Birinchi kurslar, o‘qishdan haydalishga asos bo‘luvchi holatlar haqida bilib oling!

Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida talabalarni o‘qishdan chetlatish va kursdan-kursga qoldirish tartiblari belgilangan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, talaba quyidagi holatlarda OTMdan chetlashtirilishi mumkin:
– o‘z xohishiga ko‘ra;
– boshqa OTMga o‘qishini ko‘chirganda;
– ichki tartib yoki odob-axloq qoidalarini buzganda;
– uzrli sababsiz bir semestrda 74 soatdan ortiq dars qoldirganda;
– kontrakt to‘lovini belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;
– sud qarori bilan ozodlikdan mahrum etilganda;
– kirish imtihonlari tartibini buzganligi sud tomonidan aniqlanganda;
– qabulda qalbaki yoki talablarga mos kelmaydigan hujjatlar taqdim etilgani aniqlanganda.
Talaba qaysi holatlarda kursda qoldiriladi?
Talaba OTM rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan quyidagi holatlarda kursdan-kursga qoldirilishi mumkin:
– belgilangan muddatda fanlarni o‘zlashtira olmasa va akademik qarzdor bo‘lsa. Biroq kredit-modul tizimida o‘qiyotgan talabalar uchun bu tartib boshqacha;
– kredit-modul tizimida ta’lim olayotgan talaba semestr yoki o‘quv yili yakunida belgilangan GPA o‘tish balini to‘play olmasa;
– malakaviy amaliyotga qatnashmasa yoki amaliyot yakunida qoniqarsiz baho olsa.
Ya’ni, fanlardan qarzdorlik, GPAning yetarli bo‘lmasligi yoki malakaviy amaliyotni muvaffaqiyatli yakunlamaslik talabaning kursda qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ilmira Alizoda