15:43, Iyun 12, 2026
/
505

Ish, maosh va mehnat bozori: talabalar oyiga qancha pul topadi?

O‘zbekistonda o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlaydigan talabalar o‘rtacha qancha daromad topishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Agar qachondir “ishlab, pul topishim kerak” degan fikrga kelgan bo‘lsangiz, qancha maosh olish mumkinligi haqida ham o‘ylagan bo‘lishingiz tabiiy. Keling, talabalarning daromadi bilan qiziqishdan avval, oliygohni bitirgan diplomli kadrlar qancha maosh olayotgani hamda bugungi mehnat bozoridagi umumiy holatga ko‘z yugurtiramiz.

O‘rtacha oyliklar necha so‘m?

2026-yil birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi 6 mln 825 ming so‘mni tashkil etdi. Eng katta oyliklar Toshkent shahri (11,7 mln so‘m) va Navoiyda (8,4 mln so‘m), eng kami esa Qashqadaryo (4,6 mln so‘m) va Surxondaryoda (4,7 mln so‘m). Sohalar bo‘yicha eng baland o‘rtacha ish haqi sug‘urta sohasida (24,3 mln so‘m), eng kami esa maktabgacha ta’limda (2,4 mln so‘m).

Yaqinda Milliy statistika qo‘mitasi ochiqlagan hisobotga tayanilsa, joriy yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha respublikada o‘rtacha oylik ish haqi 2025-yilning mos davriga nisbatan 17,4 foizga o‘sgan.

Oylik maoshlarning eng yuqori o‘sishi Namangan (+19 foiz) viloyati, Toshkent shahri (+18,8 foiz) va Jizzax (+17,3 foiz) viloyatlarida kuzatilgan. Ana shu davrda faqatgina Toshkent shahri va Navoiy viloyatida nominal ish haqi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan. Poytaxt va hududlar o‘rtasidagi ish haqi farqi yana kattalasha boshlagan. Xususan, eng yuqori (Toshkent) va eng past (Qashqadaryo) ish haqi o‘rtasidagi tafovut 2,5 barobar bo‘lgan.

Sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachiligi faoliyatida qayd etilgan bo‘lib, u 18 million 595 ming so‘mni tashkil etgan. Undan keyingi o‘rinda axborot va aloqa sohasi joylashgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda o‘rtacha oylik ish haqi 16 million 525 ming so‘mga teng. Tashish va saqlash sohasida bu ko‘rsatkich 10 million 709 ming so‘mni, sanoat sohasida esa 8 million 25 ming so‘mni tashkil etgan.

Savdo sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 7 million 213 ming so‘m, qurilish sohasida 6 million 496 ming so‘m bo‘lgan. San’at, ko‘ngilochar va dam olish xizmatlari yo‘nalishida ishlovchilar o‘rtacha 5 million 357 ming so‘m maosh olgan bo‘lsa, yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida bu ko‘rsatkich 5 million 331 ming so‘mni tashkil etgan.

Nisbatan pastroq o‘rtacha ish haqi ta’lim hamda sog‘liqni saqlash sohalarida kuzatilgan. Xususan, ta’lim tizimida o‘rtacha oylik ish haqi 4 million 615 ming so‘mni, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida esa 4 million 111 ming so‘mni tashkil etgan.

O‘qituvchi va shifokorlar ish haqi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (mos ravishda 32,4 foiz va 39,8 foizga) pastligicha qolyapti.

Endi qaysi soha vakillarining maoshi yuqori darajada oshganiga e’tibor qarataylik. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi 8 yilda sohalar kesimida maoshi eng yuqori o‘sgan soha vakillari ko‘chmas mulk bilan operatsiyalar qiluvchilar bo‘lgan. Ularning maoshi bu davrda qariyb 7 barobarga oshgan. Shuningdek, moliyaviy va sug‘urta (5 barobar) hamda axborot aloqa (4,8 barobar) yo‘nalishidagi xodimlarning maoshi ham yuqori o‘sganlar qatorida.

“Taqqoslash uchun bu davrda sog‘liqni saqlash sohasi vakillarining maoshi 2,9 barobarga, ta’lim sohasi vakillarining maoshi esa 2,7 barobarga oshgan. Ta’kidlash kerakki, ta’lim sohasi vakillarining maoshi faqatgina ishlab chiqarish sanoati vakillari maoshidan yuqoriroq o‘sgan bo‘lib qolgan barcha soha vakillariga nisbatan nisbiy kambag‘allashgan”, – deya yozadi iqtisodchi.

Mehnat bozorida vaziyat qanday?

Ko‘pchilik uchun ish qidirishga, ish topishga yordam beradigan HeadHunter platformasi 600 dan ortiq ish beruvchi va ish izlovchi ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazib, 2026-yilda turli avlod vakillari birgalikda ishlayotgan jamoalardagi holatni o‘rgandi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, respondentlarning eng katta qismini (42 foizini) X avlodi vakillari tashkil etgan. Milleniallar ulushi 32 foiz, zumerlar esa 24 foiz bo‘lgan. Bebi-bumerlar esa so‘rov ishtirokchilarining atigi 2 foizini tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkichlar mehnat bozorida yosh mutaxassislar soni ortib borayotganini ko‘rsatadi.

So‘rovda qatnashganlarning 48 foizi o‘z jamoasida 3-4 xil avlod vakillari ishlashini aytgan. Yana 29 foiz respondent jamoasida, asosan, 2 avlod vakillari borligini bildirgan. Faqat 15 foiz ishtirokchi deyarli bir xil yoshdagi xodimlardan iborat jamoada ishlashini ma’lum qilgan.

Jamoadagi muhit nimaga bog‘liq ekani haqidagi savolga respondentlarning 46 foizi asosiy omil rahbariyat ekanini ta’kidlagan. 36 foiz ishtirokchi esa turli avlod vakillari o‘rtasida tajriba almashish imkoniyati mavjudligini ijobiy jihat sifatida ko‘rsatgan. 23 foiz respondentning fikricha, turli qarash va yondashuvlar jamoani yanada kuchli qiladi.

Zumerlar va milleniallar o‘rtasidagi farqlar haqida so‘ralganda, respondentlarning 44 foizi bu tafovutlar sezilishi va qiziqarli ekanini aytgan. 41 foiz ishtirokchi esa yoshdan ko‘ra insonning shaxsiy fazilatlari muhimroq deb hisoblaydi.

Turli avlod vakillarini birlashtiradigan asosiy omil sifatida respondentlarning 60 foizi umumiy maqsad va natijalarga intilishni ko‘rsatgan. 34 foiz ochiq muloqotni muhim deb bilsa, 25 foiz korporativ madaniyatni asosiy omillardan biri sifatida baholagan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, 2026-yilda yosh omili jamoa samaradorligini belgilovchi eng muhim mezon sifatida qaralmayapti. Respondentlarning 44 foizi ko‘nikmalar va qadriyatlar yoshdan muhimroq ekanini bildirgan. 38 foiz ishtirokchi esa bu holat ish faoliyati yo‘nalishi va sohaga bog‘liq ekanini qayd etgan.

Umuman olganda, tadqiqot natijalari bugungi mehnat bozorida turli yoshdagi xodimlardan iborat jamoalar odatiy holga aylanganini ko‘rsatmoqda. Ishtirokchilar fikricha, jamoaning samarali ishlashi va sog‘lom muhit shakllanishida yoshdan ko‘ra boshqaruv uslubi, umumiy maqsadlar va qadriyatlar muhimroq ahamiyatga ega.

Talaba qancha topishi mumkin?

“Avlod Media” ish beruvchilar, vakansiyalar, ularda va’da qilingan maoshlarni bir qancha ish topishga mo‘ljallangan onlayn platformalarni kuzatish orqali o‘rganib chiqdi. Telegram kanallardagi e’lon qilingan vakansiyalarning, masalan Vakansy.uz sahifasida e’lon qilingan ish o‘rinlarining ko‘pchiligida minimal ish haqi o‘rtacha 3-4 mln so‘mdan boshlanadi, ayrimlarida esa 6 mln so‘mdan. Eng yuqori maoshlar 20 mln so‘mgacha. Bu yerda summaning qanchalik yuqori yoki kamligi ish beruvchilar tomonidan taqdim qilinayotgan qo‘shimcha imtiyozlar, ishning og‘ir yoki yengilligi, ish sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Negaki, ayrim ish beruvchilar 2-3 mahal ovqat berishni, xodimni yotoqxona bilan ta’minlashni va’da qilgan bo‘lsa, ayrimlarida bunday takliflar ko‘rsatilmagan. Kompaniyalarning deyarli ko‘pchiligi ishchiga qo‘yiladigan talabga uning aynan universitetda o‘qishi yoki o‘qimasligini emas, aksincha boshqa qobiliyatlarni, ko‘nikmalarni so‘ragan. Mas’uliyatlilik, harakatchanlik, jamoa bilan ishlash ko‘nikmasi kabi. Qolaversa, kamida rus tilini muloqot qilish darajasida bilish talabi ham bor.

HeadHunter (hh.uz) platformasida joylangan ish o‘rinlari uchun qo‘yilgan talablar esa ancha kuchliroq. Ularga ko‘ra, vakansiyaga nomzodlar hech bo‘lmaganda ko‘rsatilgan ish o‘rni bo‘yicha rus tilini bilishi, ingliz tilini bilsa ancha ustunlikka ega bo‘lishi, kamida 1-2 yil tegishli soha bo‘yicha ish tajribasi bilan borishi, zamonaviy axborot texnologiyalari qurilmalaridan, misol uchun kompyuterda ishlashdan ancha savodxon bo‘lishi lozim. Va’da qilingan maoshlar esa ushbu platformada ham kamida 3 mln so‘mdan boshlanadi. Yurist, sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislar, kompyuter grafikasi ustalari, qolaversa, biznes va IT yo‘nalishi mutaxassislariga katta maoshlar taklifi ham yo‘q emas. Ularning miqdori 50 mln so‘mgacha. Umuman olganda, zamonaviy ko‘nikmalar, sifatli xizmat ko‘rsatadigan va moslashuvchan talaba nomzodlar 2026-yilda mehnat bozoridagi istalgan sohada o‘z o‘rnini topa oladi.

Talaba ham o‘qib, ham ishlashi mumkinmi?

Talabani ishlashiga hech qanday taqiq yo‘q. Bu yerda talabaning nechanchi kursda o‘qishining ham ahamiyati yo‘q. Oliy va o‘rta-maxsus ta‘lim vazirining 9-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizomning 50-bandiga muvofiq, kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ishlashi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, talabalar mehnat qonunchiligiga ko‘ra, bo‘sh vaqtlarida bemalol ishlash huquqiga egalar.

Mehnat munosabatlari bo‘yicha advokat, yurist Muhammadamin Karimjonov faqat bir narsaga e’tibor qaratish lozimligini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilik hujjatlarida alohida malaka, bilim va ko‘nikma talab qiladigan sohalar uchun alohida talablar mavjud. Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-yanvardagi 10-son qaroriga 1-I ilova “Davlat maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 7-1 bandiga ko‘ra, oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga pedagog sifatida tegishli lavozimlarga ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Nizomning 7-2 bandiga ko‘ra esa, oliy ta’lim muassasalarining pedagogika yo‘nalishlarida kunduzgi, kechki, sirtqi bo‘limlarning 3-4-kurslarida o‘qiyotgan shaxslar pedagogik faoliyatni amalga oshirishi mumkin va ularga o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi.

“Agar shu sohada o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotga ega bo‘lmasangiz u holda siz 3-kursdan boshlab maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyatni amalga oshirishingiz mumkin va sizga o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasida maosh to‘lanadi”, – deydi u.

Xulosa qilib aytganda, bugungi mehnat bozorida talabalar va yosh mutaxassislar ulushi ortib boryapti. Ish beruvchilar esa xodimlarni tanlashda yoshdan ko‘ra ularning bilim, ko‘nikma va natijalariga ko‘proq e’tibor qaratishni ma’qul deb biladi. Shu bois talabalarning o‘qish bilan birga ish tajribasi orttirishi kelajakda yuqori maoshli va raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi. Egallagan bilimlari esa ularga katta daromad keltirishi mumkin.

Fikrlar (0)
Avval yangilari