09:31, Avgust 24, 2026
/
346

Butun boshli tuman aholisiga teng: O‘zbekistonda necha nafar xorijlik talaba tahsil olmoqda?

O‘zbekistonda tahsil olayotgan xorijiy talabalar soni 24 mingdan oshgan. Ularning yarmidan ko‘prog‘ini Hindiston fuqarolari tashkil etadi.

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil holatida O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlarida 24 647 nafar xorijiy talaba tahsil olgan. Ular 50 dan ortiq davlat fuqarolaridir.

Xorijiy talabalar qaysi davlatlardan?

Eng katta ulush Hindistonga to‘g‘ri keladi:

  • Hindiston – 13 060 nafar
  • Turkmaniston – 4 884 nafar
  • Pokiston – 1 165 nafar
  • Qozog‘iston – 1 129 nafar

Demak, O‘zbekistondagi har ikki xorijiy talabadan bittasidan ham ko‘prog‘i Hindiston fuqarosi.

Xorijiy talabalar asosan qayerda o‘qiydi?

Xorijiy talabalar eng ko‘p Toshkent shahrida tahsil olmoqda – 11 556 nafar yoki jami xorijiy talabalarining 46,9 foizi.

Keyingi o‘rinlarda:

Samarqand – 4 382 nafar
Buxoro – 2 879 nafar
Farg‘ona – 1 809 nafar
Andijon – 1 495 nafar
Xorazm – 1 407 nafar

Shu olti hududning o‘zida 23 528 nafar xorijiy talaba, ya’ni jami kontingentning 95,5 foizi jamlangan.

Xorijliklar eng ko‘p qaysi yo‘nalishda o‘qiydi?

Xorijiy talabalar uchun O‘zbekistonda eng ommabop yo‘nalish – tibbiyot.

Tibbiyotga ixtisoslashgan oliy ta’lim tashkilotlarida 15 656 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda.

Umuman, xorijiy talabalarning 22 685 nafari yoki 92,04 foizi davlat OTMlarida o‘qimoqda.

Ularning aksariyati yoshlar

Xorijiy talabalar tarkibida 21–25 yoshdagilar eng katta guruhni tashkil etadi – 12 691 nafar.

17–20 yoshdagi talabalar esa 8 787 nafar.

Shunday qilib, xorijiy talabalarning 87,2 foizi 17–25 yosh oralig‘ida.

Gender tarkibida esa katta farq yo‘q: 12 101 nafar ayol va 12 546 nafar erkak talaba qayd etilgan.

Xorijiy talabalarni ko‘paytirish uchun yangi yo‘nalishlar kerak

Agentlik O‘zbekiston xorijiy talabalarni jalb qilishni faqat tibbiyot yo‘nalishi bilan cheklab qo‘ymasligi kerakligini ta’kidlagan.

Buning uchun muhandislik, raqamli texnologiyalar, iqtisodiyot, pedagogika va agrar sohalardagi ta’lim dasturlarini xorijiy talabalar uchun yanada jozibador qilish tavsiya etilgan.

Shuningdek, ingliz tilidagi ta’lim dasturlari, ko‘p tilli axborot resurslari va xorijiy talabalar uchun qo‘llab-quvvatlash tizimini rivojlantirish muhim yo‘nalish sifatida qayd etilgan.

O‘zbekistonda xorijiy talabalar sonining ortib borayotgani mamlakat oliy ta’lim tizimining xalqaro jozibadorligi oshayotganini ko‘rsatadi. Biroq mavjud oqimning katta qismi tibbiyot va ayrim hududlarda jamlangani boshqa ta’lim yo‘nalishlarini ham xalqaro bozorda targ‘ib qilish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari