Yakunlangan 2025-yil: oliy ta’lim sohasini qanday voqealar bilan eslaymiz?

2025-yil O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi tarixiga “son poygasi”ning to‘xtash va “sifat nazorati”ning kuchayish yili sifatida kirmoqda. Shubhasiz, yirik universitetlarning birlashishi, xususiy OTM’lar bozorining “tozalanishi” qabul tizimidagi tub islohotlar, “adashib berilgan” litsenziyalar yilning asosiy voqealari bo‘ldi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hisobotlariga ko‘ra, bugungi kunda respublikada 207 ta oliy ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Ulardan 101 tasi davlat, 74 tasi nodavlat, 32 tasi xorijiy oliygohlardir. Oliy ta’lim muassasalarining 125 tasi universitet, 43 tasi institut, 33 tasi filial, 5 tasi akademiya hamda atigi bittasi konservatoriya maqomida.
Bugun Respublikamizda tahsil olayotgan 1 669 095 nafar talabaga 48403 professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Talabalar kesimida ayollarning ulushi yuqori: jami ko‘rsatkichning 54,26 foizi ayollarga, 45,74 foizi erkaklarga to‘g‘ri keladi. 1 599 586 nafar talaba bakalavriatda, 62305 nafari magistraturada, qolgani undan yuqori darajalarda tahsil olmoqda. Ulardan 170 958 nafari davlat granti, 1 498 107 tasi esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qimoqda. Aynan 2025/2026-o‘quv yili uchun 671 397 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. 826 nafar abituriyent maksimal 189 ball bilan talabalikka tavsiya etilgan. Joriy o‘quv yili uchun qancha abituriyent talabalikka tavsiya etilgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q, lekin statistikaga ko‘ra, 418 157 nafar birinchi bosqich talabasi bakalavriatda tahsil olmoqda. Demak, yakuniy hisob-kitob shunga yaqin.
Eng ko‘p talabaga ega oliygohlar reytingining oliy pog‘onasini Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti egallaydi.
Unda 49 ming 147 ta talaba tahsil oladi. Tushunishingiz uchun bu butun poytaxtda tahsil oluvchi har 100 talabaning 7 yoki 8 tasi shu oliy ta’lim muassasasida o‘qiydi degani. Undan keyin sobiq Yodju – Toshkent Kimyo xalqaro universiteti turadi. Kuchli uchlik ISFT universiteti bilan yakunlanadi. Ko‘pchilik yuqori o‘rinlarda deb o‘ylaydigan O‘zbekiston Milliy universiteti bu ro‘yxatda 5-o‘rinda turadi. Undan oldingi pog‘onani nomi juda ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan University of Business and science egallagan.
Viloyatlar kesimida eng ko‘p oliy ta’lim muassasasi (95 dona) poytaxt – Toshkentda joylashgan.
Undan keyingi o‘rinni 17 ta oliygoh bilan Toshkent viloyati egallaydi. Eng kam OTMlar Sirdaryo (3 ta) va Navoiy (4 ta) viloyatlari hududida ochilgan. Shunga mos ravishda, talabalar eng zich joylashgan hudud ham 625 188 ta tolibi ilmni bag‘riga sig‘dirgan azim Toshkent sanaladi. Sirdaryo viloyatida bo‘lsa 23 121 nafar talaba tahsil olmoqda.
Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan e’lon qilingan statistikaga ko‘ra, 2025-yilda respublika bo‘yicha abituriyentlarning o‘rtacha natijasi 76,9 ballni tashkil etdi.
Shu bilan birga, joriy yilgi bitiruvchilarning o‘rtacha bali 81,7 ball bo‘lib, umumiy ko‘rsatkichdan ancha yuqoriligini ko‘rish mumkin. Hududlar kesimida Buxoro viloyati abituriyentlari eng yuqori natijani qayd etdi. Bu yerda 30 ming 231 nafar abituriyentning o‘rtacha bali 89,5 bo‘lib, respublika bo‘yicha mutlaq yetakchilikni saqlab qolmoqda. Shuningdek, joriy yilgi bitiruvchilar alohida ko‘rsatkichlarda yanada yuqori natijani qayd etib, 96 ballik o‘rtacha darajaga erishgan. Keyingi pog‘onalarda Toshkent shahri (82,8 ball) va Navoiy viloyati (80,4 ball) joylashgan. Ularning ham joriy yil bitiruvchilari respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan sezilarli darajada yuqori ball to‘plagan.
Shuningdek, ushbu o‘rinda Respublika miqyosida eng ko‘p oliy ma’lumotli kadrlar yetishib chiqayotgan hududlarni ham e’tirof etish joiz. Bu borada Qashqadaryo viloyati butun mamlakatda mutlaq yetakchilik qiladi.Undan keyingi o‘rinlarda mos ravishda Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, va Farg‘ona viloyatlari turibdi.
Statistikadan so‘ng 2025-yilda tizimda sodir bo‘lgan ba’zi voqealarga to‘xtalsak.
Avvalo, bu yilda nom ham rahbar ham o‘zgarmadi. Ammo 9-sentyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qo‘ng‘irotboy Sharipovning uch o‘rinbosari – birinchi o‘rinbosar Shoxruh Daliyev, o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov ishdan olingani e’lon qilindi. Ertasi kuni, ya’ni 10-sentyabr sanasida Sardor Rajabov (sobiq Maktabgacha va maktab ta’limi Vaziri o‘rinbosari) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Yil oxiriga kelib 30-dekabr sanasidagina Prezident Qarori bilan Fargʻona davlat texnika universiteti rektori Salomov Oʻktam Rahimovich oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining yana bir o‘rinbosari vazifasiga kirishdi.
2025-yilda ham oliygohlarni birlashtirish siyosati davom ettirildi. Aprel oyida Prezident “Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Shuningdek, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti va Namangan to‘qimachilik sanoati instituti negizida Namangan davlat texnika universiteti tashkil topdi. Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti negizida Buxoro davlat texnika universiteti tashkil etildi. Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali negizida Nukus davlat texnika universiteti tashkil etish to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi. Bundan tashqari, Chirchiq davlat pedagogika universiteti negizida Chirchiq davlat universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali negizida Olmaliq davlat texnika instituti tashkil etildi.
Bu hali hammasi emas. Farg‘ona politexnika instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali negizida Farg‘ona davlat texnika universiteti; Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filiali hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Farg‘ona mintaqaviy filiali negizida Qo‘qon davlat universiteti; O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Farg‘ona filialini qo‘shib yuborish yo‘li bilan Farg‘ona davlat universiteti qayta tashkil etildi. Davlat rahbarining aprel oyidagi qaroriga ko‘ra, Namangan davlat universitetidagi tibbiyot fakulteti Andijon tibbiyot instituti filialiga aylandi. “Bu filial keyinchalik mustaqil oliygoh darajasiga olib chiqiladi, Andijon tibbiyot institutiga esa universitet maqomi beriladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Bundan tashqari, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti maqomi berildi.
Yakunlangan yilning eng katta bahslaridan biri masofaviy (online) ta’lim atrofida bo‘ldi.
Vazirlik ko‘plab xususiy universitetlarga masofaviy ta’lim uchun berilgan ruxsatnomalarni qayta ko‘rib chiqdi va aksariyatiga qabulni taqiqlab qo‘ydi. Profi University, Sharq University, University of Business and Science, Osiyo xalqaro universiteti, Iqtisodiyot va pedagogika universiteti ning ba’zi yo‘nalishlari uchun, asosan, masofaviy, shuningdek, kechki va magistratura shakllariga berilgan litsenziyalar bekor qilindi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi holatni “2025-yil 29-avgust kuni soat 06:19 dan 09:53 gacha https://license.gov.uz axborot tizimida yuzaga kelgan texnik nosozlik sababli” deya izohlagan bo‘lsa, bunga javoban Adliya vazirligi “tizimda hech qanday nosozlik kuzatilmagani” ni e’lon qildi. Natijada, ish sudga oshib, dastlabki jarayonda oliygohlar foydasiga hal bo‘lgan bo‘lsa-da, appelyatsiya sudi hukmni vazirlik foydasiga o‘zgartirdi. Biroq jarayonlar to‘liq yakunlanganicha yo‘q.
Kamchiliklar o‘z yo‘liga, shu o‘rinda, yutuqlarni ham e’tirof etish joiz.
2025-yilda Prezident tashabbusi bilan oliy ta’limga amaliyot bilan uyg‘unlashgan tahsil shakli – dual ta’lim olib kirildi. Oliy ta’lim muassasasidagi o‘qish sifatini yanada oshirish maqsadida grantlarni qayta taqsimlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Endi to‘lov-shartnoma asosida tahsil oluvchi talaba ham yaxshi o‘qish orqali davlat grantiga o‘tishi mumkin. Shuningdek, ta’lim sifatini oshirish maqsadida sirtqi ta’lim tugatildi. O‘rniga dunyo tajribasida keng qo‘llanuvchi masofaviy ta’lim shakliga ruxsat berildi. 2025-yil 1-iyundan “qizil” toifaga kiritilgan oilalarning “a’lo” baholarga o‘qigan talaba qizlariga bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdoridagi maxsus stipendiya to‘lanadigan bo‘ldi. Avgust oyi oxirida Respublikamiz oliy ta’lim muassasalarida jami 18 ta 9 ming 980 o‘rinli yangi talabalar turar joyi hamda Samarqand davlat universitetida 1000 o‘rinli va Namangan davlat universitetida 900 o‘rinli o‘quv binolari to‘liq foydalanishga topshirildi. Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Abdulla Avloniy va Botir Zokirov nomidagi stipendiyalar ta’sis etildi. 2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, talabalar turar joylari soni 368 taga yetib, 146 ming nafardan ortiq talabani joylashtirish imkoniyati yaratildi. Natijada talabalar turar joyiga bo‘lgan ehtiyojni qoplash darajasi 28 foizdan 54 foizga ko‘tarildi. Shuningdek, juda ko‘plab oliygohlarda rektorlar “almashtirildi”.
Xulosa qilib aytganda, 2025-yil oliy ta’lim tizimida tub burilish yasagan islohotlarning tom ma’nodagi muqaddimasi bo‘ldi. Umid qilamizki, xayrli tashabbuslar yangi 2026-yilda ham davom etadi.