14:46, Yanvar 23, 2026
/
211

Eski sohadagi yangi burilish: O‘zbekistonda hunarmandlar universiteti tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumaniga tashrifi doirasida Zarqaynar koʻchasida tashkil etilgan turizm va xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi, turist va hunarmandlar bilan muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari muloqot davomida hunarmandchilikning milliyligimizni ifodalaydigan asosiy yo‘nalishlardan biri ekanligini, shu bois hunarmandlar mahsulot ishlab chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish ustuvor vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi. Buning uchun malakali kadrlar tayyorlash zarurligini e’tirof etib, hunarmandlar universitetini tashkil etish maqsadga muvofiqligini e’lon qildi.

Shu yerda davlatimiz rahbariga “Olmazor” innovatsion o‘sish hududini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-reja taqdimot qilindi.

Taqdimotda hududni fazoviy-hududiy rivojlantirish konsepsiyasi, ehtiyojlarni baholash natijalari hamda funksional zonalashtirish yechimlari ko‘rsatib o‘tildi.

Master-rejaga muvofiq, ta’lim-innovatsiya, turizm va savdo, madaniy meros, biznes hamda IT xizmatlarini qamrab olgan “rivojlanish koridorlari” shakllantiriladi.

Eski shahar atrofida Talabalar shaharchasi, universitet va texnoparklar, sog‘liqni saqlash obyektlari, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasi, Chorsu va tarixiy shahar markazini o‘z ichiga olgan turizm yo‘nalishlari o‘zaro bog‘lanadi. Shu bilan birga, shimoliy markaziy ishbilarmonlik hududida ofislar, IT-park va biznes markazlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari