07:38, Avgust 21, 2026
/
350

Bilim bor, malaka yo‘q: endi OTTlarda amaliy ko‘nikmalar ham shakllantiriladi

O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlarida kunning ikkinchi yarmida talabalarning kasbiy va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Bu haqida Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda keltirilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari talabalarining 63 foizi o‘qish davomida yetarli amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmayotganini bildirgan.

Shu sababli oliy va professional ta’limda amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish, mavjud imkoniyatlardan talabalarni kasbga o‘rgatishda kengroq foydalanish vazifasi qo‘yildi.

Ta’lim mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtiriladi

Davlat rahbari kasb-hunarga o‘qitish tizimini qayta ko‘rib chiqish va uni mehnat bozori ehtiyojlari bilan uzviy bog‘lash zarurligini ta’kidladi. Xususan, Xorazm viloyatida hozirda 50 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni mavjud, biroq zarur malakaga ega kadrlar yetishmasligi sabab ularning bir qismi bo‘sh qolmoqda. Shu bois universitetlarda nazariy bilim bilan bir qatorda talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga ko‘proq e’tibor qaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Yil yakuniga qadar Xorazmda 39 ming nafar ishsiz fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash, shuningdek, 18 mingta kam ta’minlangan oiladagi 81 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari