O‘zbekiston universitetlari haqida hamma narsa Pro Univer’da
Bir oliy ta’lim muassasasi boshqasidan nimasi bilan farq qilishini bilmoqchimisan? Pro Univer kanalida har bir universitetning afzalliklari va kamchiliklari haqida hikoya qiluvchi xolis video sharhlarni topasiz.
Tugagan kontrakt ortidan boshlanadigan kredit “botqog‘i”: o‘qishni bitiriboq to‘y qilish qanchalik to‘g‘ri?
Dilni yayratadigan ham, tilni sayratadigan ham pul
“Parvona” spektaklini hech ko‘rganmisiz? Unda aytiladigan pulga taalluqli mashhur bir gapni-chi, eshitganmisiz? Agar bilmasangiz eshiting: “Dilni yayratadigan ham, til sayratadigan ham pul”. O‘tkiriy obrazi tomonidan aytilgan bu jumlalar hech qachon ahamiyatini yo‘qotmaydi. Ha, hamma narsaga pul kerak, ayniqsa to‘y qilish, mashina olish uchun katta mablag‘ shart. O‘zbekistonda ko‘pchilik yoshlarning oltinga teng talabalik yillari aynan uylanish yoki turmushga chiqish vaqtiga to‘g‘ri keladi. Shusiz ham pul yetishtira olmay, kunini zo‘rg‘a ko‘rayotgan paytda ular moddiy yetishmovchilik sabab turmush qurish vaqtini ancha kechiktirib yuborishdan boshqa chorasi qolmaydi. Sababi odamlar uchun elga to‘y berish, orzu-havas, odamlarning nima deyishi birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Ammo masalan, kamchiqim dasturxon bilan ham to‘y qilish mumkin-ku! Yoki “tilni sayratib, dilni yayratadigan” pulni ishlab topish osonmi? “Avlod Media” galdagi maqolasida ana shu masalaga to‘xtaldi.
“To‘y to‘ydek bo‘lsin, mahallada duv-duv gap bo‘lsin!”
O‘zbek xalqi – azaldan orzu-havasli xalq. Barchamizning yashash tarzimizda ko‘pgina maqsadlar mushtarak bo‘lib, shulardan eng asosiylari qatorida dang‘illatib to‘y qilish va tagiga yangi mashina minish orzusi turadi. Bu borada real imkoniyat va ehtiyojdan ko‘ra, ko‘pincha quruq havas oldingi o‘ringa chiqib ketadi. Ammo butun boshli mahallada duv-duv gap bo‘ladigan to‘y qilishga chindan ham cho‘ntagimiz ko‘taradimi?
O‘tgan yili “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda qatnashgan o‘zbekistonliklarning 25 foizidan ko‘prog‘i to‘y o‘tkazish uchun qarz olishini ma’lum qilgan. Atigi 14 foiz aholigina daromadini yetarli deb hisoblab, to‘y xarajatlarini hech kimdan qarz olmasdan, mustaqil ravishda qoplay oladi. Xo‘sh, rostdan ham ularning daromadi bunga yetarmikan?
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning katta qismi (81,24 foizi, xususan, viloyatlarda yashovchilar) o‘z oilasining o‘rtacha oylik daromadini 5 million so‘mdan 12 million so‘mgacha deb ko‘rsatgan. Vaholanki, to‘y uchun rejalashtirilgan yoki amalda sarflanadigan mablag‘lar ko‘pincha 150 million so‘mdan 250 million so‘mgacha, ba’zan esa undan ham ko‘proqni tashkil qiladi.
Tabiiyki, to‘y xarajatlarini yopish maqsadida kredit oluvchilar ham talaygina. Statistikalarga e’tibor qaratsak, O‘zbekistonda aholining 30 foizdan ortig‘ida kamida bitta kredit bor. Ularning 27 foizi esa 2 yoki undan ko‘p marta kredit olgan. Eng xavotirlisi shundaki, kreditlarning deyarli yarmi oylik daromadining 50 foizidan ko‘prog‘i faqat qarz yopishga ketadigan odamlarga ajratilgan.
O‘zbek xalqi uchun oilaviy marosimlar va urf-odatlar azaldan muhim ahamiyatga ega. Ammo to‘ylardagi ortiqcha sarf-xarajat va dabdababozlikning me’yoridan oshib ketayotgani, buning oqibatida oilalarga jiddiy iqtisodiy zarar yetayotgani ayni haqiqat. Masalan, to‘y va marosimlarda kimo‘zarga bellashish, oziq-ovqat isrofgarchiligi bilan bir qatorda, quda-andalar o‘rtasida turli xil “oldi-berdi”lar ham tobora avjiga chiqyapti.
Yuqoridagi so‘rovnomaga javob berganlarning 46,11 foizi ta’kidlashicha, ularni dang‘illama to‘y qilishga undovchi eng asosiy sabab – bu “jamiyat bosimi” yoki “el-yurtga to‘y berish majburiyati”dir.
Xo‘sh, o‘zingiz ayting: to‘y baxt kunimi yoki qarzning boshlanishimi? “Odamlar nima deydi” yoxud “uyat bo‘lmasin” deb, yana necha millionlarni shunchaki havoga sovuramiz?
“Jamiyatimizda juda ko‘pchilik to‘y uchun yashaydi, ayniqsa, qizlar. Chiroyli ko‘ylak kiyish, sarpo yig‘ish va hokazo… O‘zini to‘ydan keyingi hayotga tayyorlamagani uchun to‘y o‘tgach, ko‘pincha qizlarning illyuziyalari sinadi”, – deydi “Qizlar akademiyasi” loyihasi muallifi, oilaviy psixolog Hurriyat Rahmatullayeva “Milliy tiklanish” demokratik partiyasiga bergan intervyusida. U to‘y qilish borasida jamiyatdagi qarashlarni o‘zgartirish zarurligini ta’kidlagan.“Jamiyatimizda juda ko‘pchilik to‘y uchun yashaydi, ayniqsa, qizlar. Chiroyli ko‘ylak kiyish, sarpo yig‘ish va hokazo… O‘zini to‘ydan keyingi hayotga tayyorlamagani uchun to‘y o‘tgach, ko‘pincha qizlarning illyuziyalari sinadi”, — deydi “Qizlar akademiyasi” loyihasi muallifi, oilaviy psixolog Hurriyat Rahmatullayeva “Milliy tiklanish” demokratik partiyasiga bergan intervyusida. U to‘y qilish borasida jamiyatdagi qarashlarni o‘zgartirish zarurligini ta’kidlagan.
“Kasb” markazi asoschisi Akmal Abdullayev esa dabdabali to‘y o‘tkazgani sababli to‘ydan keyin cho‘ntagida umuman puli qolmaganini, hayotini faqat to‘ygacha bo‘lgan davr uchungina reja qilib qo‘yganini o‘z tajribasidan misol qilib keltirgan.
“Hamma narsani sotdim: avtomobilim, biznesim, do‘konim bor edi. Hammasini pullab, dabdabali to‘y qilganman. Va to‘ydan keyingi birinchi tongda bir so‘msiz uyg‘onganman. O‘sha tongda muammolar to‘ydan keyin boshlanishini sezganman. O‘ylaymanki, qolganlarda ham shunday. Negadir hamma hayotini faqat to‘ygacha reja qilib qo‘yadi”, – deydi u.
Universitetni tamomlaganiga endigina bir yil bo‘lgan Sardor ayni paytda 23 yoshda. U talabalik davridan beri ishlab keladi, biroq oylik daromadi unchalik yuqori emas. Shunga qaramay, yaqinlari uni tezroq uylantirish taraddudiga tushishgan. O‘zining aytishicha, to‘y xarajatlarini qoplashga, tabiiyki, qarindosh-urug‘lari tomonidan ham yordam puli ajratiladi. Hatto qarz olinishi ham ehtimoldan xoli emas, bunisi hali noma’lum. Lekin Sardorning o‘zi dabdabadan yiroq, juda kamtarona to‘y o‘tkazish tarafdori.
“Yoshim 23 da. Agar to‘yimni faqat o‘zim ishlab topgan pulga qilaman desam, menga yana kamida uch yildan ortiq vaqt kerak bo‘ladi. Sababi, to‘ydan keyin el qatori ro‘zg‘or tebratishim uchun ham qo‘limda qandaydir mablag‘ qolishi kerak. Ochig‘i, to‘yning qanday dabdaba bilan o‘tishi mening kelajakda baxtli bo‘lishimga biron-bir foyda beradi, deb o‘ylamayman. Undan ko‘ra, bu pulni kelajagimga, o‘z bilimim va rivojlanishim uchun eng zarur bo‘lgan narsalarga sarflaganim ming chandon afzal”, – deydi suhbatdoshimiz.
O‘zbekistondagi zamonaviy to‘y xarajatlari ko‘plab oilalarni qarzga botirmoqda, bu esa yoshlarning mustaqil hayot boshlash imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. To‘y qanchalik dabdabali bo‘lishidan qat’i nazar, bu nikohning mustahkamligini anglatmaydi. Afsuski, mamlakatimizdagi ajrimlar soni yildan-yilga ko‘payib borayotgani bunga yaqqol misoldir. Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilishicha, 2025-yilda qayd etilgan nikohlar soni 2024-yilga nisbatan 4,7 mingtaga kamayib, 267,1 mingtani tashkil etgan. Ya’ni oila qurish ko‘rsatkichlari qisqargan bo‘lib, mamlakatda nikohlar soni 2021-yildan beri uzluksiz kamaymoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda ajralishlar soni 46,9 mingtaga yetib, 2024-yilga nisbatan 1,8 mingtaga ko‘paygan. Nikohdan ajralishlar shahar joylarida 28,2 mingtani (60,1 foiz), qishloq joylarida esa 18,7 mingtani (39,9 foiz) tashkil qilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bu borada shunday yozadi:
“Qarzga to‘y qilib obro‘ talashayotgan odam bu ko‘zbo‘yamachilikdan boyroq bo‘lib qolmasligini tushunmaganidek, mamlakatimizda xarid qobiliyatining pastligi avtomashina sotib olishga xalaqit berayotgan asosiy muammo ekanligini ham tushuna olmaydi, albatta. 300 dollar maosh oladigan fuqaroga 17 ming dollarlik avtomashina narxini 15 ming dollarga pasaytirding nima-yu, pasaytirmading nima?”
Umuman olganda, “To‘y qanday bo‘lishi kerak?” degan savolga aksariyat odamlar “kamtarona” yoki “o‘rtacha, faqat eng yaqinlar davrasida” deya javob beradi. Biroq, qarzga botib bo‘lsa-da “dabdabali, hashamatli” to‘y qilishni afzal bilguvchilar ham oramızda yo‘q emas. Ammo hayotiy tajribaga ega, to‘yi o‘tib bo‘lgan ba’zi insonlar dang‘illama to‘ylar faqatgina “keraksiz stress va ulkan qarzlarga sabab” bo‘layotganini, havoga sovurilgan mablag‘lar uchun bugun qattiq afsuslanishlarini ta’kidlashadi.
Dabdaba qurbonlari: Ota-onangizni qarzga botirib olingan baxt sizga tatimiydimi?
Tasavvur qiling: to‘rt yil davomida sizning kontraktingiz, ijara pulingiz, yeb-ichishingizni deb ota-onangiz shusiz ham tinim bilmadi. Endi esa diplomni qo‘lga tutishingiz bilan, ularni yana bitta og‘ir sinov – “dabdabali to‘y” balosi kutib turibdi. Shundoq ham sizni o‘qitaman deb yetarlicha uringan ota-onani endi qarz botqog‘iga itarish, o‘zingiz ro‘zg‘or tebratishga tayyor bo‘lmay turib dabdaba talab qilish qanchalik adolatdan?
Hamma narsaning o‘z vaqti, o‘z soati bor. O‘qishni bitirish – bu darhol to‘yxonaga chopish emas, balki ota-onaning bo‘ynidan tushib, ularning og‘irini yengil qilish vaqti keldi, degani. Qachongacha “el nima deydi”, “o‘rtoqlarimdan kam bo‘lmayin” degan havoiy orzular orqasidan quvib, eng yaqin insonlaringizning sog‘lig‘i va halovatini qurbon qilasiz? Hali tayinli daromadga, o‘z o‘rniga ega bo‘lmay turib, ota-ona peshana teri hisobiga kimo‘zarga to‘y qilish – bu ulkan mas’uliyatsizlik.
Bir kunlik quruq obro‘ni deb yillab to‘lanadigan kreditlar, asabbuzarliklar va yetishmovchiliklar sizning yangi hayotingizga poydevor bo‘lishi kerakmi? Qarzga botib qilingan to‘yning ertasi asosan muammo va malomatdan iborat bo‘lishini tushunib yetish uchun yana qancha yosh oilalar buzilishi kerak?
Esingizda bo‘lsin: mehmonlar keladi, kiyimingizni maqtaydi, yeydi, ichadi va ketadi. Lekin o‘sha hashamatli dasturxon va yaltiroq avtokortejlar uchun olingan qarzning yuki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ota-onangizning umridan, sog‘lig‘idan yulib olinadi. O‘zingizga qat’iy savol bering: Sizga odamlar qarsak chaladigan bir kunlik “shou” kerakmi yoki ota-onangiz xotirjam yashaydigan, asablar va qarzlar aralashmagan sokin hayotmi?
Baxt – bu dabdaba emas. Qarz ustiga qurilgan hayotdan kechib, kelajakka sog‘lom aql bilan qarang. O‘z vaqtini kutishni bilgan va ota-onasini asragan inson hech qachon yutqazmaydi.
Xullas, talaba do‘stlar, gapning indallosi nima? Gap shundaki, to‘yni ortiqcha xarajatlar va isrofgarchiliksiz o‘tkazish kerak. To‘yga ketadigan millionlarni kelajagingizga, o‘qishga, ilm olishga yoki boshqa biror foydali maqsadlarga investitsiya qilganingiz ming chandon ma’qul. Kamtarona to‘y qilsangiz, siz hech kimdan qarzdor bo‘lmaysiz – na bankdan, na qarindosh-urug‘dan. Eng asosiysi, miyangizni qarz to‘lash dardi bilan band qilmaysiz va kundalik ro‘zg‘or xarajatlari uchun “yana kimning oldiga borib qarz so‘rasam ekan”, degan og‘ir o‘ydan xalos bo‘lasiz.
0
Fikrlar (0)
Avval yangilari
Fikr bildirish uchun akkauntingizga kirishingiz kerak.