Endi yoshlarning xorijiy oliygohlarda o‘qishi uchun “Foundation” dasturi xarajatlari ham qoplab beriladi

10-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirish hamda talabalar uchun yangi ta’lim imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Raqamlar va ulkan maqsadlar: TOP-500 reytingi sari
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 44 foizga, talabalar soni esa qariyb 1,7 million nafarga yetdi. Quvonarlisi, hozirga kelib 2 ta milliy universitetimiz (TIQXMMI hamda OʻzMU) xalqaro reytinglarda dunyoning eng yaxshi 1000 ta oliygohi ro‘yxatiga kirishga ulgurdi.
Oldinga qo‘yilgan maqsadlar yanada yuqori. 2030-yilga qadar:
- Mamlakatimizdagi 5 ta oliygoh umumiy reyting bo‘yicha, yana 10 tasi esa fan yo‘nalishlari kesimida dunyoning eng yaxshi TOP-500 universitetlari qatoriga kiritiladi.
- Yuzlab ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
- Oliygohlarning 20 ming nafar pedagogi xorijda malaka oshiradi, bitiruvchilarning kamida 30 foizi xorijiy til va mutaxassislik bo‘yicha xalqaro sertifikatlar bilan ta’minlanadi.
Talabalar uchun “1+3”, “2+2” modellari va xarajatlarni 10 barobar qisqartirish
Endilikda talabalar bitta muassasada o’ralashib qolmasdan, integratsiyalashgan dasturlar orqali o‘qish davomida bir nechta universitetda ta’lim olish, jumladan, xorijiy standartlar asosida o‘qish imkoniga ega bo‘ladilar.
Shu maqsadda, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabini tashkil etish taklif qilindi. Talabalar ushbu maktabda Buyuk Britaniyaning yetakchi universitetlari (Norzambriya, Hartfordshir va keyinchalik Sautgempton, Glazgo kabi) dasturlari asosida o‘qiydi. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda to‘liq tan olinadigan xorijiy hamkor oliygoh diplomi beriladi.
Bu tizimning eng katta yutug‘i shundaki, talabalarning xorijda o‘qish va yashash xarajatlari 10 barobargacha qisqaradi. Masalan, hozirgi kunda Buyuk Britaniyada 4 yillik o‘qish va yashash uchun yiliga o‘rtacha 50 ming dollar xarajat ketadi. Yangi tizim orqali talaba o‘qishning ma’lum qismini (masalan, 1 yoki 2 yilini) O‘zbekistonda, Britaniya standartlari asosida o‘qib, katta mablag‘ni tejab qolishi mumkin.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyasi: “Foundation” uchun yordam
Xorijdagi nufuzli TOP universitetlarga shartli qabul qilingan, ammo o‘qishni boshlash uchun dastlabki tayyorgarlik kursi kerak bo‘lgan yoshlar uchun ajoyib imkoniyat yaratilmoqda. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi endilikda bunday iqtidorli talabalarning Oʻzbekistondagi oliygohlarda birinchi kurs yoki “Foundation” dasturida oʻqish xarajatlarini qoplab beradi. Bu yoshlarga taʼlimni o‘zimizda boshlab, keyinchalik bemalol xorijda davom ettirishlariga katta yengillik bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida, avval jamg‘arma chet eldagi oliygohlarga “shartsiz” (“Foundation dasturi bilan emas) qabul qilingan yoshlarnigina qamrab olar edi.
Toshkent xalqaro universitetlar shaharchasi va maxsus imtiyozlar
Taqdimotda yetakchi xorijiy oliygohlar joylashadigan Toshkent xalqaro universitetlar shaharchasini barpo etish taklifi ham ko‘rib chiqildi. Bunda Qatardagi “Education City”, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay xalqaro akademik shahri va Koreya Respublikasidagi Inchxon global kampusi kabi muvaffaqiyatli xalqaro tajribalardan foydalaniladi.
Universitetlar shaharchasida nafaqat zamonaviy kampuslar hamda talabalar turar joylari barpo etiladi, balki u yerga nufuzli xorijiy oliygohlar filiallarini jalb qilish uchun qator yengilliklar va davlat tomonidan maxsus imtiyozlar beriladi. Xususan:
- Xorijiy universitetlar uchun litsenziya talablari soddalashtiriladi;
- Iqtidorli talabalar uchun maxsus grant va stipendiyalar ajratiladi;
- Ta’lim muassasalariga bojxona va soliq imtiyozlari qoʻllaniladi;
- Shuningdek, royalti toʻlovlarining bir qismini qoplab berish mexanizmlari joriy qilinadi.