12:17, Sentabr 24, 2026
/
3,4 тыс

Ayrim talabalarga milliy sertifikat imtihoni uchun 50 foiz chegirma beriladi

Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, pedagoglar uchun milliy sertifikat imtihonida qatnashish to‘lovi amaldagi summaning 50 foizi miqdorida undiriladi.

Bu imkoniyatdan ayrim talabalar ham foydalanishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qaroriga muvofiq, oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida pedagogika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar 3-kursdan boshlab, o‘qishiga xalaqit bermagan holda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, pedagogika yo‘nalishining 3-4-kursida tahsil olayotgan va umumiy o‘rta ta’lim muassasasida pedagogik faoliyat yuritayotgan talabalar milliy sertifikat imtihonida pedagoglar uchun belgilangan 50 foizlik to‘lov imtiyozidan foydalanishlari mumkin.

Imtiyozni belgilamay qolganlar nima qiladi?

Hozirda oktyabr oyida o‘tkaziladigan milliy sertifikat imtihoni uchun ariza qabul qilish yakunlangan. Ayrim talabgorlar ariza topshirish vaqtida 50 foizlik imtiyozni belgilamay qolgan.

Bilim va malakalarni baholash agentligi mutaxassislarining ma’lum qilishicha, belgilangan limit sababli ariza qabul qilish birinchi kunning o‘zidayoq yakunlangan. Shu sababli hozirda yuborilgan arizalarni tahrirlash yoki qayta topshirish imkoniyati mavjud emas. Biroq to‘lov muddati yakunlangach, imtihon to‘lovini amalga oshirmagan talabgorlarning arizalari bekor qilinishi hisobiga bo‘shagan o‘rinlarga ariza topshirish qayta ochilishi mumkin.

Shunda imtiyozdan foydalana olmay qolgan talabgorlar yangi ariza topshirib, 50 foizlik chegirmani belgilashlari mumkin.

Demak, ayni paytda arizani tahrirlash imkoniyati yo‘q. Qayta ariza qabul qilish ochilgan taqdirda esa tegishli talabgorlar imtiyozdan foydalanishlari mumkin.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari