14:07, Oktabr 5, 2026
/
3,7 тыс

DXX akademiyasiga qanday hujjat topshirish mumkin?

Avvalroq Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga hujjat topshirish boshlangani haqida xabar bergan edik. Xo‘sh, hujjatlarni qanday topshirish mumkin?

Avvalo, nomzodlar my.uzbmb.uz veb-sayti orqali so‘ralgan ma’lumotlarni to‘ldirgan holda ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. Tizimdan oldin foydalanganlar qayta ro‘yxatdan o‘tishlari shart emas, “Kirish” bo‘limi orqali tizimga ulanishlari mumkin.

Shundan so‘ng “Xizmatlar” bo‘limidan “Davlat Xavfsizlik Xizmati Akademiyasi”ni tanlash va “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosish lozim. Shundan so‘ng test topshirish hududi, test topshirish tili va chet tilini tanlash kerak. Shuningdek, harbiy xizmatni o‘tayotgan yoki o‘tamayotganlikni belgilash ham shart. Ma’lumotlar to‘ldirilgandan so‘ng, tegishli nizom bilan tanishib chiqiladi hamda oldin “Nizom talablari bilan tanishib chiqdim” tugmasi, so‘ngra “Saqlash” tugmasini bosish kerak.

Agar nomzodda chet tili sertifikati bo‘lsa, “Xalqaro sertifikat yuklash” oynasi ochiladi. Shunda u chet tili, sertifikat turi, darajasi, sertifikat seriyasi va raqami, sertifikat berilgan sanani kiritish va sertifikat faylini yuklash kerak. Keyin yana “Saqlash” tugmasi bosiladi.

Test sinovlarida ishtirok etish uchun BHM (Bazaviy hisoblash miqdori)ning yarim baravari miqdorida to‘lov qilinishi kerak. Uni istalgan onlayn to‘lov tizimlari (masalan, Payme, Click) orqali yoki bank kassalarida amalga oshirish mumkin. To‘lovni amalga oshirish uchun invoys raqami beriladi.

To‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, nomzodning arizasi qabul qilingan hisoblanadi.

Nomzodning shaxsiy ma’lumotlari Davlat personallashtirish markazidan avtomatik ravishda olinadi. Agar Sizning ma’lumotlaringiz akademiyaga topshirish uchun mos kelmasa, ekranning o‘ng taraf yuqori qismida “Siz Nizom talablariga to‘g‘ri kelmaysiz” yozuv paydo bo‘ladi.

Batafsil videoqo‘llanma👈

Ma’lumot o‘rnida, DXX akademiyasiga hujjat topshirish jarayonlari 20-oktyabrga qadar davom etadi.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari