07:35, Sentabr 10, 2026
/
792

Ehtiyojmand oilalar farzandlarini o‘qitgan tadbirkorlarga imtiyoz beriladi

Ehtiyojmand oilalar farzandlarini bepul o‘qitadigan tadbirkorlarga davlat yer uchastkalari 1 million so‘m boshlang‘ich narxda auksionga chiqariladi. Bu haqda 9-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Tadbirkorlar bog‘cha, maktab yoki texnikum tashkil etish bo‘yicha tayyor loyihalar bilan chiqishi mumkin. Buning evaziga ular ehtiyojmand oilalar farzandlariga bepul ta’lim berishi ko‘zda tutilmoqda.

Tashabbusning muhim sharti – bepul ta’lim olayotgan bolaning ota-onasi ishga joylashishi va farzandining darslarga muntazam qatnashishini ta’minlashi kerak.

Shu orqali bir vaqtning o‘zida ehtiyojmand oilalarni ish bilan ta’minlash va ularning farzandlariga sifatli ta’lim berish maqsad qilingan.

Yig‘ilishda qishloq tumanlarida ehtiyojmand oila a’zosini ishga olgan korxonalar uchun ham imtiyoz belgilandi. 1-oktyabrdan bunday xodim bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 2 foizni tashkil etadi.

Bundan tashqari, maktab, texnikum, oliygoh va boshqa tashkilotlarning bo‘sh xonalari hamda darsdan tashqari vaqtidan foydalanib, yoshlar, ayollar va ishsiz fuqarolarni kasb-hunar va tillarga o‘qitish vazifasi belgilandi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari