07:10, Oktabr 2, 2026
/
4,4 тыс

Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga qabul boshlandi

DXX Akademiyasiga o‘qishga kirish niyatida bo‘lgan nomzodlar hujjat topshirish muddatlariga qat’iy rioya qilishlari lozim.

Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni har yili 1-oktyabrdan 20-oktyabrga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Arizalar Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-sayti (my.uzbmb.uz) orqali onlayn tarzda qabul qilinadi.

Nomzodlarning yoshi ularning toifasiga qarab turlicha belgilanadi. Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun yosh chegarasi 17 dan 23 yoshgacha etib belgilangan bo‘lib, qabul yilida 17 yoshga to‘ladiganlar ham hujjat topshirishlari mumkin. Ofitserlik unvoniga ega bo‘lmagan, rezervdagi harbiy xizmatga majburlar hamda muddatli yoki kontrakt asosida xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilar 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan davrda tanlovda qatnashish huquqiga ega. O‘zbekiston OTMlarining 1-2-kurs talabalari esa 26 yoshgacha ariza berishlari mumkin, biroq ular o‘qishga qabul qilingan taqdirda ta’limni 1-kursdan boshlaydilar. Shuningdek, nomzodlarning bo‘yi 165 smdan past bo‘lmasligi va sog‘lig‘i holati harbiy xizmatga yaroqli bo‘lishi shart.

Akademiyaga qabul jarayoni uchta asosiy bosqichni qamrab oladi. Bularga dastlabki saralab olish, maxsus kasbiy tanlash hamda test sinovlari kiradi. Dastlabki saralash bosqichida talabgorlarning bilim darajasi, shaxsiy hujjatlari, psixologik va psixofiziologik xususiyatlari, sog‘lig‘i hamda jismoniy tayyorgarligi holati atroflicha o‘rganiladi.

Saralashning dastlabki bosqichida nomzodlar to‘rtta fandan test topshirishadi. Bular ona tili, tarix, matematika va chet tili fanlaridir. Mazkur test sinovlari 25-oktaybrdan 15-noyabrgacha bo‘lgan davrda o‘tkaziladi. Keyingi saralash bosqichlariga o‘tish uchun nomzod to‘plashi mumkin bo‘lgan maksimal ballning kamida 30 foizini yig‘ishi talab etiladi.

Qabul jarayonida nomzodning shaxsi va o‘tmishi ham diqqat markazida bo‘ladi. 20-noyabrdan 31-dekabrgacha nomzodning oilaviy sharoiti, jamiyatdagi faolligi, dunyoqarashi, ma’naviy-axloqiy fazilatlari va ishbilarmonlik xususiyatlari sinchiklab o‘rganiladi. Shuningdek, maxsus suhbat orqali harbiy kasbni tanlash sabablari aniqlanadi. Belgilangan maxsus talablarga javob bermaydigan nomzodlar navbatdagi bosqichga qo‘yilmaydi.

Jismoniy va tibbiy talablarga javob berish ham qabulning muhim shartlaridan biridir. Nomzodlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar, shuningdek ularning psixologik va psixofiziologik holati tekshiriladi. Jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash uchun nomzodlar 100 metrga yugurish, turnikda tortilish va 3000 metrga yugurish bo‘yicha sinovlardan o‘tishlari kerak.

Akademiyaga kirish uchun yakuniy test sinovlariga hamma ham qo‘yilmaydi. Asosiy kirish testlarida qatnashish va belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqiga faqatgina dastlabki saralab olish va maxsus kasbiy tanlash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlargina ega bo‘ladilar.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari