10:23, Iyun 4, 2026
/
787

Endi bitiruvchi talabalarning ayrimlariga stipendiya to‘lanadi

Prezidentning “Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan mamlakatimizda bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan “Mening birinchi kasbim” dasturi rasman start olmoqda.

Ushbu yirik loyihani hayotga tatbiq etish va bitiruvchilarni kasbga tayyorlash jarayonlarini tashkil qilish “O‘zmilliybank” AJ, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida amalga oshiriladi. Tizimning ishlash mexanizmiga ko‘ra, “O‘zmilliybank” tomonidan tegishli mablag‘larni oliygohlarga o‘tkazib berish uchun oliy ta’lim muassasasi, ish beruvchi va talaba o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma asos bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur shartnomaga asosan, amaliyot o‘tayotgan bitiruvchi talabalarga OTM tomonidan har bir oy uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, ya’ni 2 million 60 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorda qo‘shimcha stipendiya to‘lab boriladi.

Bundan tashqari, agarda ish beruvchining ehtiyojidan kelib chiqib zarurat tug‘ilsa, talabaning chet eldagi oliy ta’lim muassasalari hamda korxonalarda qisqa muddatli kurslarda qatnashishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, ya’ni 20 million 600 ming so‘m miqdorida mablag‘ qoplab berilishi ko‘zda tutilgan. Yoshlarning istiqbolli startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida esa ularning namunaviy modelini, ya’ni MVP variantini yaratish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizgacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan to‘lab beriladi.

Ushbu keng ko‘lamli dastur ijrosini to‘liq moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan beg‘araz asosda 15 million dollar ekvivalenti miqdorida yirik mablag‘ ajratilmoqda. Yangi tizim doirasida talabalar va yoshlarga biznes qilishlari uchun imtiyozli kreditlar berish orqali mehnat bozorida jami 100 mingga yaqin qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish hamda yoshlarning bandligini muvaffaqiyatli ta’minlash maqsad qilingan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari