Kredit-modul tizimi: kreditni bilasiz, modulni-chi?

Kredit-modul o‘zi nima? Ko‘pchilik talabalar uni Hemis tizimi deb ataydi. Bu tizimda talaba onlayn platforma orqali darsga oid ma’ruzalarning pdf yoki video shaklini qulay tarzda o‘zlashtira olishi, o‘z kun tartibiga mos tushuvchi dars soatlari va ustozlarni o‘zi tanlay olishi lozim. Ammo aksar universitetlarda kredit-modul tizimining faqatgina kredit tomoni ishlaydi. Yana modul tizimida talaba har qaysi fanni semestr muddati yakuniga yetishini kutmay turib, yopib tashlashi mumkin. Ammo O‘zbekiston oliygohlarida bu imkonsiz.
Agar talaba semestrni yetarlicha ball to‘plab yopolmasa, yozda qaytadan pul to‘lab o‘qiydi. Lekin uning o‘z vaqtida darslarni yopishi uchun yetarli baza yaratib berilganmi, degan savolni hech kim o‘ziga bermaydi. Aslida, hamma gap shunda, bizda bu tizimning to‘laqonli ishlashi uchun yetarli ilmiy, moddiy-texnik baza va kadrlar mavjud emas. “Avlod Media” bu galgi maqolada ko‘pchilik talabaning noroziligiga sabab bo‘layotgan kredit-modul tizimi haqida so‘z yuritadi.
Kredit-modul iborasi oliy ta’limda o‘qiydigan talabalar uchun yangilik bo‘lmay qoldi va buni eshitganda “tepa sochi tikka bo‘ladigan”lar ham yo‘q emas. “Ta’lim sifati yaxshilanishiga kredit-modul tizimi qanchalik ta’sir ko‘rsatmoqda?” yoki “Bu tizim vazifasini to‘g‘ri bajaryaptimi?” kabi savollar talabalarni ham o‘ylantiradi.
O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida 2020/2021-o‘quv yilidan joriy etila boshlagan kredit-modul tizimi xalqaro nufuzli universitetlar (Garvard, Oksford, Toronto, Kembrij va boshqalar) ta’lim tizimining kerakli bir qismi sifatida qabul qilib bo‘lingandi. Demak, dunyoning eng sermahsul va yetakchi universitetlari foydalanayotganidan bu tizim juda to‘g‘ri va samarali ishlab chiqilganini anglash mumkin. Shubhasiz, bunday modullashgan tizim ta’lim sifatining yaxshilanishiga yordam beradi, aslida.
Ushbu tizimning e’tirof etilishi kerak bo‘lgan jihatlaridan biri o‘qish jarayonida talabalarga fanlarni tanlash huquqini bera olishidir. Ya’ni ular o‘zlarining qiziqishlari va maqsadlaridan kelib chiqib, o‘quv rejalarini individual tanlashlari mumkin. Bu modullashgan tizimning birgina afzalligi, ammo undan samarali va to‘g‘ri foydalana olmaslik boshqa masala. Aynan, O‘zbekistonda bu tizimdan ko‘zlangan maqsadlar o‘laroq foydalanmaslik yoki berilgan ko‘rsatmalarga to‘liq amal qilmasdan foydalanish hozirgidek faqat “davomat” uchun o‘qishga boradiganlar sonining oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Bu yangi tizim bo‘lgani uchun nafaqat undan foydalanadiganlar, uni tadbiq etganlar uchun ham tushunarsiz tomonlari bordir, balki. Shunisi haqiqatki, tizim har taraflama mukammal ishlab chiqilgan. Qachonki, u tizimdan ko‘zlangan maqsadlar o‘laroq foydalanilsagina, ta’lim sifatining yaxshilanishiga ta’sir ko‘rsata oladi.
“Talabani urma, so‘kma, choponini yirt”
“Profi” xususiy ta’lim muassasalari tarmog‘i asoschisi va huquqshunos Bektosh Hotamov aynan mana shu kredit-modul borasida shunday deydi:
“Bizga urish, so‘kish befoyda, bizning choponimizni yirtishlari kerak. Hozir oliygohlardagi kredit-modul tizimini yomonlab chiqadiganlar chiqdi, to‘g‘ri, bizda hali kredit-modul tizimi mukammal yo‘lga qo‘yilmagan, bunga biroz vaqt kerak, lekin bu ish beradigan tizim”, – deydi u.

Uning aytishicha, kredit-modul tizimida o‘qituvchi jahl qilib, talabani so‘kib, o‘zining ham, talabaning ham asabini buzib yurishi shart emas. O‘qituvchi keladi, darsini o‘tadi, o‘qish yoki o‘qimaslik talabaning ixtiyorida, o‘qimasa, imtihondan o‘tolmaydi, bu degani keyingi imtihonga kirish uchun pul to‘lash kerak. Yana o‘ta olmasa, yana pul to‘laydi.
“Londonda va umuman Yevropada talabalarning yig‘iladigan joyi kutubxona, boshqa joyga borishga vaqti ham, xohishi ham yo‘q, chunki biladi, professor unga faqat yo‘nalish beradi, qolgani o‘z qo‘lida, o‘qimasa, yaxshigina pul to‘laydi. Ko‘chirsa, umuman haydab yuborishadi.
Hamma o‘zi uchun o‘qiydi. Bizdagi ba’zi o‘qituvchilar hali ham eskicha fikrda qolib ketgan, ular men talabaning miyasiga bilimni ochib, kiritib qo‘yishim kerak deb o‘ylashadi, talaba o‘qimasa, unga asab buzib, jig‘ibiyroni chiqib, talabadan xafa bo‘lib yurishadi”, – urg‘ulaydi ta’lim bo‘yicha ekspert.
Hotamov aslida talabaning vazifasi o‘qituvchidan bilimni talab qilib olish, agar talab qilmasa, demak o‘zi shu bilimni olishni xohlamayotganini ta’kidlaydi.
“Ikki marta yaxshigina pul to‘lagach, shunaqangi o‘qiydi, hech qanaqa professor ham unga kerak emasligini tushunib yetadi. Bizning oliy ta’lim ham sekin-asta dunyo standartiga chiqadi, bunga biroz vaqt, shaffof kredit-modul tizimi va talabaning choponini yirtish kerak”, – deya yozadi u o‘z sahifasida.
Kredit-modulning tamoyilida ikkita asosiy masalaga ahamiyat beriladi: talabalarning mustaqil ishlashini ta’minlash, talabalar bilimini reyting asosida baholash. Bu tizim, aslida, yaxshilanish uchun tatbiq etilgan, ammo yangilikdan “qo‘rqadigan” mas’ullar uni allaqachon o‘zlariga moslashtirib olishdi. Tan olish kerak, oldingi tizimga nisbatan talaba uchun ham yengillik va imkoniyatlar kengaydi, ammo boshqa afzalliklar soyasida ular ko‘rinmay qolgandek.
Tahririyat bilan suhbatda bo‘lgan Toshkent davlat texnika universiteti talabasi Abdulbosit Zohidov ham ana shunday fikrda.

“Kredit-modul tizimini joriy qilishdan oldin bunga imkoniyatlar, ilmiy bazalar va professor hamda o‘qituvchilarning yetarli yoki yetarli emasligini kimdir hisobga olganmi? Nazarimda, bu tizim talabaning bilim olishi uchun umuman foyda berayotgani yo‘q. Eski hammom, eski tos. Bizdan avvalgilarda ham yo‘qlama qilishgan, mana biz ham hozir darsning yarmini “ismimni qachon aytarkan” deb kutish bilan o‘tkazyapmiz. Hammasi o‘sha-o‘sha, faqatgina vositalar o‘zgardi, birozgina zamonaviy tus berildi. Hayron qolaman, Hemis tizimida yo‘qlama va “NB” nima uchun kerak? Talaba o‘zi xohlab o‘qishga kirdi, xohlasa, har kuni darsga borib o‘qisin, xohlasa, umuman bormasin. Yakuniy imtihonda borib imtihon topshirsin, o‘ta olmasa, chetlashtiriladi. Bu jarayonlarni universitet nazorat qilishi emas, Hemis’ning ishlash tartibidan kelib chiqqan holda talabaning o‘zi his qilishi lozim”, – deya fikr bildirdi talaba.
Urganch davlat universitetining 2026-yilgi bitiruvchisi Havojon Farhodova esa 4 yil mobaynida talabalar o‘zlari xohlagan fanni tanlab o‘qiy olmagani, qaysi fanlarni o‘qishni faqat oliygohning o‘zi tanlaganini tanqid qildi.

“Tanlov fanlarni talabalar emas, balki universitetni o‘zi tanlashi juda maynavozchilik. Biz ko‘p marotaba bunga qarshilik qilganmiz. Ya’ni bizga yoqqan fanlarni tanlay olmaganmiz. Kredit-modul tizimida talabalar o‘qituvchilarni va qaysi semesterda nechta fanni o‘qimoqchi ekanini o‘z ixtiyori bilan tanlashi kerak”.
Kredit-modul tizimidan qanday foydalanish kerak?
Kredit-modul tizimi – bu oliy ta’limda talabaning o‘quv yuklamasini kreditlar orqali hisoblash va ta’lim jarayonini ma’lum modullar asosida tashkil etishga qaratilgan zamonaviy ta’lim tizimidir. Ushbu tizimda talabaning nafaqat darsdagi ishtiroki, balki mustaqil ishlashi, topshiriqlarni bajarishi va imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishi ham hisobga olinadi.
Kredit-modul tizimining asosiy tushunchalari kredit, modul, mustaqil ta’lim, baholash, o‘quv reja va akademik natijalardan iborat. Tizimning asosiy maqsadi talabaga o‘z ta’lim jarayonida faolroq bo‘lish imkonini berish va uning bilimini bosqichma-bosqich baholab borishdir.
“Kredit” deganda talabaning muayyan fanni o‘zlashtirish uchun sarflaydigan umumiy o‘quv yuklamasi tushuniladi. Bunga auditoriya mashg‘ulotlari, amaliy va laboratoriya ishlari, seminarlar, mustaqil ta’lim, turli topshiriqlarni bajarish hamda imtihonga tayyorgarlik kabi jarayonlar kiradi. Talaba fanni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgandan keyin shu fan uchun belgilangan kreditlarni qo‘lga kiritadi.
Modul esa o‘quv dasturining ma’lum bir qismi hisoblanadi. Unda muayyan mavzular va bilimlar jamlanadi. Har bir modulning o‘z maqsadi bo‘ladi va talaba shu modulni o‘zlashtirish davomida ma’lum bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak. Modul yakunida talabaning o‘zlashtirgan bilimlari baholanadi.
Kredit-modul tizimining muhim jihatlaridan biri talabaning mustaqil ta’limiga katta e’tibor berilishidir. Talaba faqat auditoriyada o‘tiladigan darslar bilan cheklanib qolmaydi. U qo‘shimcha adabiyotlarni o‘qishi, ilmiy izlanish olib borishi, amaliy topshiriqlarni bajarishi, loyiha va taqdimotlar tayyorlashi kerak. Bu esa talabada mustaqil ishlash, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi.
Tizimda talabaning bilimini baholash ham bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Bunda dars jarayonidagi ishtirok, joriy va oraliq nazoratlar, mustaqil ta’lim bo‘yicha topshiriqlar, amaliy mashg‘ulotlar hamda yakuniy nazorat natijalari hisobga olinishi mumkin. Shu sababli talabaning faqat yakuniy imtihondagi natijasi emas, balki semestr davomida bajargan ishlari ham muhim ahamiyatga ega.
Kredit-modul tizimining yana bir muhim jihati akademik mobillik hisoblanadi. Ya’ni talaba boshqa oliy ta’lim muassasasida yoki almashinuv dasturi asosida boshqa davlatdagi universitetda ma’lum muddat o‘qishi mumkin. Bunda o‘zlashtirilgan fan va kreditlarni tegishli tartibda tan oldirish imkoniyati mavjud. Bu talabaga boshqa ta’lim muhitida tajriba orttirish va yangi bilimlarni egallash imkonini beradi.
Mazkur tizimda talabaning mas’uliyati ham oshadi. Talaba darslarga muntazam qatnashishi, berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishi, mustaqil ta’lim bilan shug‘ullanishi va akademik halollik qoidalariga rioya qilishi kerak. Chunki kredit-modul tizimida talabaning o‘z vaqtini to‘g‘ri rejalashtirishi va o‘qish jarayonini nazorat qilib borishi juda muhim.
Kredit-modul tizimida o‘qituvchining vazifasi ham biroz o‘zgaradi. O‘qituvchi faqat ma’lumot beruvchi emas, balki talabaga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi va maslahat beruvchi sifatida ham faoliyat yuritadi. U talabaning mustaqil ta’limini yo‘naltiradi, topshiriqlar bo‘yicha maslahat beradi va uning bilimini belgilangan mezonlar asosida baholaydi.
Tizimdan samarali foydalanish uchun talaba o‘z o‘qish jarayoniga mas’uliyat bilan yondashishi kerak. Darslarni muntazam o‘zlashtirish, vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish, topshiriqlarni kechiktirmasdan bajarish va o‘zining akademik holatini muntazam kuzatib borish muhim. Shuningdek, Hemis tizimidagi ma’lumotlarni ham vaqti-vaqti bilan tekshirib turish, o‘qituvchilar bilan faol muloqot qilish va zarur hollarda yordam so‘rash foydali hisoblanadi.
Sizningcha, kredit-modul tizimi ta’lim sifati oshishiga ta’sir ko‘rsata olyaptimi? Umuman, ushbu tizim vazifasini qanchalik to‘g‘ri bajarmoqda?