13:36, Oktabr 31, 2025
/
489

“Ziyo Forum” – g‘oyalar haqiqatga aylanadigan makon!

Bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida “ma’rifatli jamiyat – buyuk davlatning poydevori” degan tamoyil asosiy g‘oyaga aylandi. Ushbu tamoyilni amaliyotga tatbiq etishda faqatgina davlat tasarrufidagi muassasalar emas, balki nodavlat ta’limiy-siyosiy subyektlar ham alohida o‘rin tutmoqda. Shulardan biri ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish xalqaro fondi sanalgan “Ziyo Forum”dir. Tuzilma 2019-yil oktyabr oyidan beri jamiyatda intellektual muhitni rivojlantirish, yoshlarning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va ta’lim sohasida yangi tashabbuslarni ilgari surish orqali davlat va jamiyat manfaatlari yo‘lida strategik funksiyani bajarib kelmoqda.

Ziyo Forum O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan ijtimoiy-ta’limiy tuzilma.

Uning bosh maqsadi – ilmga chanqoq yoshlar, izlanuvchilar va innovatsion fikr egalari uchun bilim, grant, tajriba va xalqaro imkoniyatlarni bir nuqtaga jamlashdir. U nafaqat grant va stipendiyalar beruvchi fond, balki “yoshlar tafakkurini yangi bosqichga ko‘taruvchi intellektual maydon” sifatida ta’lim, ilmiy va amaliy, ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi. Zotan, jamg‘arma ilk bor aynan ta’lim sifatini oshirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va mamlakatimizning yuqori malakali yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan. Bundan 6 yil avval Bobur Farmanov boshchiligidagi bir guruh shijoatli, ilmli yoshlar tomonidan tuzilgan tizimda bugungi kunda 60 dan ortiq inson faoliyat yuritadi. Ularning 85 foizini aynan yoshlar tashkil etishi, fondda yetishib chiqqan iqtidorlar mamlakatning eng oldi sohalarida o‘z faoliyatini davom ettirayotgani – tuzilmaning oldiga qo‘ygan maqsadlarini dastavval o‘zi namuna sifatida bajarib ko‘rsatishiga isbotdir. Ha, “Ziyo Forum” haqiqiy tajribaga ega kadrlar bazasini yaratish orqali ham mamlakat taraqqiyotiga o‘zining samarali hissasini qo‘shmoqda.

Tuzilma o‘zining maxsus ilovasiga ham ega. “Ziyo App” – bu poytaxt shahardagi barcha dolzarb voqealardan xabardor bo’lishga yordam beradigan innovatsion platforma. Uni yuklab olish orqali siz qiziqarli tadbirlar, konsertlar, festivallar, ko’rgazmalardan o‘z vaqtida boxabar bo‘lib turasiz. Ilovaning asosiy afzalliklaridan biri unda eng so‘nggi grantlar va chet elda o‘qish imkoniyatlari har kuni yangilab boriladi. Talabalar uchun maxsus tanlovlar va loyihalar, o‘zbek tilidagi o‘quv kurslar, testlar hamda foydali materiallar e’lon qilinadi. Eng asosiysi, har bir yo‘nalish bo‘yicha imkoniyatlar filtrlangan, hatto siz uchun mos imkoniyat chiqsa, ilovaning o‘zi xabar beradi!

Bundan tashqari, fondning ingliz tilida tashkil etiladigan, dolzarb global muammolar boʻyicha qizgʻin munozaralar va bilim almashishni ragʻbatlantirishga qaratilgan “Global talk”, O’zbekistondagi eng iqtidorli va munosib talabalarni aniqlash, ularni tan olishga yo‘naltirilgan “Ziyolilar”, eSport, mini-futbol va stol tennisini o’z ichiga olgan “Ziyo Cup”, ijtimoiy muammolar bo‘yicha “Gap Battle” munozara ligasi kabi loyihalari mavjud. “Alltest” platformasi orqali 1000 dan ortiq darslardan iborat 10 ta umumta’lim kurslarini o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritsangiz, “Smart Assessment” ilg‘or test markazi yordamida o‘z bilimlaringizni baholashingiz va yaxshilashingiz mumkin. “Ziyo Forum” ning eng yetakchi loyihalaridan biri “Avlod Media” hisoblanadi. Ushbu loyiha mamlakatimizdagi barcha talabalar uchun kontent tayyorlaydigan, davlat ro‘yxatidan o‘tgan ommaviy axborot vositasidir. Uning tarkibidagi “Voxpop” rubrikasi, “Talabachilik” podkasti, “Pro maktab”, “Pro univer” loyihalari ancha yillardan beri o‘zbekistonlik talabalar orasida mashhurlikka erishib kelmoqda.

Fond 5 yil ichida 4 mingtadan ko‘proq volontyorlarni birlashtirgan holda 50 dan ziyod muvaffaqiyatli loyihalar, 900 dan ortiq tadbirlar tashkil etgan. Ayni vaqtda 300 ta hamkorlar yoshlar uchun xayrli tashabbuslarni amalga oshirishda “Ziyo Forum”ga yordam berib, moddiy hamda ma’naviy jihatdan qo‘llab kelishmoqda. Ular orasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Fanlar akademiyasi kabi ta’lim-tarbiyaga oid tashkilotlar; HUMANS, KORZINKA, TBC Bank, UzAuto, Beeline, Coca-Cola kabi mashhur brendlar hamda respublikaning boshqa nufuzli tuzilmalari mavjud.

“Ziyo Forum” yoshlar markazi shaharning eng taniqli mavzelaridan biri – Qushbegida joylashgan. Markaz talabalar tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida do‘stona muhit yaratish va talabalarning o‘z-o‘zini rivojlantirishga ko‘maklashishga intiladi. Bu yerda yoshlar uchun barcha shart-sharoitlar mavjud: Wi-Fi tarmog‘iga ega kovorking maydoni, ma’ruza zallari, kutubxona, matematika, robototexnika, ingliz kurslarining barchasi bepul. Markaz talabalarning yangi g‘oyalari va ijtimoiy loyihalariga ochiq, ularga doim yordam berishga va qiziqtirgan masalalar bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga tayyor.

Siz ham “Ziyo Forum” safiga qo‘shiling. Bu yerda o‘z g‘oyalaringizni haqiqatga aylantiring!

Fikrlar (0)
Avval yangilari