Britaniya universitetlari moliyaviy inqirozga uchrashi mumkin

Buyuk Britaniya universitetlari xorijiy talabalar sonining kamayishi sabab moliyaviy inqiroz xavfi kuchayayotgani haqida ogohlantirmoqda. Ayrim OTMlarda xalqaro talabalar qabuli 30 foizgacha qisqarishi mumkin.
Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyul oxirigacha talabalik vizasi uchun arizalar o‘tgan yilga nisbatan 11 foiz kamaygan. Universitet rahbarlari kuzgi qabul yakuniga qadar bu ko‘rsatkich yanada jiddiy tus olishi mumkinligidan xavotirda.
5 nafar xorijiy talaba – 1 ta ish o‘rni
Britaniya universitetlari daromadining muhim qismi xorijiy talabalar to‘laydigan kontrakt hisobidan shakllanadi. King’s College London vitse-kansleri Shitij Kapurning aytishicha, har besh nafar xorijiy talabaning kamayishi universitetdagi bitta ish o‘rniga ta’sir qilishi mumkin.
Demak, talabalar sonining qisqarishi faqat daromad kamayishi emas. Bu:
– xodimlar qisqarishi;
– ayrim kurs va yo‘nalishlarning yopilishi;
– talabalar uchun ta’lim imkoniyatlarining kamayishiga olib kelishi mumkin.
Buning dastlabki belgilari allaqachon ko‘rina boshlagan. University of Exeter Kornuolldagi Penryn kampusida geografiya yo‘nalishlarini yopishini e’lon qildi. Qaror bu yil ushbu dasturlarga hujjat topshirgan abituriyentlarga ham ta’sir qiladi.
Muammo faqat talabalar kamayishida emas
Buyuk Britaniyada mahalliy bakalavriat uchun kontrakt 2017-yildan 2025-yilgacha 9 250 funt sterling miqdorida deyarli o‘zgarmagan. Shu davrda inflyatsiya sabab bu mablag‘ning real qiymati qariyb uchdan birga tushgan.
Buning ustiga hukumat tomonidan har bir xorijiy talaba uchun 925 funtlik yig‘im joriy etilishi universitetlarning xarajatlarini yanada oshirishi kutilmoqda.
Shu sabab oliy ta’lim sohasi vakillari hukumatdan ushbu yig‘imni qayta ko‘rib chiqishni so‘ramoqda.
Keyingi qadam – yo‘nalishlarni yopishmi?
Sobiq universitetlar vaziri David Willetts bunday xavf mavjudligini aytgan. Uning fikricha, moliyaviy bosim davom etsa, ayrim universitetlar faoliyatini davom ettira olmay qolishi mumkin.
Ammo u bundan ham katta xavf sifatida universitetlarning omon qolish uchun:
– xodimlarni qisqartirishi;
– yo‘nalishlarni yopishi;
– ta’lim sifatiga sarflanadigan mablag‘ni kamaytirishini ko‘rsatgan.
Russell Group ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy talabalar oqimining kamayishi faqat universitetlarga emas, mamlakat iqtisodiyotiga ham ta’sir qilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Buyuk Britaniya bundan qariyb 3 milliard funt sterlinglik sof iqtisodiy foydani yo‘qotgan.
Mahalliy talabalar ko‘p, pul esa baribir yetmayapti
Ayni paytda britaniyalik yoshlarning oliy ta’limga qiziqishi yuqori. 2026-yilda Angliyada 194,8 ming nafar 18 yoshli abituriyent o‘zining birinchi tanlovidagi universitetga qabul qilingan.
Biroq universitet rahbarlari mahalliy talabalar sonining oshishi xorijiy talabalar kamayishidan kelayotgan moliyaviy yo‘qotishni qoplay olmasligini aytmoqda.
Shu sabab Buyuk Britaniya oliy ta’limida asosiy savol endi faqat “qancha talaba keladi?” emas. Masala ayrim universitetlar mavjud yo‘nalishlar, ish o‘rinlari va ta’lim sifatini hozirgi darajada saqlab qola oladimi, degan nuqtaga kelib qolgan.