14:12, Iyun 29, 2026
/
392

Ijtimoiy davlatdagi “kambag‘al” qatlam: Talabalar daromadi minimal xarajatlarni ham qoplamaydi

Agar oylik daromadingiz (yoki xarajatlaringiz) 715 ming so‘mdan kam bo‘lsa, demak, statistika nuqtai nazaridan siz kambag‘al hisoblanasiz. Qanaqasiga deysizmi?

Gap shundaki, O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasini aniqlashda qo‘llaniladigan minimal iste’mol xarajatlari 2026-yil uchun 715 ming so‘m etib belgilangan. Talabalar oladigan bazaviy stipendiya esa 610 ming so‘mga ham yetmaydi (bu miqdor yaqinda bor-yo‘g‘i 40 ming so‘mga oshirildi, xolos). Bu esa belgilangan kambag‘allik chegarasidan qariyb 20 foizga kam degani. Shunday ekan, o‘rinli savol tug‘iladi: O‘zbekiston talabalari rasman kambag‘almi?

Ko‘pchilik iqtisodchilar stipendiyani talabaning mehnati (o‘qishi) uchun to‘lanadigan haq emas, balki ko‘proq ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash vositasi deb hisoblaydilar. Biroq, hatto shu nuqtai nazardan yondashganda ham, stipendiya miqdorining minimal iste’mol xarajatlariga yetmasligi jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lishi lozim. Stipendiyaning bu qadar pastligi talabalarning ijtimoiy ta’minotga oid huquqlari qay darajada kafolatlanayotgani masalasini o‘rtaga tashlaydi. “Avlod Media”ning ushbu tahliliy maqolasida stipendiya bilan bog‘liq real vaziyat, Markaziy Osiyo davlatlaridagi holat hamda talabalarning bevosita fikrlari bilan tanishasiz.

Ko‘pchilik talabalar uchun stipendiya asosiy daromad manbalaridan biri hisoblanadi. Darsdan bo‘sh vaqtda ishlash yoki ota-onadan olinadigan moddiy ko‘mak qatorida stipendiya ham oylik ehtiyojlarning ma’lum qismini qoplashga xizmat qiladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekistonda to‘lov-shartnoma asosida o‘qiydiganlar stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklni o‘zlari tanlaydilar, davlat granti asosida tahsil oluvchilarga esa qat’iy bazaviy stipendiya to‘lanadi.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Dilfuza Seytimova ham ko‘pchilik tengdoshlari qatori faqat stipendiyaning o‘zi bilan xarajatlarini qoplay olmaydi. Yashash va o‘qish ehtiyojlari uchun u Qoraqalpog‘istonda yashovchi ota-onasidan qo‘shimcha moddiy yordam so‘rashga majbur bo‘lmoqda.

“To‘g‘risini aytsam, agar uyim Toshkentda – o‘qishimga yaqin joyda bo‘lganida, transportga xarajat qilmay uyimdan qatnasam, oziq-ovqatdan ham pul tejalib, oilam bilan ovqatlanganimda edi, faqatgina kundalik xarajatlarimni hisobga olib, ‘stipendiya bemalol yetadi’, deb baland ovozda ayta olardim. Ammo vaziyat unday emas. Men Qoraqalpog‘istondan kelib o‘qiyman. Agar uyimga shoshilinch ketishim kerak bo‘lib qolsa, oladigan stipendiyam hatto samolyot chiptasining bir tomoniga ham yetmaydi”, – dedi qiz suhbat davomida.

U, shuningdek, oylik ehtiyojlarini qoplash uchun ota-onasidan qancha moddiy yordam olishi haqida ham to‘xtalib o‘tdi:

“Ota-onamdan qancha pul olishim haqidagi savolni doim o‘zimga berib kelganman. Keling, buni birga hisoblab ko‘ramiz. Birgina may oyining o‘zini oladigan bo‘lsak: kvartira ijarasiga 900 ming, kommunal to‘lovlar uchun 100 ming so‘m, umumiy hisobda 1 million so‘m faqat turar joyning o‘ziga ketdi. Ustiga-ustak, yeb-ichish uchun yana kamida 1 million so‘m atrofida pul so‘rashga majburman”, — deydi talaba. Umuman olganda, Dilfuza ham boshqa talabalar qatori stipendiya miqdori har yili muntazam ravishda oshirib borilishidan umidvor.

O‘zbekistonda talabalar stipendiyasi so‘nggi besh yil ichida bor-yo‘g‘i 10 foizga oshirilgan, xolos. Ammo bu davrda to‘lov-shartnoma miqdori 15 foizga ko‘tarilgan. Mas’ullar stipendiya bir necha yil oshirilmaganini to‘lov-shartnoma miqdori ham ko‘tarilmagani bilan bog‘lab keladi. Vaholangki, asosiy stipendiya oluvchilar davlat granti asosida o‘qiydi, ya’ni kontrakt to‘lamaydi. Bundan kelib chiqadiki, stipendiya miqdorini to‘lov-kontraktga bog‘lash bahsli masaladir.

So‘nggi yillardagi konstitutsiyaviy islohotlar va 2023-yil 1-maydan O‘zbekistonning ijtimoiy davlat deb e’lon qilingani fonida, stipendiyalarning oshirilmayotgani va kamligini mas’ullar tomonidan to‘lov-kontraktga bog‘lab izohlanishi mantiqqa unchalik to‘g‘ri kelmaydi. Bu borada iqtisodchi Otabek Bakirov shunday deydi:

“Stipendiya budjetda o‘qiyotgan yuz minglab talabalar uchun akademik to‘lov emas, aynan ijtimoiy yordam vazifasini bajaradi. Ya’ni, stipendiyalar miqdorini belgilash OTMda o‘qish uchun kontrakt to‘loviga bog‘lanishida ijtimoiy va hatto bozor ratsionalligi yo‘q”.

Joriy yilning aprel oyida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov prezident topshirig‘iga asosan, 4 yil davomida kontraktlar miqdori oshirilmagani, bu talabalar imkoniyati ko‘proq bo‘lishi uchun qilinganini aytgan edi. Vazirga ko‘ra, aslida kontrakt narxlari hozirgacha 88 foizga oshirilishi kerak edi. U ayrim yo‘nalishlarda kontrakt puli 6 million so‘mligi, lekin bunda bitta talaba uchun davlat xarajati 14 million so‘mni tashkil etishi, o‘rtadagi yetmayotgan 8 million so‘m tafovut super-kontraktda o‘qiyotgan talabalar to‘lovi hisobidan yopib kelinayotganini ta’kidlagan.

Iqtisodchi Bakirov esa bunday yondashuv ta’lim bozoriga va raqobat muhitiga noto‘g‘ri hamda salbiy signallar berishini bildirib o‘tgan.

 
Yuqorida biz stipendiyaga ijtimoiy yordam sifatida qaralishi haqida aytib o‘tgan edik. Yangilangan Konstitutsiyamizning 46-moddasi ikkinchi qismida qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Demak, huquqiy nuqtai nazardan ham stipendiya miqdori oshirilishi zarur.

         
Stipendiyalarning minimal iste’mol xarajatlaridan ortda qolishi aynan O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilingan 2023-yildan keyin boshlangan. Joriy yilning 15-aprel kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazirlik mas’ullariga nega haligacha stipendiyalar miqdori kambag‘allik chegarasiga ham yetkazilmagani yuzasidan savol berilgan edi.

Vazirlikning moliya va iqtisodiyot masalalari bo‘yicha mas’uli Jamshid Halilov 2025-yilda stipendiyalarni 32–35 foizga oshirish masalasi ko‘tarilgani, lekin hozirgacha bundan natija yo‘qligini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, bundan buyon stipendiyalar miqdorini har yili 10 foizga oshirib borish ko‘zda tutilmoqda.

(Ortda qolgan o‘quv yili uchun belgilangan stipendiyalar miqdori bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin).

Shu yilning yanvar oyidan boshlab 2026-yil uchun “Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Ushbu qonunga ko‘ra, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirish maqsadida 6 trillion so‘mdan ortiq qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Biroq ushbu mablag‘ning aynan qancha qismi stipendiyalarni ko‘paytirishga yo‘naltirilishi ochiqlanmagan.

Agar O‘zbekistonni haqiqatan ham ijtimoiy davlat sifatida rivojlantirishni maqsad qilgan bo‘lsak, avvalo, davlat grantlari asosida tahsil olayotgan talabalar uchun stipendiyani oddiy rag‘batlantirish vositasi emas, balki ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi sifatida ko‘rish lozim. Shu sababli, uning miqdori kambag‘allik chegarasidan past bo‘lmasligi va inflyatsiya hamda yashash xarajatlaridagi o‘zgarishlardan kelib chiqib, muntazam ravishda indeksatsiya qilinib borilishi zarur.

Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalarida kontrakt narxini shakllantirish jarayonida stipendiya xarajatlarini tannarx tarkibiga kiritish amaliyotini qayta ko‘rib chiqish kerak. Chunki stipendiya universitetning emas, davlatning ijtimoiy majburiyati hisoblanadi. Oliy ta’lim muassasalariga akademik va moliyaviy mustaqillik berilayotgan ekan, ular ta’lim xizmatlari uchun narxlarni ham mustaqil ravishda belgilash imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim. Aynan shunday yondashuv sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi va bugungi kunda ko‘plab bahslarga sabab bo‘layotgan “super-kontrakt” tizimidan ham bosqichma-bosqich voz kechish imkonini yaratadi.

Albatta, davlat universitetlariga narxlarni mustaqil belgilash vakolati berilganda, kontrakt summalarining keskin oshib ketishi mumkinligi haqida haqli savollar paydo bo‘lishi tabiiy. Shu bois, bu jarayon o‘ta shaffof mexanizmlar va samarali jamoatchilik nazorati vositalari bilan birga olib borilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Qo‘shnilarimizda talabalar qancha stipendiya oladi?

Qozog‘iston

Qozog‘istonda talabalar uchun stipendiyalar so‘nggi yillarda muntazam ravishda oshirib kelinmoqda. Xususan, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab bakalavriat bosqichi talabalari stipendiyalari 20 foizga, magistratura va doktorantura talabalari stipendiyalari esa 15 foizga oshirilgan. Natijada stipendiya miqdorlari quyidagi ko‘rinishga ega bo‘ldi:

  • Barcha bakalavr talabalari — 52 372 tenge (taxminan 1 mln 290 ming so‘m);
  • Pedagogika va tibbiyot yo‘nalishlari bakalavrlari — 84 000 tenge (taxminan 2 mln 70 ming so‘m);
  • Amaliyotdagi talabalar — 94 862 tenge (taxminan 2 mln 340 ming so‘m);
  • Magistratura talabalari — 117 098 tenge (taxminan 2 mln 890 ming so‘m);
  • Doktorantlar — 262 500 tenge (taxminan 6 mln 480 ming so‘m).

E’tiborlisi, Qozog‘istonda kollej va kasb-hunar maktablari talabalari uchun stipendiyalarni qo‘shimcha oshirish rejalashtirilmagan. Buning sababi, ushbu toifadagi talabalar stipendiyalari 2024-yilning o‘zida birdaniga 50 foizga oshirilganidir. Mamlakatda iqtidorli kollej va universitet talabalariga ajratiladigan moliyaviy yordam ularning asosiy e’tiborini o‘qishga qaratishiga xizmat qiladi, degan yondashuv ilgari suriladi. Shunda ular ilmiy tadqiqotlarda faol ishtirok etishlari va o‘z kasblarini nafaqat nazariy, balki amalda ham puxta egallashlari imkoni yaratiladi.

Tojikistonda to‘rt turdagi stipendiya mavjud

Tojikiston Ta’lim va fan vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, talabalar to‘rt xil: oliy, o‘rtacha, qoniqarli va prezidentlik stipendiyalarini olishadi.

Prezident stipendiyasi Tojikistondagi eng yuqori stipendiya bo‘lib, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat rahbari jamg‘armasidan ajratiladi. U faqat a’lo baholarga o‘qigan talabalarga beriladi va uning miqdori 1130 somoniyni (taxminan 103 dollar) tashkil etadi.

  • Oliy stipendiya semestrni a’lo baholarga tugatgan talabalarga beriladi — 448 somoniy (41 dollar).
  • O‘rtacha stipendiya semestrni yaxshi va a’lo baholarga tugatgan talabalarga beriladi — 324 somoniy (29 dollar).
  • Qoniqarli stipendiya esa semestr davomida 20 foizgacha qoniqarli baho olgan talabalarga to‘lanadi — 120 somoniy (11 dollar).

Qayd etish joizki, universitet va institutlarda to‘lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan talabalar stipendiya olish huquqiga ega emaslar.

Qirg‘izistonda stipendiyalar miqdori nisbatan kam

Qirg‘izistonda stipendiya tizimi butunlay boshqacha shakllangan. Qirg‘iziston Ta’lim va fan vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, a’lochi talabalar 1600 som (18 dollar) miqdorida stipendiya oladilar.

Biroq, abituriyentlarni o‘qituvchilik (pedagogika) yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga undash maqsadida maxsus rag‘batlantiruvchi stipendiya tizimi belgilangan. Xususan:

  • Birinchi kurs talabalari — 1000 som (11 dollar);
  • Ikkinchi kurs talabalari — 2000 som (22 dollar);
  • Uchinchi kurs talabalari — 3000 som (33 dollar);
  • To‘rtinchi kurs talabalari — 4000 som (44 dollar) miqdorida stipendiya oladi.

Shuningdek, Qirg‘izistonda prezidentlik stipendiyasi ham mavjud. U eng faol va a’lochi talabalarga yiliga bir marta berilib, uning miqdori 50 000 som (566 dollar)ni tashkil qiladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari