“Bo‘ydan baland dor”: DXX akademiyasiga qabul tartibini bilasizmi?

Ertaga, 18-noyabr kuni soat 10:00 dan 13:00 ga qadar Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga nomzodlarni saralash uchun test sinovlari o‘tkaziladi.
Xo‘sh, unga qabul tartibi qanday?
Nomzodlarni saralab olish Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-apreldagi 241-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Jumladan, akademiyaga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga, qoidaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining bitiruvchilari bo‘lgan, erkak jinsidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
Nomzodlar uchun asosiy talablar qaysilar?
– Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra yaroqli deb topilgan bo‘lishi;
– Bo‘yi 170 sm dan past bo‘lmagan bo‘lishi;
– O‘n yetti yoshdan yigirma uch yoshgacha bo‘lgan, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining bitiruvchilari;
– O‘n sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha bo‘lgan, ofitserlar tarkibi harbiy unvonlariga ega bo‘lmagan, rezervdagi harbiy xizmatga majburlar;
– O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli va kontrakt asosida harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar;
– Yigirma olti yoshgacha bo‘lishi va Akademiyada bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish istagini bildirishi (ro‘yxatdan o‘tishi).
Bunda saralab olishning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar Akademiyada o‘qishni birinchi kursdan boshlaydi.
Hujjatlar qaysi sanagacha qabul qilinadi? Qayerga topshiriladi?
Talabgorlar har yili my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Aniq sanalar har yili ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib boriladi.
Test topshiriqlari tartibi qanaqa?
Test sinovlari ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq), matematika, O‘zbekiston tarixi va chet tili fanlaridan o‘tkaziladi. Bunda nomzodlarga jami 90 ta test topshirig‘i va ularni ishlash uchun javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga 3 soat (har 30 ta test topshirig‘iga 1 soat) vaqt ajratiladi.
Test sinovida to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 249 ballni tashkil etadi.