10:55, Oktabr 9, 2026
/
491

Belgiyada talabalar kontrakt narxi oshishi ortidan namoyishga chiqishdi

Belgiyaning Lyej shahrida yuzlab yoshlar ta’lim xarajatlarining oshishi va ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarga qarshi namoyish o‘tkazdi. Talabalar kontrakt to‘lovlarining ko‘tarilishi, dars xonalaridagi gavjumlik va o‘quv materiallaridan foydalanish bilan bog‘liq muammolardan norozi. Namoyishlar vaqtida 107 kishi hibsga olingani haqida ham xabar berildi.

Kontrakt to‘lovi 11 million so‘mdan 15,8 million so‘mga oshishi mumkin

Norozilikning asosiy sabablaridan biri – Belgiyaning fransuz tilida so‘zlashuvchi hamjamiyatida oliy ta’lim uchun kontrakt to‘lovini oshirish rejasidir.

Taklifga ko‘ra, aksariyat talabalar uchun yillik kontrakt to‘lovi taxminan 11 million so‘mdan 15,8 million so‘mga ko‘tarilishi mumkin. Bu yiliga qariyb 4,8 million so‘m yoki 43 foiz qo‘shimcha xarajat degani.

Talabalar uchun xarajatlarning bunday oshishi oliy ta’lim olishni yanada qiyinlashtirishi mumkin. Bundan tashqari, dars xonalaridagi gavjumlik va o‘quv materiallaridan foydalanish bilan bog‘liq muammolar ham norozilikka sabab bo‘lmoqda.

Rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar Belgiyaning fransuz tilida so‘zlashuvchi hamjamiyatiga taalluqli bo‘lib, mamlakatning barcha hududlaridagi talabalar uchun bir xil tartibni anglatmaydi.

Namoyishlar vaqtida 107 kishi hibsga olingani xabar qilindi

Reuters xabarida Lyejdagi namoyishlar davomida tartibsizliklar yuz bergani, ayrim binolarga zarar yetkazilgani va yong‘inlar qayd etilgani aytiladi.

Mahalliy Belga axborot agentligi so‘nggi kunlarda 107 kishi hibsga olingani haqida xabar bergan.

Namoyishlar sabab ayrim do‘konlarga ish faoliyatini odatdagidan ertaroq yakunlash tavsiya qilingan. Shaharning asosiy temiryo‘l vokzali ham vaqtincha yopilib, keyinchalik qayta ochilgan. Politsiya esa shahar markazidagi harakatlanish bilan bog‘liq cheklovlar haqida aholini ogohlantirgan.

Talabalar nimani talab qilmoqda?

Yoshlarning e’tirozlari faqat kontrakt narxining oshishi bilan cheklanmaydi. Ular ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, o‘qish sharoitlari va sifatli ta’limdan foydalanish imkoniyatlari bilan bog‘liq muammolarga ham e’tibor qaratmoqda.

Reuters bilan suhbatlashgan 19 yoshli talaba Alfred Fransiyadagi yoshlar bilan hamjihatlik borligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, ikki mamlakat yoshlarini o‘xshash muammolar birlashtirmoqda.

O‘qituvchi bo‘lish uchun tahsil olayotgan 19 yoshli Amelia Di Salve esa namoyishlarga Fransiyadagi talabalar harakati ham ta’sir ko‘rsatganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, yoshlar o‘zgarishlar yetarli bo‘lmayotganini ko‘rib, norozilik orqali o‘z talablarini bildirishga qaror qilgan.

Namoyishchilarning asosiy maqsadi – ta’lim xarajatlarining oshishiga qarshi chiqish va yoshlarning sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini himoya qilish.

Shahar ma’muriyati vaziyatni barqarorlashtirishga umid qilmoqda

Lyej shahri meri Villi Demeyer shaharda osoyishtalikni tiklash va vaziyatni barqarorlashtirish zarurligini ta’kidladi. U yoshlar bilan muloqot o‘rnatish va ularning e’tirozlarini muhokama qilish muhimligini qayd etdi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 2025/2026-o‘quv yilida davlat OTMlarida bir yillik bazaviy kontrakt miqdori yo‘nalishga qarab 7,4 million so‘mdan 14,6 million so‘mgacha bo‘lgan. Ayrim universitetlarda esa kontrakt narxi bundan farq qiladi. Masalan, 2026/2027-o‘quv yilida Toshkent davlat tibbiyot akademiyasida bakalavriat uchun yillik kontrakt 15,7 million so‘mdan 20 million so‘mgacha, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida esa bakalavriatning 1–3-bosqichlari uchun 33,75 million so‘m etib belgilangan.

Belgiyada taklif etilayotgan 15,8 million so‘mlik yillik kontrakt O‘zbekistondagi ayrim OTMlar to‘loviga deyarli teng, ba’zi universitetlarda esa kontrakt miqdori bundan ham yuqori.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari