekshirish uchun komissiya tuzishni talab qilishdi.
O‘sha paytda bosh prokuror bo‘lgan Boʻritosh Mustafoyev va Toshkentning sobiq hokimi Adhambek Fozilbekovlar norozilik bildirayotgan talabalar oldiga bordi. Prokuror namoyishchilarga talabalarning oʻlimi va politsiya tomonidan oʻqotar qurol qoʻllangani yuzasidan tergov oʻtkazilishiga vaʼda berdi. Ammo oʻsha paytga qadar oʻta tajovuzkor boʻlgan namoyishchilar endi hech kimni tinglashni xohlamadi. Kechqurun politsiya talabalar yigʻinini tarqatib yubordi va talabalarni kaltaklay boshladi.
18-yanvardan boshlab hukumat yotoqxonalarda yashovchi talabalarni oʻz uyiga majburan “taʼtilga” joʻnata boshladi. Keyin ularning aksariyati Toshkent universitetida oʻqish oʻrniga viloyat markazlarida oʻqishni davom ettirishga qaror qildi. Shu maqsadda viloyat pedagogika institutlari universitetlarga aylantirildi, viloyat markazlarida yangi universitetlar, Toshkent oliy oʻquv yurtlarining filiallari va oʻquv markazlari ochildi. Ya’ni o‘sha paytlari ham talabalar oladigan stipendiya oziq-ovqat xarajatlari uchun yetmasdi, ayniqsa birdan narx-navoning oshirilishi fonida. Bu tabiiyki shusiz ham moliyaviy tomonlama qiynalayotgan talabalarning g‘azabiga sabab bo‘lgan.
1991-2000-yillarda talabalar qancha olishgan?
Oʻzbekistonda 1991-2000-yillar oraligʻida talabalar stipendiyasi miqdori doimiy inflyatsiya va pul islohotlari (soʻm-kupon va milliy soʻmga oʻtilishi) sababli keskin oʻzgarib turgan hamda davlat rahbarining farmonlari bilan yiliga bir necha marotaba oshirib borilgan. Ushbu davrdagi stipendiya miqdorlarining umumiy dinamikasi quyidagicha boʻlgan:
1991-1993-yillar (rubl va soʻm-kupon davri): mustaqillikning ilk yillarida stipendiyalar sovet rublida, soʻngra 1993-yildan soʻm-kuponda toʻlangan. Masalan, 1992-yilda aʼlochi talabalar hamda Lenin nomli stipendiya sohiblari 885 rubldan 1035 rublgacha stipendiya olgan. Giperinflyatsiya tufayli bu raqamlar tez fursatda minglab soʻm-kuponlarga aylangan.
1994-yil (milliy valyuta – soʻmning joriy etilishi): 1994-yil 1-iyuldan boshlab milliy valyuta muomalaga kiritilgach, barcha toʻlovlar qatori stipendiyalar ham yangi soʻmga oʻtkazildi. 1994-yil oxirlarida oʻrtacha stipendiya miqdori bir necha oʻn soʻmdan 100 soʻmgacha boʻlgan.
1995-1998-yillar: mazkur yillarda iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, stipendiyalar miqdori bir necha yuz soʻmdan 1000-2000 soʻmgacha koʻtarilgan.
1999-2000-yillar: 1999-yil 1-avgustdagi PF-2339-sonli prezident farmoniga binoan ish haqi va stipendiyalar navbatdagi marta oshirilgan. 2000-yilga kelib talabalarning oʻrtacha stipendiyasi baholariga qarab taxminan 3000 soʻmdan 5000 soʻmgacha boʻlgan (bu davrda eng kam ish haqi miqdori 1750 soʻm atrofida edi). Ya’ni o‘sha vaqtda hozirgidan ko‘proq to‘langan. Nega deganda hozir mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m. Stipendiya esa zo‘rg‘a 610 ming so‘mga boradi. Muhim jihati shundaki, u paytlarda hozirgidek yagona belgilangan bazaviy stipendiya tizimi yoʻq edi. Talabaning stipendiyasi toʻgʻridan-toʻgʻri uning oldingi semestrdagi baholariga bogʻliq boʻlgan: “3” (qoniqarli), “4” (yaxshi) va “5” (aʼlo) baho olganlar uchun alohida-alohida, tabaqalashtirilgan miqdorlar hisoblangan.
2000-2016-yillarda berilgan pullar
Bu paytlar oraligʻida Oʻzbekistonda stipendiyalar miqdori bir necha ming soʻmdan bir necha yuz ming soʻmgacha koʻtarildi va har yili (odatda 1-2 marta) prezident farmonlari bilan muttasil oshirib borildi. Bu davrning eng asosiy xususiyati stipendiya miqdori talabaning reyting koʻrsatkichiga (baholariga) qarab qatʼiy tabaqalanganida edi. Ya’ni semestrni qanday yopsa, keyingi semestrda shunga yarasha pul olardi.
Yillar kesimida stipendiyaning oʻrtacha oylik miqdorlari taxminan quyidagicha oʻzgargan:
2000-2003-yillar: davr boshida oʻrtacha stipendiya 3000-7000 soʻm atrofida edi. 2001-yildan boshlab toʻlov-kontrakt asosida oʻqiydigan talabalarga ham kontrakt summasi ichiga stipendiya kiritilib, oylik toʻlov joriy etildi.
2004-2008-yillar: inflyatsiya va eng kam ish haqi oshishi bilan stipendiyalar ham oʻsdi. Bu yillarda oʻrtacha stipendiya 15 ming soʻmdan 50 ming soʻmgacha yetdi.
