14:08, Fevral 25, 2026
/
414

Endi hindlar ham o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida bakalavr bo‘la oladi

Dehlida joylashgan Jamiya Milliya Islomiya markaziy universiteti (Jamia Millia Islamia ) yangi o‘quv yilidan boshlab o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyati bo‘yicha to‘rt yillik bakalavriat dasturi yo‘lga qo‘yilishini eʼlon qildi. Ushbu qaror mamlakatda o‘zbek tilini o‘qitish tarixida yangi sahifa ochadi hamda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida taʼlim sohasidagi aloqalar rivojida muhim bosqich bo‘ladi.

Jamiya Milliya Islomiya 1920-yilda tashkil etilgan va Hindistonning yetakchi universitetlaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda ushbu yirik ilmiy-taʼlim markazida minglab talabalar gumanitar va tabiiy fanlardan tortib, muhandislik, huquq, meʼmorchilik va stomatologiyagacha bo‘lgan turli yo‘nalishlarda tahsil olmoqda. Universitet Institutlarni reytinglash milliy tizimi (National Institutional Ranking Framework – NIRF) talqiniga ko‘ra, mamlakatning eng yaxshi 3 ta oliy o‘quv yurti qatoridan barqaror tarzda joy olib kelmoqda. QS World University Rankings xalqaro reytingida esa mazkur muassasa Janubiy Osiyo taʼlim markazlari orasida yetakchi o‘rinlarni egallaydi.

Ma’lumot o‘rnida, bu yerda 2004-yildan buyon O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi ko‘magida bu yerda O‘zbek tili kurslari muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirgacha universitetda o‘zbek tili bo‘yicha bir yillik sertifikat va diplom dasturlari mavjud bo‘lib, bakalavriat bosqichi talabalari o‘zbek tilini qo‘shimcha fan sifatida o‘rganish imkoniyatiga ham ega edi.

Shunday qilib, Jamiya Milliya Islomiya bakalavriat darajasida o‘zbekshunoslik bo‘yicha kompleks dasturni taklif qilgan Hindistondagi birinchi universitetga aylandi.

Bu o‘z faoliyatini Markaziy Osiyo bilan bog‘lamoqchi bo‘lgan hind yoshlari uchun keng istiqbollar ochadi va Hindistonda o‘zbek tili va madaniyatini yanada jadal targ‘ib qilish uchun kuchli turtki bo‘ladi.

Yangi o‘quv yili uchun qabul to‘g‘risidagi eʼlon universitet saytida chop etildi. Dastur o‘zbek tilini chuqur o‘rganish, mumtoz va zamonaviy adabiyot, shuningdek, O‘zbekistonning madaniy anʼanalarini chuqur tahlil qilishni o‘z ichiga oladi.

Shuni ham taʼkidlash joizki, universitetning ikkita o‘quv binosi buyuk o‘zbek olimlari va mutafakkirlarining ilmiy-maʼnaviy merosiga bo‘lgan yuksak hurmat ramzi sifatida Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino nomlari bilan ataladi.

Dastur bitiruvchilari uzoq muddatli istiqbolda Toshkent va Dehli o‘rtasidagi madaniy va iqtisodiy muloqotning asosiy vositachilari bo‘lishi kutilmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari