13:34, Mart 13, 2026
/
373

Bog‘cha pedagoglari uchun dual ta’lim joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tizimi uchun yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlashni takomillashtirish maqsadida dual ta’lim shaklini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu chora Prezidentning 2025-yil 28-apreldagi PF–73-sonli “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasining muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasiga ko‘ra, maktabgacha ta’lim yo‘nalishida bakalavrlar tayyorlash tizimini xalqaro tajriba asosida yangilash ko‘zda tutilgan.

Loyihaga muvofiq, 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar dual ta’lim shaklida bakalavr darajasini olishlari mumkin bo‘ladi. Ta’lim jarayoni to‘lov-shartnoma asosida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Dual ta’lim tizimida pedagoglar haftaning bir kuni oliy ta’lim muassasasida nazariy mashg‘ulotlarda, qolgan kunlari esa maktabgacha ta’lim tashkilotida amaliy faoliyat bilan shug‘ullanadi. Bu orqali ular ish faoliyatini davom ettirgan holda oliy ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Pedagoglarni tayyorlash jarayonida quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilishi rejalashtirilmoqda:

— bolalarda zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirish
— jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish
— zarur holatlarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini rivojlantirish

Mazkur vazifalarni amalga oshirish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi zimmasiga yuklatilishi kutilmoqda.

Dual ta’limga qabul tartibi

Qaror loyihasiga ko‘ra:

— kamida uch yillik ish tajribasiga ega o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar test sinovlari orqali qabul qilinadi
— qabul parametrlari hududlardagi ehtiyojdan kelib chiqib Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi
— dual ta’limga faqat o‘sha hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar qabul qilinadi
— talabalarning amaliy faoliyati metodik jihatdan muvofiqlashtiriladi va baholanadi
— pedagoglar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda faoliyat yuritadi

Shuningdek, hukumatning ayrim qarorlariga qo‘shimchalar kiritilib, quyidagilar belgilanishi rejalashtirilmoqda:

— dual ta’lim yo‘nalishiga abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi
— bitiruvchi kurs talabalari uchun yakuniy attestatsiya bilan birga ixtiyoriy kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish imkoniyati
— pedagog kadrlar tayyorlash sifatini baholash maqsadida talabalarning bilimlarini tashqi diagnostika orqali baholash

Mazkur tartib 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari