09:34, Aprel 8, 2026
/
216

Endi ayrim yo‘nalish talabalari dual ta’lim bilan to‘liq qamrab olinadi

7-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda oliy taʼlim muassasalarida sportni rivojlantirish ishlari ham tanqidiy koʻrib chiqildi.

Xususan, federatsiyalar bilan hamkorlik, iqtidorli talabalarga individual murabbiy biriktirish ishlari yetarli emasligi alohida tanqid etildi. Jizzax politexnika instituti, Toshkent tibbiyot universitetining Termiz filiali, Qarshi davlat texnika universiteti va Buxoro davlat universitetida talabalarning 70 foizi jismoniy normativlarni topshira olmagan. Bu esa mazkur oliygohlarda sport klublari yetarli darajada ishlamayotganini anglatadi.

Biroq yaxshi tajribalar ham mavjud. Masalan, Termiz davlat universiteti 4 ta klub tashkil qilib, 5 ming talabani 18 ta sport turiga qamrab oldi. Talabalar o‘tgan yili xalqaro musobaqalarda 18 ta medal oldi. Oliygohning voleybol va gandbol jamoalari oliy ligada, futzal va futbol jamoalari esa 1-ligada qatnashyapti. Shu munosabat bilan 207 ta oliygoh rektorlariga Termiz davlat universitetining bu boradagi ijobiy tajribasini oʻrganish, sportni rivojlantirish boʻyicha bir yillik aniq reja ishlab chiqish topshirildi.

Bundan tashqari, endi oliygoh rektori, federatsiya rahbari va hokim oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Unga koʻra, hokimlar hududdagi maktab, texnikum va boshqa sport obyektlarida darsdan tashqari vaqtda sport toʻgaraklari tashkil etish uchun shart-sharoit yaratadi.

Sport yo‘nalishidagi oliygohlarning 2- va 3-kurs talabalarining yarmini, 4-kursdagilarning esa barchasini dual ta’lim bilan qamrab olib, murabbiylik qilish uchun to‘garaklarga yuborish muhim ekani qayd etildi. Bunday talabalarga avtomatik ravishda murabbiylik sertifikati beriladi.

Talabalar haftada uch kun oliygohda o‘qisa, qolgan kunlarda o‘zi biriktirilgan maktablardagi to‘garakka borib, yoshlarni shug‘ullantiradi. Sport to‘garaklaridagi tushumning 50 foizi murabbiy talabaning o‘ziga beriladi.

Shuningdek, yig’ilish davomida yangi o‘quv yilidan Toshkent tibbiyot universitetida sport dietologi, fiziologiya, psixologiya bo‘yicha, Farmatsevtika institutida sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha mutaxassis tayyorlash boshlanishi, Olimpiya shaharchasidagi Sport tibbiyoti ilmiy markazi talabalar uchun amaliyot bazasiga aylanishi ham e’lon qilindi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari