13:29, Sentabr 2, 2026
/
4,1 тыс

Universitetlarda darslarni o‘qituvchilar emas AI o‘tadi

Avstraliyadagi Macquarie University talabalar ta’limida sun’iy intellektdan foydalanishni yanada kengaytirmoqda. Universitetning ikki majburiy psixologiya fanida talabalar haftalik mashg‘ulotlarning bir qismida Virtual Peer nomli AI chatbot bilan ishlamoqda.

Virtual Peer oddiy savollarga javob berish bilangina cheklanmaydi. U talabalarni savollar orqali fikrlashga undaydi, turli vaziyatlarga asoslangan mashqlarni bajarishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi va o‘quv jarayonida virtual hamroh vazifasini bajaradi. Universitetning ta’kidlashicha, AI mashg‘ulotlari asosiy ta’limni almashtirmaydi, balki o‘qish materiallari, testlar va videolarni to‘ldiradi.

O‘qituvchi o‘rniga – robot?

Bu tajribaning eng bahsli jihati shundaki, fanlarning onlayn shaklida avval talabalar uchun haftalik Zoom mashg‘ulotlarini pullik o‘qituvchilar olib borgan. Hozir esa ushbu fanlarda o‘quv materiallari va videolardan tashqari Virtual Peer ham muhim ta’lim vositasiga aylangan.

Biroq universitet o‘qituvchilar butunlay ta’lim jarayonidan chiqarib tashlanganini aytmayapti. Talabalar hali ham inson o‘qituvchilardan fikr-mulohaza olish imkoniga ega. Buning uchun haftalik ixtiyoriy Zoom sessiyalari tashkil etiladi. Masalan, birinchi bosqichdagi fan bo‘yicha 400 nafar talaba uchun haftasiga oltita, yuqori bosqichdagi 700 nafar talaba uchun esa o‘nta sessiya o‘tkaziladi.

Talabalar bundan norozi

AI’ning ta’limdagi roli oshib borayotgani ayrim talabalarni xavotirga solmoqda.

Talabalardan biri onlayn ta’lim formatiga o‘tishga majbur bo‘lganidan so‘ng, o‘zini noqulay his qilganini bildirgan. Uning fikricha, avvalgi guruh muhokamasi va o‘qituvchi bilan muloqot o‘rnini robot bilan bajariladigan mashg‘ulot egallagan.

Bu esa ta’limda muhim savolni yuzaga chiqarmoqda: AI o‘qituvchiga yordamchi bo‘lib qoladimi yoki vaqt o‘tishi bilan uning vazifalarini tobora ko‘proq o‘z zimmasiga oladimi?

Universitet esa AI’ni o‘qituvchiga yordamchi deb hisoblaydi

Macquarie University Virtual Peer’ni o‘qituvchilarni almashtirish uchun emas, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilganini ta’kidlamoqda.

Chatbot foydalanadigan ma’lumotlar professorlar tomonidan kiritiladi va tekshiriladi. Shu sababli universitet bu vositani umumiy maqsaddagi AI xizmatlariga qaraganda muayyan fan va o‘quv dasturiga ko‘proq moslashtirish mumkinligini ta’kidlaydi.

Virtual Peer’dan foydalanish ko‘lami ham tez oshmoqda. Universitet ma’lumotlariga ko‘ra, chatbot 2025-yil davomida qariyb 80 mingta savolga javob bergan, 2026-yilning dastlabki olti oyida esa deyarli shuncha savolga javob berilgan. Savollarning katta qismi ma’muriy masalalarga oid bo‘lgan.

AI ta’limda tobora ko‘proq qo‘llanmoqda

Macquarie University Avstraliyada sun’iy intellektni ta’lim jarayoniga tizimli ravishda kiritayotgan universitetlardan biri. Melbourne University va Sydney University ham ta’limda AI texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirmoqda.

Masalan, Sydney University yuzlab akademiklar foydalanayotgan Cogniti platformasi orqali chatbotlar va turli vaziyatlarga asoslangan mashqlarni ta’lim jarayoniga qo‘llamoqda. Universitet ushbu texnologiyani Avstraliya, Yangi Zelandiya va Niderlandiyadagi boshqa ta’lim muassasalari bilan ham bo‘lishgan.

Shu bilan birga, Sydney University kelajakda AI har bir talaba uchun yanada shaxsiylashtirilgan ta’limni taqdim etishi, buning natijasida o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi bevosita muloqot vaqti qisqarishi mumkin bo‘lgan ssenariylarni ham muhokama qilmoqda. Universitet esa insoniy qaror, mas’uliyat va munosabatlar texnologiya bilan almashtirilmasligini bildirgan.

AI’ning ta’limga kirib kelishi nafaqat talabalar, balki universitet xodimlari orasida ham xavotir uyg‘otmoqda.

Sydney University xodimlari orasida AI sabab kelajakdagi ish o‘rinlari va mehnat sharoitlari haqida xavotirlar mavjudligi qayd etilgan. Universitet xodimlari kasbiy kelajagi, ish yuklamasi va sun’iy intellektdan foydalanish qoidalari bo‘yicha himoya choralarini talab qilmoqda.

Central Queensland University dotsenti Meena Jha esa ta’limda insoniy muloqot muhimligini ta’kidlagan. Uning fikricha, agar virtual o‘qituvchilar barcha jarayonlarni egallab olsa, talabalar bilan bevosita muloqot va ularning ta’lim jarayoniga jalb etilishi katta muammoga aylanishi mumkin.

Fikrlar (0)
Avval yangilari