09:59, Oktabr 20, 2026
/
1,3 тыс

Dam olish kunlarida kursdoshingizni (bepul) kinoga taklif qilsangiz bo‘ladi

Dam olish kunlarini maroqli va foydali o‘tkazishni rejalashtirayotgan talabalar uchun ajoyib xabar! Toshkent va Urganch shaharlarida XI Yevropa kino festivali start olmoqda. Festival doirasida Yevropa mamlakatlarining saralangan filmlarini mutlaqo bepul tomosha qilishingiz mumkin.

Festival Toshkentda 23-25-oktyabr kunlari O‘zbekiston Milliy kino san’at saroyida (Navoiy shoh ko‘chasi, 15) soat 11:00, 14:00 va 18:00 dagi seanslarda bo‘lib o‘tadi. Ilk bor o‘tkazilayotgan Urganch shahridagi namoyishlar esa 27-oktyabr kuni Xudoybergan Devonov nomidagi kinoteatrda soat 11:00, 14:00 va 16:30 da tashkil etiladi.

Festival dasturidan Kipr, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Italiya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Ruminiya hamda Sloveniya kabi 10 dan ortiq davlatning 11 ta saralangan filmi kiritilgan. Tomoshabinlar dramatik va biografik filmlar, hujjatli kinolar hamda qiziqarli animatsiyalarni tomosha qilishlari mumkin.

Shuningdek, 28-oktyabr kuni Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida talabalar uchun maxsus qisqa metrajli filmlar namoyish etiladi. Bundan tashqari, Moc Hub madaniy makonida ham keng jamoatchilik uchun alohida seanslar bo‘lib o‘tadi.

Barcha namoyishlarga kirish bepul bo‘lib, filmlar o‘z asl tilida, o‘zbek va/yoki rus tilidagi subtitrlar bilan taqdim etiladi. Yevropa kinosi va madaniyati bilan tanishish hamda xorijiy tillarni amalda mustahkamlash imkoniyatini qo‘ldan boy bermang!

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari