Davlat grantini qayta taqsimlash natijalari e’lon qilinmoqda

Davlat OTMlarida tahsil olayotgan talabalar uchun 2026/2027-o‘quv yiliga davlat grantlarini qayta taqsimlash natijalari e’lon qilina boshlandi.
Grant uchun ariza topshirgan talabalar natijani HEMIS’dagi shaxsiy kabineti orqali ko‘rishi mumkin.
Grant endi bir marta berilib, o‘qish oxirigacha saqlanib qolmaydi
Yangi tartibga ko‘ra, davlat granti bir o‘quv yili uchun beriladi. Keyingi kurslarda esa grant o‘rinlari talabalar o‘rtasida qayta taqsimlanadi. Shu sababli talaba OTMga grant asosida kirgan bo‘lsa ham, keyingi yili grant o‘rnini saqlab qolishi qayta taqsimlash natijasiga bog‘liq.
Grantning ikki turi mavjud
To‘liq grant olgan talabaning o‘qish xarajati davlat tomonidan to‘liq qoplanadi va unga stipendiya ham beriladi.
To‘liq bo‘lmagan grantda esa kontraktning 50 foizi davlat hisobidan qoplanadi, ammo talaba odatiy stipendiya olmaydi.
Grant o‘rinlari yo‘nalish, ta’lim tili, kurs va talabalar sonidan kelib chiqib taqsimlanadi.
Bu yil qayta taqsimlashda qatnashish uchun arizalar 15–20-iyul kunlari qabul qilingan edi.
Natijani bilish uchun HEMIS shaxsiy kabinetingizni tekshiring.