12:55, Mart 17, 2026
/
254

90% talaba oliy ta’lim muassasasidagi bu huquqlaridan bexabar: Siz-chi, ularni bilasizmi?

“Sessiyadan yiqilding”, “Bu fanni boshqadan o‘qiysan”, “Kontraktni vaqtida to‘lamasang, talabalar safidan chetlashtirasan”… Universitetda o‘qiyotgan har bir talaba bu gaplarni kamida bir marta eshitgan. Ko‘pchilik talabalar OTMni faqat qat’iy qoidalar va cheksiz majburiyatlar maskani deb o‘ylaydi. Lekin qonunchilikda va ta’lim nizomlarida talabalarning shunday huquqlari yashiringanki, ularni bilish sizning asabingizni, vaqtingizni va hatto katta pulingizni tejab qoladi.

Aksariyat talabalar o‘z haq-huquqlarini talab qilishdan tortinishadi yoki domlalar bilan munosabatni buzishdan qo‘rqishadi. Ammo qonun hammaga barobar. Quyida har bir talaba bilishi shart bo‘lgan, lekin negadir kam gapiriladigan 5 ta muhim huquqni ko‘rib chiqamiz.

1. Imtihon bahosidan norozimisiz? Apellatsiya berish – sizning to‘liq huquqingiz!

Ko‘p talabalar HEMISga qo‘yilgan past bahoni taqdirning hukmidek qat’iy qabul qilishadi. Aslida, har bir OTMda baholash mezonlari semestr boshida ochiq e’lon qilinishi shart.

Agar sessiyada sizga qo‘yilgan baho adolatsiz ekaniga ishonchingiz komil bo‘lsa, natijalar e’lon qilinganidan so‘ng 24 soat ichida dekanatga apellatsiya arizasi yozishga to‘liq haqlisiz. Eng muhimi shundaki, apellatsiya jarayonida sizning ishingizni o‘zingizga dars o‘tgan o‘qituvchi emas, balki butunlay boshqa, xolis o‘qituvchilardan iborat komissiya qayta ko‘rib chiqadi.

2. Sizning kurs ishingiz va maqolalaringiz — sizning intellektual mulkingiz!

Universitetda yozgan zo‘r maqolangiz, mustaqil ishingiz yoki biror tadqiqotingizni kafedradagi qaysidir o‘qituvchi o‘z nomi bilan e’lon qilib yuborgan holatlarni eshitganmisiz? Bu talabalar orasida eng ko‘p uchraydigan “jim o‘tib ketiladigan” adolatsizliklardan biridir.

OAV va mualliflik huquqiga ko‘ra, siz yaratgan har qanday kontent (u xoh kurs ishi bo‘lsin, xoh talabalar loyihasi uchun olingan podkast yoki intervyu) sizning intellektual mulkingiz hisoblanadi. Sizning yozma ruxsatingizsiz va ism-sharifingizni hammuallif sifatida ko‘rsatmasdan uni nashr etish, o‘zlashtirish yoki boshqa maqsadlarda foydalanish qonunan taqiqlanadi. O‘z mehnatingizni himoya qilishdan hech qachon tortinmang.

3. O‘qishni ko‘chirganda (perevod) fanlarni qayta o‘qimaslik huquqingiz mavjud

Talabalar o‘qishini bir OTMdan boshqasiga ko‘chirganda yoki qishki “perevod” jarayonlarida eng katta muammo — akademik farqlarni topshirishdir. Kredit-modul tizimining asl mohiyati va sizning huquqingiz shundan iboratki, avvalgi universitetda o‘qib, muvaffaqiyatli yopgan fanlaringiz (kreditlaringiz) yangi joyda tan olinishi shart.

Agar fanlar nomida yoki o‘quv soatlarida uncha katta bo‘lmagan farq bo‘lsa, ma’muriyat buni avtomatik tarzda sizga “akademik qarzdorlik” qilib yozib qo‘yishiga indamay qarab turmang. Siz o‘zlashtirilgan kreditlarni qonuniy “transfer” qilishni va o‘sha fanni qayta o‘qimaslikni talab qilish huquqiga egasiz.

4. Akademik ta’til olish uchun yotoqqa mixlanib qolish shart emas

“Akademicheskiy” deganda hamma darhol og‘ir kasallikni yoki kasalxona ma’lumotnomasini ko‘z oldiga keltiradi. Lekin amaldagi nizomlarga ko‘ra, talaba nafaqat salomatligini tiklash uchun, balki quyidagi holatlarda ham akademik ta’til olish huquqiga ega:

  • Oilaviy sharoiti tufayli (farzand ko‘rish, betob ota-onasiga parvarish qilish);
  • Moliyaviy qiyinchiliklar sababli (ya’ni, shartnoma pulini to‘lashga imkoniyati bo‘lmasa).

Eng asosiysi, akademik ta’til olgan talaba talabalar safidan chetlashtirilmaydi. Uning joyi saqlab qolinadi va muammolari hal bo‘lgach, o‘qishini to‘xtagan joyidan (yangi kursdoshlar bilan) davom ettirishi mumkin.

5. Kontrakt summasini bo‘lib to‘lash imkoniyati

Shartnoma pulini muddatida to‘lay olmagani uchun o‘qishdan haydalish xavfi ostida qolgan talabalar talaygina. Ammo shuni bilish kerakki, OTM ma’muriyati talabaga to‘lovni qismlarga bo‘lib (masalan, oyma-oy) to‘lash imkoniyatini taqdim etishi mumkin. Buning uchun universitet rektori nomiga sabablar aniq ko‘rsatilgan (masalan, ota-onaning ishsizligi, ijtimoiy himoyaga muhtojlik) ariza bilan murojaat qilish kifoya. OTM ko‘pincha talabaning bu qonuniy iltimosini inobatga oladi va to‘lov grafigini uzaytirib beradi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari