Ayrim talabalar uchun ijara puli vaucher orqali qoplanadi

O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun ta’lim va yashash xarajatlarini qoplashning yangi tartibi joriy etiladi. 2027-yil 1-yanvardan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan talaba farzandlariga yotoqxona yoki ijara xarajatlarini qoplash uchun vaucher beriladi.
Yangi tartib Prezidentning 11-sentyabrdagi PF-193-son farmoni bilan belgilandi.
Vaucher orqali:
– davlat OTMlaridagi talabalar turar joyidan foydalanish xarajatlari;
– davlat-xususiy sherikchilik asosidagi talabalar turar joylarida yashash xarajatlari;
– xususiy uy-joyni ijaraga olgan talabalarning ijara xarajatlari qoplanadi.
Vaucherning amal qilish muddati 12 oy etib belgilanadi. Muhimi, oila keyinchalik Ijtimoiy reyestrdan chiqarilsa ham, vaucherning amal qilish muddati tugamaguncha undan foydalanish mumkin.
Talabalar turar joyidagi yashash xarajatlari talaba nomiga ochilgan ijtimoiy karta orqali davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Mazkur tartibni amalga oshirish uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ul etib belgilangan.
Bundan tashqari, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha to‘lovlari, maktabdagi qo‘shimcha ta’lim xarajatlari hamda yo‘lkira xarajatlarini qoplash uchun ham vaucher tizimi joriy etiladi.
Ya’ni, 2027-yildan ayrim ehtiyojmand oilalar farzandlarining nafaqat o‘qish, balki o‘qish bilan bog‘liq yashash va yo‘l xarajatlarini qoplashga ham davlat ko‘maklashadi.