Hayotingizni “rasvo qilayotgan” illatlarni bilasizmi, aziz talaba?

Universitet hayoti – ko‘pchilik uchun orzu, mustaqillik va talaba uchun yangi imkoniyatlar davri. Ammo bu davr bilan birga kirib keladigan ba’zi odatlar talabaning butun salohiyatini so‘ndirishi mumkin. O‘qishdagi sustlik, o‘zini rivojlantirishdagi befarqlik va vaqtni qadrlamaslik… Bu kabi illatlar ko‘p hollarda “odam shunaqa bo‘lib qolgan” ligi belgisi emas, balki kundalik mayda odatlarning yig‘indisi. Quyida zamonaviy talabalarning eng yomon besh odatini tahlil qilamiz.
Eng birinchisi bu – kechiktirish.
Hozir zamonaviy talabalar orasida “keyin qilaman” sindromi keng tarqalgan. Bu illat deyarli har bir talabaga tanish. Dars topshirig‘i, loyiha, prezentatsiya, til kurslari — hammasi “ertaga”ga qoldiriladi. Natijada, “ertaga” hech qachon kelmaydi. Eng yomoni, kechiktirish ko‘p hollarda dangasalik emas, balki ichki qo‘rquv bilan bog‘liq. Shuningdek, “yozganim yaxshi chiqmaydi”, “boshqalar mendan kuchliroq”- degan behuda o‘ylar natijasi.
Shunday qilib, talaba aslida ishni emas, mas’uliyatni kechiktiradi.
Ikkinchisi – rejasiz hayot kechirish.
Biz oqim bilan suzishni tanlaymiz. Ko‘pchilik talaba har kuni ertalab uyg‘onib o‘zini ijtimoiy tarmoqlarga uradi. “Bugun nima qilaman?” degan savolni hech kim o‘ziga bermaydi. Rejasizlik insonni beqaror qiladi: o‘qish, ish, dam olish, hatto ovqatlanish ham tartibsiz bo‘ladi. Har kuni tasodifiy yashaydigan talabaning natijalariga ham ahyon-ahyonda “tasodifiy” bo‘lib qoladi.
Oddiy kunlik reja, “bugun uchta muhim ishni bajaraman” degan yondashuv — hayotni tartibga soladigan eng arzon vosita.
Keyingisi “telefondan topsa bo‘ladi” – degan fikr.
Bugungi talaba telefonni yordamchi emas, hamma xizmatga hozir “Aloviddinning shamchirog‘i” sifatida tasavvur qiladi. Har 10 daqiqada Instagram, TikTok yoki Telegramni tekshirish odati konsentratsiyani yo‘q qiladi. Ko‘p talaba “telefonimda ham dars materiallari bor” deb o‘zini oqlaydi, lekin haqiqat shuki, telefon darsni emas, diqqatni yutadi.
Raqamli gigiyena — XXI asr talabasining odati bo‘lishi kerak.
To‘rtinchisi – bu “o‘tib ketsam bo‘ldi” mentaliteti.
Bu — eng xavfli illat. Talabaning maqsadi bilim olish emas, faqat baho olish bo‘lib qoldi. Hozir sezilmasa ham yaqin 10 yillikda buning butun ta’lim tizimida zarari seziladi. O‘qituvchi uchun bu – befarqlik; davlat uchun bu – kadrlar sifatining pasayishi; talaba uchun esa kelajakda o‘z kasbida ishonchsiz haykal kabi bo‘lish demakdir.
Diplom olish — yakun emas, sifatli mutaxassis bo‘lish yo‘lidagi boshlanish ekanini anglamagan talaba, o‘zini emas, o‘z imkoniyatini yo‘qotadi.
Oxirgisi – o‘qishdan tashqaridagi hayotga befarqlik
Ayni zamonda ko‘pchilik talaba “o‘qishimni bitirsam, keyin ko‘raman” degan yondashuvda. Ammo hayotda muvaffaqiyatga erishayotgan yoshlar dars bilan birga o‘z ustida ishlaydigan, ko‘ngilli sifatida loyihalarda qatnashadigan, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikrini bildirishdan qo‘rqmaydiganlardir.
Darsdan chiqib, serial ko‘rib, keyin “imkoniyat yo‘q” deyish — bu passiv hayot falsafasi. Imkoniyat yo‘q emas, faqat harakat yo‘q.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, o‘zgarish mayda odatlardan boshlanadi Talaba hayoti — bu tajriba maydoni. Yomon odatlar esa o‘sha maydonni asta-sekin yondirib borayotgan o‘t kabidir. Ularni yo‘qotish uchun katta islohot kerak emas. Faqatgina kundalik ongli tanlovlar zarur. Masalan, telefonni qo‘yish, “keyin” demaslik, kichik reja tuzish, bahodan ko‘ra bilimni qadrlash.
Har bir talaba o‘zini “sog‘lom odatlar” tarafdori deb e’lon qilgan kun — ta’lim tizimi ham, jamiyat ham yutadi.
Ra’no Nusratilloyeva