07:40, Mart 11, 2026
/
333

Bitiruvchilar bandligi 93 foiz: Prezident yangi takliflar taqdimoti bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-mart kuni qishloq va suv xoʻjaligi uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Koʻp sohalarda ilm real hayotdan uzoqlashib ketgani, qishloq va suv xoʻjaligida ham ayrim yirik loyihalarni amalga oshirishda ilmiy asoslash va ekspertizaga yetarlicha eʼtibor qaratilmayotgani, olimlar va tadqiqotchilarning salohiyatidan toʻliq foydalanilmayotgani qayd etildi. Natijada baʼzi loyihalar kutilgan samarani bermayotgani taʼkidlandi.

Hozirgi kunda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida 11 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, 7 ta fakultet, 37 ta kafedra va 38 ta taʼlim yoʻnalishi faoliyat yuritmoqda. Bitiruvchilarning bandlik darajasi esa 93 foizni tashkil etadi.

Shu bilan birga, muhandis kadrlarni tayyorlashda nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida dual taʼlim tizimini keng joriy etish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Bunda talabalar haftasiga 4 kun nazariy bilim olishi, 2 kun ishlab chiqarish korxonalarida haq to‘lanadigan amaliyot o‘tashi nazarda tutilgan. Shuningdek, suvni tejash, kanallarni betonlash, smeta tuzish, kichik GESlar qurish va hosilni yig‘ish ishlarida talabalarning bevosita ishtiroki ta’minlanadi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz suv resurslarining katta qismi transchegaraviy manbalarga bogʻliqligi, suv resurslari sohasida diplomat kadrlarni tayyorlash muhim strategik vazifalardan biri ekani taʼkidlandi. Ushbu maqsadda suv resurslari bo‘yicha diplomat kadrlar tayyorlash maqsadida magistratura dasturini kengaytiriladi va davlat granti asosidagi qabul o‘rinlarini ko‘paytiriladi.

Takliflar

Universitetda tashkil etilgan “Xalqaro suv diplomatiyasi” magistratura dasturini kengaytirish va davlat granti asosidagi qabul oʻrinlarini koʻpaytirish taklifi ham Prezident tomonidan maʼqullandi. Bu dastur orqali qo‘shni davlatlar uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash koʻzda tutilgan.

Taqdimot so‘ngida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida raqamli boshqaruv va KPI tizimlarini joriy etish, taʼlimning uzluksiz “maktab – texnikum – universitet – ishlab chiqarish” zanjiri asosida kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish boʻyicha rejalar ham maʼlum qilindi. Kelasi yillarda universitetda kosmik tadqiqotlar va sun’iy yo‘ldoshlar laboratoriyasini tashkil etish, kosmik ma’lumotlar asosida ilmiy tavsiyalar ishlab chiqish hamda universitetda dronlarni boshqarishga o‘qitish bo‘yicha maxsus kurslarni yo‘lga qo‘yish maqsadlari ham taqdimotda mavjud.

Fikrlar (0)
Avval yangilari