09:29, Avgust 19, 2026
/
1,0 тыс

Buxoroda 18 yoshli talaba noto‘g‘ri ovqatlanish sabab shifoxonaga yotqizildi

Buxoroda 18 yoshli talaba qiz muntazam fastfud iste’mol qilishi va vaqtida ovqatlanmasligi ortidan oshqozon bilan bog‘liq muammolar sabab shifoxonaga yotqizildi.

Talaba Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga isitma, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, holsizlik va qorin sohasidagi kuchli og‘riqlar bilan murojaat qilgan. Tekshiruvlardan so‘ng u gastroenterologiya bo‘limiga yotqizilgan. Shifokorlar unda oshqozon yarasi boshlanishi alomatlarini aniqlagan.

Qizning aytishicha, u ertalab ko‘pincha nonushta qilmasdan o‘qishga ketgan, kechqurun esa kam ovqatlangan. O‘qish vaqtida esa fastfud mahsulotlarini tez-tez iste’mol qilgan.

Mutaxassislar yoshlar orasida tartibsiz ovqatlanish, tez tayyorlanadigan taomlar, gazli va energetik ichimliklarni ko‘p iste’mol qilish oshqozon-ichak tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Shifokorning tushuntirishicha, fastfud mahsulotlari odatda yuqori kaloriyali bo‘lib, ularni muntazam va me’yoridan ortiq iste’mol qilish oshqozon shilliq qavatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Ayniqsa, ovqatlanish vaqtini o‘tkazib yuborish va keyinchalik og‘ir taomlarni iste’mol qilish organizm uchun qo‘shimcha yuklama yaratadi.

Mutaxassislar fastfuddan butunlay voz kechishdan ko‘ra, uni me’yorida iste’mol qilish, nonushtani o‘tkazib yubormaslik va kunlik ovqatlanish tartibiga rioya qilish muhimligini eslatmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari