14:22, Avgust 27, 2026
/
369

O‘qishga kirolmadingizmi? Muammo yo‘q… (agar pulingiz bo‘lsa)

Bu yilgi mandat ham chiqdi. Kimdir o‘qishga kirdi, kimdir esa kira olmadi. Lekin kira olmaganlarning ham oliy ma’lumot olish uchun universitetga kirishni yana bir yil kutishiga hojat yo‘q. Negaki, O‘zbekistonda imtihonsiz, hech qanday bilimga ega bo‘lmagan holatda ham talabaga aylanish imkoni bor.

Qayerga qaramang, har qadamda, hattoki ijtimoiy tarmoqlarda ham imtihonsiz talaba bo‘lishni taklif qilayotgan oliygohlarni ko‘rishingiz mumkin. Ular imtihonsiz talabalikka taklif qilayotgan yo‘nalishlar ham oddiy ketmonchilik yoki ko‘cha supuruvchilikka emas, aksincha, inson hayotini hal qiladigan tibbiyot, huquqshunoslik kabi sohalar. Ayniqsa mandat javoblari chiqqach, bunday takliflar soni yana ortyapti. Shu bois “Avlod Media” ushbu masalaga e’tibor qaratishga qaror qildi.

Diplom – bu aniq bilim degani emas

Keling boshidan bitta narsani tushunib olaylik: bizdagi ko‘k yoki qizil diplom – bu aniq bilim degani emas. Bu – maqom. Bu kelin uchun shart bo‘lgan sep, kuyov uchun esa mahalla oldidagi eng bosh argument. Diplomsiz go‘yo biz “to‘kis odam emasdek”, to‘ydagi oldi-qochdi tilaklarda aytiladigan bir element. Bundan 10 yil oldin ham shunaqa edi, hozir ham shunaqa. Chunki xususiy universitetlar chiqib, diplom olish “pista po‘choq” bo‘lib qoldi. Ota-onalar farzandini kontraktga tiqish uchun sudxo‘rlik kreditlariga botishga, oxirgi molini sotishga tayyor. Oqibatda qayoqdagi artist va o‘yinchilar reklama qilgan “ajoyib to‘rt yillik ta’lim”da o‘qishni simulyatsiya qilgan talabalar armiyasi, ta’limni simulyatsiya qiladigan OTMlar ko‘payib ketdi.

“O‘zbekiston 24” kanali diktori, jurnalist Islom Qoraboyev o‘zining Instagram sahifasida ta’limni biznesga aylantirayotganlarni tanqid qilib chiqdi. U mandat natijalari chiqishi bilanoq, o‘qishga kira olmaganlar xususiy universitetlar tomonidan “ovlanishi”ni aytgan. “Bugun ko‘plab universitetlarning paytavasiga qurt tushib qoldi. Negaki mandat natijalari e’lon qilindi. O‘qishga kirganlarni tabriklayman, kira olmaganlar esa xususiy universitetlar tomonidan ovlanishi boshlanadi”, – deydi jurnalist.

Shuningdek, u kunora o‘ziga 2-3 ta xususiy universitetdan reklama tushayotgani, ammo ushbu oliygohlarga savollar berib, ulardan ijobiy javob olmagach reklama qilmayotganini aytdi. U shu o‘rinda xususiy oliy ta’lim muassasalarining mutasaddilariga shunday savollar bilan yuzlangan:“Siz bu yo‘nalishni biznesga aylantiryapsizmi yoki rostan ham yoshlarning kelajagiga, kadrlarning va ta’limning sifatiga befarq emasmisiz? Ochig‘ini aytish kerak, ko‘plab xususiy universitetlar bu savollarga javob topa olmaydi. Biznesga aylantirib yuborishgan. Xalqimizda ham to‘g‘ri fikr shakllangan: pulini bersang olaveradi, kontraktini to‘lasang o‘qitaveradi. Bunday bo‘lishi kerak emas”.

Islom Qoraboyev

Xususiy universitetlar va super kontrakt yo‘q paytlari, ya’ni 2017–2018-yillargacha umuman o‘qishga kirish juda qiyin edi. Abituriyentlar faqat bittagina oliygohga, bittagina yo‘nalishga o‘qishga topshira olgan. Agar mandat natijalari chiqib, o‘qishga kira olmasa, keying yilni kutishga majbur edi. Hattoki ana shunday vaziyat tufayli o‘qishga kirish uchun 5,6,7 va qoְ‘yingki o‘n yillab harakat qiladiganlar ham bo‘lgan.

2017-yil 20-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida​”gi 393-sonli qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, abituriyentlarni to‘lov-kontrakt bo‘yicha belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilish tartibiga oydinlik kiritilgan. Soddaroq qilib aytganda, “super-kontrakt” amaliyotini joriy etish jarayoni qaror bandlari bilan aniq ifodalab berilgan. Ya’ni 2017/2018-yilgi davlat qabul imtihonlarida yetarli ball to‘play olmay, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar o֥‘sha o‘quv yilidan boshlab oshirilgan stavka bo‘yicha kontrakt-to‘lov summasini to‘lashga rozi bo‘lsa, o‘qish istagini bildirgan oliygoh huzurida tashkil etilgan qabul komissiyasiga murojaat etib, o‘qishni boshladi. Ammo ta’lim sifatida o‘zgarishlar kuzatilmadi. Buning ortidan o‘qishga kirish juda odatiy va oddiy holga aylanib ulgurdi. Pulini to‘lagan odam, qarabsizki talaba bo‘lyapti.

Super-kontrakt uchun qancha to‘lanadi?

Yetarli ball to‘play olmagan abituriyentlar o‘z xohishlariga ko‘ra, super-kontrakt asosida o‘qishlari mumkin. Bu yilgi super-kontrakt miqdori quyidagicha:

Agar 0.1 balldan 1.0 ballgacha yetmasa, oddiy kontraktning 1.5 barobarini to‘laydi;

1,1 balldan 2,0 ballgacha yetmasa, oddiy kontraktning 2 barobarini to‘laydi; Agar 2,1 balldan 3.0 ballgacha yetmasa, oddiy kontraktning 2.5 barobarini to‘laydi;

Agar 3,1 balldan 4.0 ballgacha yetmasa, oddiy kontraktning 3 barobarini to‘laydi;

4,0 balldan ortiq ball yetmasa, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdorini to‘laydi.

Bu miqdor yo‘nalishlarga va universitetga qarab bazaviy kontraktning 8 barobardan 25 barobargacha belgilanishi mumkin.

Bundan 10 yillar oldin super kontrakt o‘rniga, noqonuniy bunker tizimi bor edi. Ya’ni testlarga yuqori tayyorgarlik ko‘rgan kishilar birovning o‘rniga test ishlab berardi. Javoblar varaqasi to‘ldirilgach, u DTM imtihonida o‘tirgan abituriyentga olib borib berilardi. Shunchaki puliga ishongan abituriyent esa ism familiyasini yozib, ishlangan test varaqasini topshirardi. Yoki kimdir test vaqtida kuzatuvchilarga pul berib “shpargalka”lardan foydalanardi. Xullas, bu usul oddiy bilimli insonni talabalikdan mosuvo qilardi. Bunday qing‘ir ishlarga barham berish uchun aynan super-kontrakt o‘ylab topildi. Ammo u ham yetarli emas. Negaki super-kontrakt tufayli bilim darajasi pastga tushib ketmoqda.

Professor, nevrolog Zarifboy Ibodullayev

Professor, nevrolog Zarifboy Ibodullayev ayrim abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda berilayotgan imtiyozlar haqida to‘xtalib, mutasaddilarni tibbiyot institutlariga super-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishni to‘xtatishga chaqirgandi. Ammo hali hanuz super-kontrakt yo‘qolganicha yo‘q. Ya’ni pulingiz bo‘lsa, to‘lab, universitetda o‘qishingiz mumkin.

Uning aytishicha, super-kontrakt degan balo tibbiy ta’limning oyog‘iga haqiqiy tushov bo‘ldi. Super-kontraktga 250 mln so‘m to‘lab kiradiganlarning 90 foizi ilmsiz talabalar. Oddiy anatomiyani bilishmaydi. U Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy ta’lim vazirligiga super-kontraktdan voz kechish yoki ularga bir marta imkoniyat berib, undan foydalana olishmasa, haydab yuborish kerakligini taklif qilgandi.

“Hurmatli superkontraktga kirgan talabalar! Men 30 yildan beri dars beraman, o‘zingiz ariza yozing-da, o‘qishni tashlab keting. Bu sizlarga iltimosim, tavsiyam. Ota-onalaringizga ham.

Nega? Sizlar mening gapim bilan tashlab ketmasligingiz mumkin. Unda sizlar diplomni olib ishga kirasizlar, yoningizga bemorlar keladi, men shuncha vaqtdan beri nega tuzalmayapman, desa nima deb javob berasiz? Nega yaxshi bo‘lmayapsan, allaqachon tuzalishing kerak edi, bor ket, bo‘lmasa tog‘am prokuror, ammam katta ishda ishlaydi, hozir telefon qilaman, dodingni beradi, deb ayta olmaysizlar. Bu o‘tmaydi shifokorlikda.Sizlardan bosh shifokor ham, sog‘liqni saqlash tashkilotchisi ham chiqmaydi. Yaxshisi, aqlingiz bor payti ariza yozing, ilmingizni o‘zingiz bilasiz. Biz sizlarni o‘qitamiz deb, aziyat chekmaylik. Sizlar qanchadan qancha yaxshi o‘qigan, o‘zining bilimi bilan kiraman deb, 7-8 yillab topshirib, kira olmagan talabalarning o‘rnini band qilib o‘tiribsiz. Ana ulardan zo‘r shifokor chiqadi. Sizlardan esa yo‘q”, – degan edi Zarifboy Ibodullayev.

Yetmaganiga xususiy universitetlar ham imtihonsiz yok o‘ta past ball bilan talabalikka qabul qilyapti.

Xo‘sh, o‘zi O‘zbekistonda xususiy universitetlar qachon ochilgandi?

O‘zbekistonda zamonaviy ma’nodagi ilk xususiy (nodavlat) universitetlar va institutlar 2018/2019-yillardan boshlab paydo bo‘la boshladi. Xususan, 2018-yilda Akfa universiteti (Central Asian University) kabi ilk xususiy tashabbuslar e’lon qilinib, 2019/2020-yillardan boshlab ularning faoliyati uchun rasmiy litsenziyalar berila boshlandi. TEAM universiteti kabi ilk sof nodavlat OTMlar tashkil etildi. 2025-yil holatiga ko‘ra, xususiy universitetlar va ularda o‘qiydigan talabalar soni mana bunday: 

Masalan, Vatan universitetini olaylik. U 12 dan ortiq bakalavriat yo‘nalishlarini taklif qilyapti. Buning uchun abituriyent davlat imtihonidan 56,7 ball olgan bo‘lsa yetarli. Xalqaro Nordik universiteti ham shu qatorda. U ham davlat oliygohlariga kira olmaganlarni o‘qishga chaqirgan. Tashkent Perfect univesiteti ham imtihonsiz, “DTM bali asosida” talabalik maqomini bermoqchi. Hattoki grantlari ham bor. Xullas bunday oliygohlar juda ko‘p. Ya’ni bunday universitetlar mandat chiqib, o‘qishga kira olmaganlar uchun najotga aylanib ulgurgan. Biroq davlat imtihonidan kontrakt uchun ham yetarli ball to‘play olmaganlarni imtihonsiz eng kerakli sohalarga talaba qilib olish mantig‘ini tushunish qiyin. Kim nima va qanday taklif bilan chiqsa ham, baribir yaxshi kadr, mutaxassis bo‘lish uchun talabaning o‘zi o‘qimasa, befoyda.

Bugungi kunda oliy ta’lim tizimi qisman ulkan tijorat maydoniga aylanib ulgurdi. Bir paytlar “bunker” va tanish-bilishchilik orqali qilingan qing‘irliklar o‘rnini bugun “super-kontrakt” va sifatiga to‘liq kafolat berilmagan ayrim xususiy OTMlar egallagandek, go‘yo.

Albatta, yoshlar uchun o’qishga kirish imkoniyatlari ko‘paygani yaxshi. Biroq inson hayoti va taqdiri hal qilinadigan tibbiyot, huquq, qolaversa muhandislik kabi sohalarda bilimning o‘rnini pul egallashi – kelajak jamiyat uchun juda katta xavf. Jamiyat quruq obro‘, to‘ydagi maqtov yoki “sep” uchun olingan diplomlardan emas, o‘z ishining haqiqiy ustalaridan baraka topadi. Haqiqiy mehnat bozorida hech kim sizning qancha pul to‘lab o‘qiganingizni so‘ramaydi, hamma sizning amalda nimani qila olishingizga qaraydi.

Shunday ekan, oson yo‘l bilan, imtihonsiz yoki past ball bilan olingan diplom egasini ertaga yetuk mutaxassis qilib qo‘ymaydi. Tanlov o‘zimizda: yo shunchaki “diplomli ishsizlar” armiyasini ko‘paytiramiz, yoki haqiqiy ilm ortidan quvib, jamiyatga keraksiz emas, o‘ta zarur kadr bo‘lib yetishamiz.

Fikrlar (0)
Avval yangilari