2009-2012-yillar: talabalarning oylik stipendiyasi baholariga qarab oʻrtacha 100 ming soʻmdan 200 ming soʻmgacha boʻlgan davrga toʻgʻri keladi.
2013-2015-yillar: 2015-yil holatiga koʻra, talabalarning oʻrtacha stipendiyasi 300 ming soʻm (yiliga 3,6 mln soʻm) atrofida edi. Bu pul kontrakt toʻlagan talabalarning deyarli yarmini oylik stipendiya koʻrinishida oʻziga qaytarib berish tizimini anglatardi.
2016-yil boshidagi aniq raqamlar (baholarga qarab)
2016-yilning yanvar oyidagi rasmiy ma’lumotlarga koʻra, talabalarning oylik stipendiyasi quyidagicha belgilangan edi:
“5” (aʼlo) bahoga oʻqiydiganlar uchun: 439 ming 372 soʻm;
“4” (yaxshi) bahoga oʻqiydiganlar uchun: 329 ming 529 soʻm;
“3” (qoniqarli) bahoga oʻqiydiganlar uchun: 219 ming 686 soʻm;
Nomdor davlat stipendiyalari (Navoiy, Beruniy, Ulugʻbek va b.): 574 ming 948 soʻm;
Prezident davlat stipendiyasi: 829 ming 480 soʻm.
2016-yilning 1-oktyabridan stipendiyalar yana 15 foizga oshirilgan. 2019-2020-yillarga kelibgina bu tizim butunlay oʻzgarib, hamma uchun bir xil bazaviy stipendiya (bahodan qat’i nazar) joriy etildi.
Keyingi 10 yilda ham stipendiya o‘zgarib bordi va salkam 570 ming so‘mlik miqdorga yetdi. Ammo summa xarajatlarga nisbatan nomutanosib bo‘lib qolaverdi.
Ayni damdagi oshgan stipendiya
O‘zbekiston prezidentining 2026-yil 23-iyundagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 1-sentyabrdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va talabalar oladigan stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi.
Hozirgacha talabalarning bazaviy stipendiyasi 569 ming 670 so‘m edi, 7 foizlik oshirishdan keyin 609 ming 547 so‘m bo‘ldi. Barcha fanlardan “5” baho olgan talabalarning amaldagi stipendiyasi 683 ming 604 so‘m edi, 1-sentyabrdan 731 ming 456 so‘mga oshdi.
Avvalgi va hozirgi talabalar fikri
“Avlod Media” stipendiya borasida 20 ga yaqin kishi bilan suhbatlashdi. Ular orasida aynan mustaqillikning ilk yillarida tahsil olganlar ham bor.
Suhbat davomida avvalgi va hozirgi talabalar stipendiyaga munosabatida ayrim farqlar borligi ko‘rindi. Mustaqillikning ilk yillarida o‘qiganlar o‘sha davrda stipendiya miqdori katta bo‘lmagan bo‘lsa-da, talaba uchun muhim yordam bo‘lganini aytishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, stipendiya asosan yo‘lkira, o‘quv qurollari va kundalik ehtiyojlarga sarflangan.
Hozirgi talabalar esa bugungi sharoitda xarajatlar ancha oshganini ta’kidlashdi. Ular yo‘l kira, ovqatlanish, internet, kitob va boshqa o‘quv qurollaridan tashqari, yotoqxona yoki ijara uchun ham mablag‘ kerakligini aytishdi. Shu sababli stipendiya miqdori bugungi narx-navoga mos bo‘lishi kerak, degan fikrlar bildirildi. Suhbatdoshlarning ayrimlari stipendiyani faqat moddiy yordam emas, balki talabani yaxshi o‘qishga undaydigan rag‘bat sifatida ham baholashdi. Ularning fikricha, talabaning mehnati va o‘qishdagi natijalari munosib tarzda qo‘llab-quvvatlanishi kerak.
Talabalar stipendiyasi oxirgi besh yilda bor-yoʻgʻi 10 foizga oshirildi. Ammo bu davrda toʻlov-shartnoma miqdori 15 foizga koʻtarilgan. Masʼullar stipendiya bir necha yil oshirilmaganini toʻlov shartnoma miqdori ham koʻtarilmagani bilan bogʻlab keladi. Vaholangki, asosiy stipendiya oluvchilar davlat granti asosida oʻqiydi, yaʼni kontrakt toʻlamaydi. Bundan chiqdi stipendiyaga kontraktni bogʻlash bahsli masala.
Stipendiya borasida iqtisodchi Otabek Bakirov shunday deydi:
“Stipendiya budjetda o‘qiyotgan yuzminglab talabalar uchun akademik to‘lov emas, aynan ijtimoiy yordam vazifasini bajaradi. Ya’ni stipendiyalar miqdorini belgilashda OTMga o‘qish uchun kontrakt-to‘lovga bog‘lanishida ijtimoiy va hatto bozor ratsionalligi yo‘q”.
O‘zbekiston konstitutsiyasining 2023-yilgacha bo‘lgan versiyalarida ijtimoy davlat tushunchasi yo‘q edi. Ana shu sanadan e’tiboran bosh yuridik hujjatning 1-moddasida respublika ijtimoiy davlat deb belgilandi. 46-moddaga ko‘ra, pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emas. Oʻzbekistonda 2026-yil uchun minimal isteʼmol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 715 ming soʻm. Iqtisodchilar stipendiyani talabalarga beriladigan ijtimoiy yordam yoki shunday ko‘rinishdagi to‘lov deb hisoblaydi.Shunday ekan, stipendiyalarni oshirish eng muhim zaruratdir.