10:34, Sentabr 24, 2026
/
220

BuxDU binolari sotilmoqda, o‘rnida turizm markazi quriladi

Buxoro davlat universitetining shahardagi ma’muriy va o‘quv bino-inshootlari qariyb 658,9 mlrd so‘mlik boshlang‘ich narxda sotuvga chiqarildi.

Davlat aktivlari bo‘yicha ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro shahri Muhammad Iqbol ko‘chasidagi universitetga tegishli 15 gektarlik mulkiy majmua xususiylashtirish ro‘yxatiga kiritilgan.

Xaridor oldida qanday shart bor?

Mazkur obyektni sotib oladigan investor hududdan turizm markazi tashkil etish uchun foydalanishi kerak bo‘ladi.

Universitetning mavjud binolari esa BuxDU yangi kampusiga ko‘chib o‘tgach, xaridorga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Bu jarayon BuxDUning yangi kampusi qurilishi bilan bog‘liq. Universitetning rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, 30,2 gektar hududda yangi kampus barpo etilmoqda. Unda 20 ming talabaga mo‘ljallangan 7 ta o‘quv binosi va 5 400 o‘rinli 9 ta talabalar turar joyi qurilishi rejalashtirilgan.

Yangi kampusda nimalar bo‘ladi?

Yangi majmua faqat o‘quv binolaridan iborat bo‘lmaydi. Unda:

– 7 ta zamonaviy o‘quv binosi;
– 9 ta talabalar turar joyi;
– stadion va sport zali;
– amfiteatr;
– kutubxona;
– avtoturargohlar;
– dam olish va ochiq sport maydonlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, sentabr oyida BuxDUda 2 700 o‘rinli yangi o‘quv binosi ham foydalanishga topshirilgan. Mazkur majmua qurilishiga universitetning o‘z mablag‘laridan 86,5 mlrd so‘m yo‘naltirilgan.

Demak, BuxDUning eski bino va inshootlarini sotish jarayoni universitetning yangi kampusga bosqichma-bosqich ko‘chirilishi bilan bog‘liq.

658,9 mlrd so‘mlik obyekt o‘rnida esa kelgusida turizm markazi paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari