15:02, Iyul 8, 2026
/
623

Oliy ta’limda turarjoy inqirozi: nega talabalar ijarada yashaydigan shaharda yotoqxonalar auksionga qo‘yiladi?!

Yangi o‘quv yili boshlanishiga ham oz vaqt qoldi. O‘zbekistonda o‘quv yilining ilk kunlaridagi tartibszlik odatiy holga aylanib ulgurgan. Talabalar yashash uchun ijaraga uy yoki universitetdan yotoqxona izlashga kirishadi. Sentyabr keliboq ko‘chalarda yuklarini ko‘tarib sarson yurgan talabalar va farzandiga yotoqxona so‘rayotgan umidvor ota-onalarga ko‘zingiz tushishi tabiiy.

1-kursga qabul ham sentyabrgacha hal bo‘ladi. Mandat chiqib, talaba bo‘lganini eshitgan abituriyentlarga endi navbatdagi muammo ro‘baro keladi: yotoqxona bormikan? Hech bo‘lmaganda boshlang‘ich kurs talabalarini o‘qish boshlanmasdan oldinroq yotoqxonaga joylashtirib, keyin chaqirishning iloji yo‘qmi?

Talaba o‘qishga kelsa-yu, yelkasida yashash joyi tashvishi bo‘lsa, uning xayoliga dars sig‘maydi. “Avlod Media”ning ushbu maqolasida talaba yoshlar hayotidagi azaliy muammolardan biri – yotoqxona masalasiga ko‘z tashlanadi.

Talabalar turarjoylarining sig‘imi qancha o‘zi?

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistondagi 112 ta davlat oliy taʼlim muassasalarida (OTM) jami 338 ta talabalar turar joyi (TTJ) mavjud bo‘lgan va ularning sig‘imi 127 792 o‘rin edi. Ammo oradan ikki yil o‘tib, respublikada oliygohlar soni ham, talabalar ham ancha ko‘paydi.

Statistika agentligining ochiq ma’lumotlari 2025/2026-o‘quv yili boshida mamlakatda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlarining (filiallar bilan birga) soni 215 ta ekanini ko‘rsatmoqda.

Bu ko‘rsatkich oldingi ikki yilga qaraganda kamaygan. Ammo talabalar soni faqat va faqat oshishda davom etmoqda.

Oliy ta’lim tizimidagi eng muhim o‘zgarishlaridan biri talabalar sonining so‘nggi besh yilda 2 barobarga ko‘payganidir.

2021-yilda mamlakatimiz oliygohlarida 808 ming nafar talaba tahsil olgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib bu ko‘rsatkich 1 million 535 ming nafarga yetdi. Boshqacha aytganda, besh yil ichida talabalar soni qariyb 727 ming nafarga oshdi. Eng qiziq ko‘rsatkichlardan biri talabalar tarkibidagi gender nisbatidir. Masalan, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qizlar soni 782 ming 900 nafarga yetib, yigitlar soni 752 ming 100 nafardan oshdi. Natijada, ular orasidagi farq 30 ming 800 ni tashkil qildi. Ayollar umumiy talabalar sonining 54,5 foizini tashkil etib, erkaklar esa 45,5 foizga teng bo‘ldi. Bu esa O‘zbekistonda xotin-qizlarning oliy ta’limga bo‘lgan imkoniyatlari oshib borayotganini tasdiqlaydi. Hech shubhasiz, bunday vaziyatda talabalar uchun turarjoy masalasini, iloji boricha yotoqxonani hal qilish bosh vazifalardan bo‘lishi shart.

2024-yilda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi O‘zbekistonda 46 252 o‘rinli 86 ta TTJ qurish yuzasidan loyihalar amalga oshirilayotgani haqida xabar bergandi. Ulardan 59 tasi (31 882 o‘rinli) davlat-xususiy sheriklik asosida, 27 tasi (14 370 o‘rinli) OTMlari mablag‘lari doirasida qurilayotgani ma’lum qilingandi. O‘shanda 34 320 o‘rinli 67 ta talabalar turarjoylarini qurish ishlari olib borilayotgani ochiqlangandi. 

Bundan tashqari, vazirlik 2026-yilda davlat OTMlarining yotoqxonalar quvvati 182 616 o‘ringa yetkazilib, talabalarni joy bilan taʼminlanish qamrovi 68 foizdan oshirilishiga ham va’da bergandi. “Avlod Media”ga ochiqlangan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda respublika miqyosida 34,8 ming o‘rinli 58 ta talabalar turar joylarini barpo etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ulardan 30,9 ming o‘rinli 50 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida, 3,9 ming o‘rinli 8 tasi oliygohlarning to‘liq o‘z mablag‘lari hisobidan loyihalar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, 21,5 ming o‘rinli 37 ta talabalar turarjoylarini qurish ishlari olib borilyapti.

Hartugul yilning yarmidan ko‘p qismi ham o‘tib bo‘ldi va yil tugashiga hali vaqt borligini inobatga olsak, o‘ylaymizki, yotoqxona masalasidagi vaziyat bundan-da yaxshilanadi.

Oliy ta’lim muassasalari va talabalar sonida Toshkent shahri yetakchilik qilyapti. Poytaxtda jami 98 ta OTM joylashgan bo‘lib, bu respublika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu yerda 579 mingdan ortiq talaba tahsil oladi, bu esa umumiy talabalar sonining 37,7 foizini tashkil etadi. Shu bois TTJlar soni eng ko‘p hudud ham Toshkent shahri hisoblanadi. Lekin yotoqxona soni talabalar nisbatiga baribir mutanosib emas.

Poytaxt shaharda talabalar yotoqxonasiga bo‘lgan ehtiyoj yil sayin oshib boryapti. Har o‘quv yili boshida minglab talabalar yashash joyi topish muammosiga duch keladi. Davlat esa bu muammoni yumshatish uchun ijara xarajatlarining bir qismini qoplashga milliardlab mablag‘ ajratmoqda, xususiy sektorni yotoqxona qurishga rag‘batlantirish uchun subsidiyalar beryapti.

Ammo shu paytning o‘zida butunlay boshqacha manzara ham kuzatilmoqda. Talabalar uchun qurilgan, yillar davomida xizmat qilgan yotoqxonalar birin-ketin sotuvga chiqarilayotgani borasida xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tobora keng tarqalyapti. Bulardan eng shov-shuvga sabab bo‘lgani sotuvga qo‘yilgani aytilayotgan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Muqimiy ko‘chasida joylashgan 9 qavatli yotoqxonasi haqidagi xabarlardir.

Qariyb bir gektar yer maydoni va 16 ming kvadrat metrga yaqin binodan iborat ushbu majmua auksionga qo‘yilgani – bor gap. Ammo rostan ham aynan talabalar yashaydigan binolar sotuvga chiqarildimi? Tahririyat internetda oxirgi paytlarda muhokama qilinib, tandqidlar ostida qolayotgan masala yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova bilan bog‘landi. Uning aytishicha, ayrim blogerlar va jamoatchilik vakillari tomonidan mavjud vaziyat noto‘g‘ri talqin qilinyapti. Ular nazdida go‘yoki talabalar yotoqxonasi sotuvga qo‘yilgan. Aslida, talabalar turarjoyi joylashgan hududida qad rostlagan, yashash uchun mo‘ljallanmagan va foydalanilmayotgan binolar raqamlashtirilyapti, ya’ni ular qayta davlat ro‘yxatiga olinyapti.

“Oldinlari bunday binolar, masalan talabalar oshxonasi kimningdir tanishiga berib yuborilgan bo‘lsa, endilikda ular faqat kattaroq to‘lov qilgan tadbirkorga beriladi. Bu esa universitet uchun ham, talabalar uchun ham katta foyda keltirishi mumkin”, – deydi mas’ul.

Telegramdagi “davletovuz” sahifasining yozishicha, bu birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Uning eslatishicha, 2025-yil bahorda ham universitetning 5 ta yotoqxonasi sotuvga qo‘yilgandi.

Bunga iqtisodchi Otabek Bakirov mana bunday munosabat bildiradi:

“Ayni paytda, o‘zi defitsit bo‘lgan yotoqxonalarni sotvorish to‘xtagani yo‘q. Mana Nizomiy peduniverstitetining mashhur va lekin ochofat ochko‘zlar nazdida poytaxtning “eng mazali” maskanida joylashgan beshta yotoqxonasi sotuvga qo‘yilgan. Bu yotoqxonalarga kim ko‘z tikkan (bunday joylarning egasi allaqachon tayin bo‘lmasa, ro‘yxatga kiritilmaydi) bilmayman, lekin aniqki, ularning insofiyam, oriyatiyam, qadriyatiyam yo‘q”.

“Bir talabaga yashash joyi minimumi qancha bo‘lishi kerak? Nechta talabaga sanitar zona (tualet va dush) va oshxona to‘g‘ri kelishi kerak? O‘shandayam va hanuzgacha talabalar uchun yotoqxonalar rejasini qisman zichlashtirish hisobiga yopishyapti. Axir talabalar yotoqxonasi kazarma yo izolyator emas, yigirma birinchi asrning yigirma oltinchi yilida yashayapmiz. Insonning (talabaning) inson o‘laroq qadri bo‘lishi kerak”, – yozadi iqtisodchi o‘z sahifasida.

Umuman, yotoqxonalar oddiy ko‘chmas mulk emas. Ular minglab talabalarning yashash joyi, ota-onalarning xotirjamligi, ta’lim tizimining muhim bir qismidir. Chunki aksariyat ota-onalar farzandining ijara kvartirada emas, aynan yotoqxonada yashashini xohlaydi. Sababi yotoqxonada tartib bor, nazorat bor, xavfsizlik bor. Talaba universitet muhitida bo‘ladi, dars va ilmiy faoliyatdan uzilib qolmaydi.

“Hech qachon to‘ymaydigan ochofatlar mayli. Nahotki maktab vazirligi, yo‘q, to‘xtanglar, Nizomiy binolariyam, yotoqxonalar ham kerak demagan bo‘lsa? Xo‘p, Nizomiyga yotoqxona kerakmas degan vaj-korson ishlatilsa, boshqa universitetlarga kerak-ku. Yotoqxona hatto birinchi kurslarga yetmayotganini hatto ko‘r ham bilib turibdi-ku. Va o‘zi maktab, shifoxona, poliklinikadan tortib talabalar yotoqxonalarigacha ijtimoiy obyektlarni sotishni to‘xtataylik. O‘zimizni ijtimoiy davlat deb e’lon qilganmiz. Noijtimoiy emas”, – deb yozadi Otabek Bakirov yana bir postida.


Ijara bozori esa butunlay boshqa voqelik. Narxlar yildan-yilga oshib boryapti. Ayrim hududlarda bir xonali kvartira uchun talabaning stipendiyasidan bir necha baravar yuqori mablag‘ talab qilinadi. Bu esa ota-ona zimmasiga qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘lib tushadi.

Poytaxt Toshkentda borgan sari ijaraga uy topish muammo: narxlar qimmat, xonadon egalari injiq, ijarachilarning esa moddiy ahvoli achinarli. Ijara tizimining tartibga solinmagani oqibatlaridan biri xohlagan odam birovga uy taklif qilishi, ijarachidan esa uy narxining 50% miqdorida o‘rtakashlik puli olishi mumkin. Olgan daromadidan esa bir tiyin ham soliq to‘lamaydi. Talabalarga uy ijaraga berish masalasida ham vaziyat murakkab. Ko‘pchilik uy egalari talabalarni ijarachi sifatida qabul qilmaydi, rozilik berganlari esa ko‘pincha bozorda talab kam bo‘lgan, sharoiti nochor uylarni ularga taklif etadi. Ular uchun ijara bozori butunlay boshqa voqelik. Narxlar yildan-yilga oshyapti. Ayrim hududlarda bir xonali kvartira uchun talabaning stipendiyasidan bir necha baravar yuqori mablag‘ talab qilinadi. Bu esa ota-ona zimmasiga qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘lib tushadi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti o‘tgan yil sentyabrda dollarning qadrsizlanishi va yangi o‘quv yilining boshlanishi Toshkent shahrida ijara narxlarining o‘sishiga olib kelganini yozgandi. Ammo iqtisodchi Mirkomil Xolboyev bu holatda mavsumiy omillarning (o‘quv yilining boshlanishi) ta’siri asosiy rol o‘ynagan deb hisoblashini aytdi.

Ochig‘i ham shunaqa-ku, bozordagi vaziyatga ochiq qarash kerak. O‘zingiz o‘ylang, viloyatdagi davlat ishida ishlovchi ota-ona farzandini o‘qitsinmi, ijarasini to‘lasinmi yoki o‘z oilasi va shaxsiy xarajatlari ustida bosh qotirsinmi? Maklerlar shu darajadaki, hattoki taklif etilayotgan uylarni ko‘rib kelish uchun sarflangan pulni ijarachidan oladi. Uy egasi bilan kelishib olib, har oy talabani ko‘chaga haydaydigan va shunday qilib har oy pul aylantiradiganlar ham yo‘q emas.

Agar talabalar turarjoyga muhtoj bo‘lsa, yotoqxonalarni ko‘paytirish kerak emasmi? Agar minglab talabalar ijarama-ijara yurishga majbur bo‘layotgan bo‘lsa, mavjud binolarni saqlab qolish lozim emasmi? Toshkentning qimmat yerlari biznes uchun jozibador bo‘lishi mumkin. Ammo universitetlar va yotoqxonalarning vazifasi yerdan maksimal daromad olish emas, yoshlarni ta’lim va sharoit bilan ta’minlashdir.

Talabalar turarjoyi masalasida Xitoy tajribasi

Bu borada Xitoy tajribasini o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Hozirda ushbu mamlakat universitetlarining aksariyati jahon reytingida munosib o‘rinlarni egallamoqda. Shu sababli ham Xitoy oliygohlarida chet ellik talabalar oqimi juda yuqori.

Talabalarning ijaraga xonadon topish muammosini asosan universitetlarning o‘zi o‘z zimmasiga olgan. Yotoqxonadan joy ololmagan yoshlar uchun maxsus platforma ishlab chiqilgan bo’lib, ushbu tizim orqali talabalar maxsus tashkilotlar yordamida alohida uylarga yoki 4–6 kishi yashashiga mo‘ljallangan xonadonlarga osonlik bilan joylashishi mumkin.

Mazkur platformaning eng katta afzalligi shundaki, talaba sarson bo‘lmasdan, qisqa vaqt ichida va arzon narxlarda o’zi uchun turarjoy topa oladi. E’tiborli jihati, oilali talabalar uchun belgilangan ijara to‘lovlari boshqalarga nisbatan sezilarli darajada arzonlashtirilgan.

Yotoqxona dastlab kimlarga beriladi?

Oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarining yakuniy natijalari (mandat) e’lon qilinganidan so‘ng, talabalikka tavsiya etilganlar davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalar turarjoyiga joylashish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali onlayn ariza yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Reglamentga muvofiq, dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar talabalar turarjoylariga qabul qilinadi. Shundan so‘ng, umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar soniga nisbatan navbat asosida taqsimlanadi. Jumladan, 1-kurs talabalari uchun 55-65 foizgacha joy ajratiladi.

Talabalarga ijara pulining bir qismi qanday qoplab beriladi?

O‘zbekistonda 2021-yil sentyabrida hukumat qarori bilan ijara huquqi asosida yashayotgan talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismini davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangandi.Qoplab beriladigan qism ijara narxlaridan kelib chiqib, Toshkent shahrida BHMning 1 baravari (412 ming so‘m), qolgan hududlarda BHMning 0,5 baravari (206 ming so‘m)dan oshmasligi belgilangan. Bunda mablag‘ o‘quv yili davomida (har yili 1-sentyabrdan 1-iyulgacha) yoki o‘qitish dasturi bo‘yicha o‘quv yilining davomiyligiga qarab beriladi. Buning uchun har oyning 7-sanasiga qadar nomzodlar ariza topshirishlari kerak.

Xulosa

Xulosa qilib aytganda, talabalar turarjoyi masalasi mamlakatimiz oliy ta’lim tizimidagi eng o‘tkir va og‘riqli muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Talabalar soni so‘nggi yillarda deyarli ikki barobarga oshgani, ayniqsa, poytaxtda ijara bozoridagi narxlarning balandligi hamda tartibsizligi ota-onalar zimmasiga juda og‘ir moliyaviy yuk tashlayapti. Garchand davlat tomonidan ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish tizimi joriy etilib, yangi yotoqxonalar barpo etish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa-da, mavjud ijtimoiy obyektlarning, xususan, ayrim universitetlar yotoqxonalarining sotuvga chiqarilayotgani jamoatchilikda haqli e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda.

Ushbu muammoni tizimli hal etish uchun, eng avvalo, mavjud yotoqxonalarni saqlab qolish va ularning sig‘imini kengaytirish zarur. Shu bilan birga, Xitoy tajribasidagi kabi talabalarni arzon va kafolatlangan ijara uylari bilan ta’minlovchi yagona maxsus platformani ishga tushirish amaliy yechim bo‘lishi mumkin. Zero, universitet – yerdan maksimal daromad oladigan biznes maskani emas. Yoshlarning o‘quv dargohiga boshpana tashvishi bilan emas, balki faqat ilm olish istagi bilan kelishi xotirjam va sifatli ta’limning eng asosiy kafolatidir.

Fikrlar (0)
Avval yangilari